13:26 / 13.09.2019
3 786

Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi

Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti «Psixiatriya yordami ko‘rsatish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasining 1994 yil 22 sentyabrda qabul qilingan Qonuni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga quyidagi o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritildi:

18-moddaning (Aqli rasolik) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Jinoyat sodir etish vaqtida o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan va ularni boshqara olgan shaxs aqli raso shaxsdir.

Ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etish vaqtida aqli noraso holatda bo‘lgan, ya’ni ruhiy holati surunkali yoki vaqtincha buzilganligi, aqli zaifligi yoxud ruhiy holati boshqacha tarzda buzilganligi sababli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan shaxs javobgarlikka tortilmaydi.

Aqli norasolik holatida ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsga nisbatan sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin»;

quyidagi mazmundagi 18-1-modda bilan to‘ldirildi:

«18-1-modda. Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsning javobgarligi
Jinoyat sodir etish vaqtida ruhiy holati buzilganligi tufayli o‘z harakatlarining (harakatsizligining) ahamiyatini to‘liq darajada anglay olmagan yoki ularni boshqara olmagan aqli raso shaxs javobgarlikka tortiladi.

Aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxsga nisbatan sud tomonidan jazo bilan birga tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin»;

56-modda (Jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar) birinchi qismining (Quyidagi holatlarda jinoyat sodir etish jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar deb topiladi) «j» bandidagi (yosh bola yoki ruhiy kasalligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsdan foydalangan holda) «ruhiy kasalligi» degan so‘zlar «ruhiy holatining buzilganligi» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

67-moddaning (Kasallik tufayli javobgarlikdan ozod qilish) birinchi qismi (Jinoyat sodir etgan shaxs hukm chiqarilgunga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va o‘z harakatlarini boshqara olmaydigan darajada ruhiy kasallikka chalinib qolgan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Agar jinoyat sodir etgan shaxsda hukm chiqarilguniga qadar o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatning buzilishi yuzaga kelgan bo‘lsa, u javobgarlikdan ozod qilinadi»;

75-moddaning (Kasallik yoki mehnat qobiliyatini yo‘qotish oqibatida jazodan ozod qilish) birinchi qismi (Shaxs hukm chiqarilganidan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan va boshqara olmaydigan darajada ruhiy kasallikka, shuningdek jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqacha og‘ir kasallikka chalinib qolsa, jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim) quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Hukm chiqarilganidan keyin o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxs, shuningdek jazoni o‘tashga to‘sqinlik qiladigan boshqa og‘ir kasallikka chalingan shaxs jazoni o‘tashdan ozod qilinishi lozim»;

91-moddaning (Majburlov choralarining maqsadlari) matni quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari ruhiy holati buzilgan, ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxslarga nisbatan ushbu shaxslarni davolash va ularning yangi ijtimoiy xavfli qilmishlar sodir etishining oldini olish maqsadida tayinlanishi mumkin.

Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari alkogolizmga, giyohvandlikka yoki zaharvandlikka yo‘liqqan yoxud aqli rasolikni istisno etmaydigan tarzda ruhiy holati buzilgan shaxslarga nisbatan jazolash bilan bir qatorda, davolash uchun va jazolash maqsadiga erishishga ko‘maklashuvchi sharoitlar yaratish uchun sud tomonidan tayinlanishi mumkin»;

92-moddaning matni (Tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llashning umumiy asoslari) quyidagi tahrirda bayon etildi:
«Ijtimoiy xavfli qilmishni aqli norasolik holatida sodir etgan yoki hukm chiqarilguniga qadar yoxud jazoni o‘tash vaqtida o‘z harakatlarining ahamiyatini anglay olmaydigan yoki ularni boshqara olmaydigan tarzda ruhiy holatining buzilishi yuzaga kelgan shaxsga nisbatan, agar u o‘zining ruhiy holati va sodir etgan qilmishining xususiyatiga ko‘ra jamiyat uchun xavf tug‘dirsa, sud tomonidan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanishi mumkin».

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jinoyat kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi