16:50 / 12.11.2019
3 239

Advokatura instituti takomillashmoqda

Advokatura instituti takomillashmoqda
12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning “Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tabdirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkaziladi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi tomonidan tashkil etildi.

Unda Farmon talablaridan kelib chiqib advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish bo‘yicha o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Farmonda belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan o‘tgan davr mobaynida 1 ta qonun, 1 ta hukumat qarori, 5 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Farmonga asosan, advokatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda mahallalarda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga bepul ixtiyoriy yuridik yordam ko‘rsatish (pro bono) amaliyoti joriy etildi.
Advokatlik litsenziyasining amal qilishini to‘xtatib turish va tugatish sud tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

Natijada advokatlarning litsenziyasini tugatish joriy yilning birinchi yarmida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,3 baravarga (13 nafar) kamaydi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 1 ta advokat 8 250 nafar fuqaroga to‘g‘ri keladi. Bu ko‘rsatkich AQShda 256 nafar, Italiyada 260 nafar, Germaniyada 500 nafar, Ozarbayjonda 667 nafar, Gollandiyada 900 nafar, Fransiyada 1 403 nafar, Qozog‘istonda 4 000 nafar fuqaroga to‘g‘ri keladi.

Advokatlik litsenziyasini berish va advokatlik tuzilmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi. Xususan, litsenziya olish uchun talabgor faqat pasport va ariza taqdim etishi belgilandi, to‘lovmiqdori ikki baravarga kamaytirildi hamda elektron murojaat qilish imkoniyati yaratildi.

Advokat maqomini olish uchun malaka imtihonlarini Internet tarmog‘i orqali onlayn translyatsiya qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi, ushbu imtihonni takroran topshirish muddati 1 yildan 6 oyga qisqartirildi. Natijada malaka imtihoni topshirgan talabgorlar soni 374 nafarga yoki 3,3 baravarga, o‘tkazilgan malaka imtihonlari ikki baravarga (105 ta) ko‘paydi.

Tadbirkorlik sub’ektlari uchun yuridik maslahat xizmatlarini amalga oshiruvchi 30 dan ortiq yuridik firmalar tashkil etildi. Jumladan, “WHITE AND CASE” (AQSh), “DELOITTE ADVISORY” (Rossiya), “DUAN DUAN” va “Yingke Law Firm” (Xitoy) kabi dunyoning yirik yuridik kompaniyalari O‘zbekistonda o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Advokatlar tomonidan xorijiy davlatlar organlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda vakolatli organlar orqali so‘rovlar yuborish tartibi yo‘lga qo‘yildi.

Tadbirda advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holati bo‘yicha ham ma’lumot berildi.
Sud protsessiga tayyorgarlik ko‘rish uchun respublika bo‘yicha mavjud sud binolarida advokatlar uchun alohida xona ajratildi.
Advokatlarning sud binosida kompyuter, mobil va boshqa aloqa vositalaridan hech bir moneliksiz foydalanishi yo‘lga qo‘yildi.

Tergov hibsxonalari va yopiq turdagi muassasalarda advokatlar va himoya ostidagi shaxslar uchrashuvi uchun audio va videokuzatuv qurilmalari bo‘lmagan 69 ta xona qayta jihozlanib, ularda vizual ko‘rib turish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek,Advokatlar palatasining rolini oshirish borasida qilingan ishlar xususida ham to‘xtalindi.

Advokatlar palatasi huzurida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari hamda advokatlardan iborat tarkibda Advokatlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga ko‘maklashuvchi komissiya o‘z faoliyatini boshladi.
Shuningdek, Palata tarkibida Advokatlarni himoya qilish deparamenti tashkil etildi, xolislikni ta’minlash maqsadida Palata hamda uning hududiy boshqarmalarining advokatlarga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazish amaliyoti bekor qilindi.

Palata faoliyatida shaffoflikni ta’minlash maqsadida hisobotlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, muammolarni har oyda advokatlik tuzilmalari rahbarlari ishtirokida muhokama qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Hududlarga chiqqan holda 809 nafar advokatning malakasi oshirildi, “Yilning eng yaxshi advokati” va “Yilning eng yaxshi advokatlik tuzilmasi” tanlovlari o‘tkazildi.

Palata tomonidan xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Ozarbayjon, Turkiya, Rossiya Federatsiyasi, Belorussiya, Xitoy advokatlik hamjamiyatlari hamda Advokatlar xalqaro ittifoqi bilan memorandumlar imzolandi.

O‘zbekistonda avdokaturani Markaziy Osiyodagi yetakchi o‘ringa olib chiqish hamda sohaga yosh huquqshunos kadrlarni keng jalb etish maqsadida joriy yilning 25 oktyabr kuni “Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasi: O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

Palata tomonidan OSCE, USAID, UNDP, GIZ, TIKA va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan amaliy hamkorlik o‘rnatildi.
Advokatura institutini yanada rivojlantirish maqsadida olib borilayotgan ishlar davom etmoqda.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Advokatura instituti takomillashmoqda