06:35 / 02.06.2019
6 205

Chiroqchida xo‘rlangan ayiq: aslida voqea qanday bo‘lgan edi?

Chiroqchida xo‘rlangan ayiq: aslida voqea qanday bo‘lgan edi?
Ijtimoiy tarmoqlar orqali yovvoyi ayiqni ushlab olib, rosa do‘pposlagan o‘nlab kishilar va ulardan birining ayiqni quchoqlab turgani, yovvoyi hayvonning esa bosh qismidan qon oqib, nochor ahvolda turgani aks etgan video tarqaldi va bu keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Tarmoq foydalanuvchilarning ko‘pchiligi noroziligiga sabab bo‘lgan mazkur videotasvirda aks etgan vahshiylik insonni seskantirib, qalbini jumbushga keltiradi, deb yozmoqda O‘zA.

Aslida voqea qanday bo‘lgan edi? Mutasaddilarning bunga munosabati qanday?

O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev quyidagicha izoh bergan:
– Biz aniqlagan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqea Chiroqchi tumani Langar MFY Tutli qishlog‘ida bo‘lgan. Noma’lum sabablarga ko‘ra ayiq qishloqqa kelib qolgan. Shu hududning ichki ishlar noziri tuman ichki ishlar bo‘limidan og‘zaki ruxsat olgan hamda hududdagi ovchilardan biri bilan birga tadbir o‘tkazib, ayiqni otib tashlash orqali xavfni bartaraf qilgan.

Hozirda ayiq jasadi viloyat veterinariya bo‘limida tekshiruvda. Ular ayiq kasallanganmi, quturganmi, nima sababdan aholi maskaniga bu darajada yaqin kelganini o‘rganishmoqda. Voqea yuzasidan huquq-tartibot organlari ham surishtiruv o‘tkazmoqda.

Men masalaning yana bir tomoniga e’tibor qaratmoqchiman, qanday holat bo‘lishidan qat’i nazar mazkur qo‘ng‘ir ayiq O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur tur yurtimiz hududida bor-yo‘g‘i 250 tadan 260 tagacha bor.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 20 oktyabrdagi tegishli qaroriga binoan, noyob, yo‘q bo‘lib ketish xavfi bo‘lgan Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘iga O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi yoki yuridik shaxsi tomonidan zarar yetkazilgan bo‘lsa 100 AQSh dollari, ya’ni 840 ming so‘m miqdoridagi jarima to‘lash belgilangan.

Shu harakatni xorij fuqarosi yoki yuridik shaxs sodir etsa, 168 million so‘m miqdoridagi jarimaga tortiladi. Men tegishli tashkilotlar vakillari, qonun chiqaruvchi organlardan mana shu banddagi jarima miqdorini yanada oshirish taklifini ilgari surishlarini so‘rab qolgan bo‘lardim. Bunday holatlar boshqa qaytarilmasligini oldini olishimiz zarur, degan mutaxassis.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chiroqchida xo‘rlangan ayiq: aslida voqea qanday bo‘lgan edi?