21:20 / 08.12.2019
3 036

Qimorda o‘ynatganlar yutadi

Qimorda o‘ynatganlar yutadi
Totalizator nimaligini 2005-2006 yillarda bilganman. O‘shanda talaba edim. Kursdosh yigitlar hamma qatori futbol o‘ynash va ko‘rishga qiziqar, ba’zilari esa bu o‘yinning "jinni"si edi.

Xullas – aynan qaysi biri boshlaganini bilmayman – 2005 yilning kech kuzida kursdoshlarning qo‘lida bir to‘p qog‘oz, tilida "totalizator" degan so‘z paydo bo‘ldi. Ungacha bu narsalarga qiziqmaganim uchun ma’nosini o‘sha vaqtdagina tushunganman: turli sport o‘yinlarining natijasi qanday bo‘lishini oldindan taxmin qilib, pul tikiladigan xizmat ekan. Ochig‘i, buning qimor ekanligini boshida anglamaganman. Shuning uchun kursdoshlarim totalizator bilan shug‘ullanishni boshlaganida ularni "Bu harom" deb qaytarganimni eslolmayman.

U paytlarda Internet tanqis va qimmat matoh edi. Mobil Internet haqida hatto eshitmagandik hali. O‘zbekistonda o‘sha vaqtda totalizatorga rasman ruxsat berilgan yoki berilmaganini ham bilmayman. Toshkentda ikki joyda – "Tinchlik" metro bekatidan chiqqanda, "G‘uncha" kinoteatri qatorida va Chilonzorda, adashmasam, "Farhod" bozori atrofida totalizator ofislari bo‘lardi. Birinchisini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganman: devorlariga o‘sha paytda bizga endi kirib kelayotgan yirikroq monitorlar osib qo‘yilgan, turli xil o‘yinlar, asosan futbol o‘yinlari jonli efirda namoyish qilinar edi. (Ichkariga kirib ko‘rmaganman-u, ammo yonidan o‘tganimda ko‘zim tushgan.)

Shunday qilib kursdoshlar totalizatorga borib, o‘yinlarga pul tikishni boshladi. Talabada katta pul nima qilsin – bir emas, besh-oltita o‘yinni tanlab olishardi-da, har biriga "yutuq", "durang", "mag‘lubiyat" variantlaridan birini chamalab, 500-1000 so‘mdan tikib chiqishardi. 20 dan ortiq kursdoshim totalizatorning kunda-shundasiga aylangandi. Ammo ularning ichida faqat bittasi eng ko‘p – 2006 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati paytida 16 000 so‘m yutganini bilaman, xolos. Bu o‘sha davr talabasi uchun ancha arzirli pul edi (semestrni "3" bahoga yopgan talabalar 17 000 so‘m atrofida stipendiya olardi). Qolgan paytlarda yoki arzimagan pul yutib, tikkan pulini qaytarib olishar, yoki bor pulini yutqazib, kafangado bo‘lishardi.

Totalizatorga muntazam qatnaydigan kursdoshlar borib-borib atrofdagi holatlarga befarq, dardi-fikri o‘yinlar tahliliyu taxmini bo‘lib qoldi: har kuni o‘qishga uyqusizlikdan ko‘zi qizarib kelar, (yuqorida aytganimdek Internetga kirish hali hamma uchun bemalol bo‘lmagan paytlarda) tuni bilan qaysidir o‘yinlarni mijja qoqmay, asabiylashib ko‘rib chiqqani uchun dars paytida partaga boshini qo‘yib uxlar, keyin bo‘sh vaqt topdi deguncha yana yangi o‘yinlarning "bashorat"i bilan mashg‘ul bo‘lardi.

Birinchi kursni tuppa-tuzuk, intelligent bir ko‘rinishda boshlagan ba’zilari mana shu taxminlardan asabiylashaverib, uchinchi kursga kelib sigaret chekadigan, aroq ichadigan bo‘lib qoldi. Har kuni ertalab umidsiz kayfiyatda keladi, qaysidir o‘yinga tikkan puli atigi oxirgi 3 daqiqada urilgan "noto‘g‘ri" gol tufayli havoga uchganidan yozg‘iradi, hakam yoki biron o‘yinchini bo‘ralatib so‘kadi...

Keyin 2006 yil kuzida nimadir bo‘ldi-yu, Toshkentdagi totalizatorlar bir kunda yopildi: mish-mishlarga qaraganda qaysidir bittasida o‘yinga tikkan pulini yo‘qotgan qimorbozlardan biri katta janjal ko‘targan, amaldorlarimiz xavfsizlik yuzasidan butun tizimni taqiqlab qo‘ya qolishgan. Rasmiy taqiq esa deyarli bir yildan keyin Vazirlar Mahkamasi qarori bilan o‘rnatilgan.

Odatda, taqiqlarni yoqlamayman. Ammo ayni taqiq o‘z vaqtida, o‘z joyida qo‘yilgani yaxshi bo‘lgandi. Giyohvandga o‘xshab qolgan totalizatorchilar bu kutilmagan vaziyatdan biron oy so‘kinib, norozi bo‘lib yurdi-yu, keyin hayoti o‘z iziga tushib ketdi.

O‘sha taqiqdan 12 yil o‘tib endi prezident qarori bilan totalizatorlarga (bukmekerlik xizmatlariga) rasman ruxsat berilar ekan, "shu yo‘l bilan futbol rivojlanadi", deya izohlandi. Ammo oddiy haqiqat shuki, totalizatorlar futbolni rivojlantirmaydi, aksincha, kelishilgan o‘yinlar mojarosida asosiy aybdor bo‘ladi, uni orqaga tortadi.

Kamiga bunday qimor turining qonuniy va yengil, hammaning qo‘li yetadigan darajada ochiq bo‘lishi hali ko‘pchilikni xonavayron qilishi mumkin: jamiyatning ziyoli qatlami bo‘lgan, oq-qorani uncha-muncha tanigan talabalarning qanday ahvolga tushganini ko‘rganman; tezroq boyib ketish istagida o‘zi ichmaydigan suvni falon pulga sotib olib, baklajkaning qopqog‘ini yig‘ib yuradigan omma qay ahvolga tusharkin, omon bo‘lsak, ko‘rarmiz...

Sardor Salim aka aytganidek, totalizatorga ruxsat berilishi jamiyatimizdagi real voqelikni ko‘rsatib qo‘ygandek, go‘yo: "Elita"mizning haqiqiy mafkurasi qandaydir mo‘rt "ma’naviyat va ma’rifat" emas, ko‘chaning "Mendan keyin to‘fon bosmaydimi?" g‘oyasi ekanligi yaqqol namoyon bo‘ldi".

Totalizator qimor, qimor esa haromligi aniq. Bugun buning hukmini bilganim uchun ikkilanmay ayta olaman. Ammo "Totalizator qimor emas!" – degan e’tiqodda bo‘lsangiz ham undan uzoq yuravering. Bir narsa aniq: qimorda o‘ynaganlar emas, o‘ynatganlar yutadi.

Adham Abdulmo‘min o‘g‘li

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qimorda o‘ynatganlar yutadi