10:23 / 11.10.2019
2 565

Toshkent va Kiyev o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklash rejasi amalga oshmadi

Toshkent va Kiyev o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklash rejasi amalga oshmadi
Foto: Twitter/BoryspilAero
Toshkent va Ukraina poytaxti Kiyev shahri o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklash rejasi amalga oshmadi, charter reyslar tashkilotchisiga berilgan ruxsatnoma Ukraina tomonidan bekor qilindi. Bu haqda «Daryo.uz» xabar berdi.

Toshkentdan Kiyevga charter reyslarni tashkillashtirish rejasi bilan chiqqan Charter Flights Group kompaniyasi O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasidagi aviaqatnovlarni qayta tiklay olmadi.

Avvalroq «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasi 5 oktyabrdan boshlab Toshkent va Kiyev o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri charter reyslar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan edi. Parvozlar haftada bir kun — shanba kuni Airbus A320 va Boeing 757 samolyotlarida amalga oshirilishi kerak edi. Parvozlar Charter Flights Group kompaniyasi tomonidan tashkillashtirilishi kerak edi, milliy aviakompaniya samolyotlar va ekipajni taqdim etgan.

10 oktyabr, payshanba kuni Facebook’da mazkur reysga chipta sotib olgan foydalanuvchining xabari paydo bo‘lgan. Xabarda aytilishicha, parvoz bekor qilingan, tashkilotchilar esa pullarni qaytarishni boshlagan.

Charter Flights Group kompaniyasi tomonidan ma’lum qilinishicha, Ukraina tomoni bilan barcha zaruriy hujjatlar imzolangan, parvozlar jadvali tasdiqlangan, chiptalar sotuvi boshlangan. Biroq aviaqatnov boshlanishi oldidan Kiyevdan ruxsatnoma bekor qilingani haqida xabar kelgan.

Kompaniya tomonidan xabar berilishicha, ayni paytda kompaniya rahbariyati Kiyevda Ukraina aviatsiya rasmiylari bilan muzokara olib bormoqda. Kompaniya parvozlaning qayta tiklanishiga umid bildirmoqda.

MAK matbuot xizmati tomonidan xabar berilishicha, charter reyslar shartlariga ko‘ra, aviakompaniya reyslarni amalga oshirish uchun samolyotlar va ekipajni taqdim etadi, boshqa barcha masalalar charter reyslari tashkilotchisining zimmasida bo‘ladi.

Toshkent va Kiyev o‘rtasidagi doimiy aviaqatnovlar 2015 yilning may oyida ikki mamlakat aviatsiya idoralari o‘rtasida kelishuvning yo‘qligi sababli to‘xtatilgan.

2017 yilning dekabr oyida Ukraina bilan doimiy aviaqatnovlarning tiklanishi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ikki mamlakat aviatsiya idoralari delegatsiyalari muzokaralar olib borgan. Biroq O‘zbekistonning Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonlar o‘rtasida hal qilinmagan masalalar borligi, ularning hal qilinishi bilan tomonlar muzokaralarga qaytishini ma’lum qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent va Kiyev o‘rtasida aviaqatnovlarni qayta tiklash rejasi amalga oshmadi