date

Manzil koloniyadan qochgan mahkum voyaga yetmagan qizga tajovuz qildi

Manzil koloniyadan qochgan mahkum voyaga yetmagan qizga tajovuz qildi

Toshkent viloyati, Ohangaron tumanida joylashgan 50-son manzil koloniyasidan qochgan mahkum voyaga yetmagan qizga nisbatan jinoyat sodir etgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 31 yoshli mahkum 16-oktyabr kuni “P.B.” korxonasida mehnat faoliyatiga jalb etilgan paytda hech kimga bildirmasdan manzilni tark etgan. Keyinchalik u 3-sinfda o‘qiyotgan qizaloqqa nisbatan jinsiy tajovuz qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, ushbu shaxs 2018-yilda Jinoyat kodeksining 118-moddasi 4-qismi — 14 yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish jinoyati bo‘yicha hukm qilingan. Uning jazo muddati 2033-yilgacha belgilangan bo‘lib, 2024-yil avgust oyida jazoning qolgan qismini o‘tash uchun manzil koloniyaga o‘tkazilgan.

Ichki ishlar Bosh boshqarmasi matbuot kotibi ma’lum qilishicha, hozirda ushbu shaxsga nisbatan yangi jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi — “jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish” bandi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, jinoyat sodir etgan shaxs mahalliy aholi yordamida daladan ushlab olingan. Qonun himoyachilari uni protsessual tartibda qo‘lga olgan va qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda tergov ishlari olib borilmoqda.

Ichki ishlar organlari hodisa bo‘yicha barcha holatlarni aniqlash ustida ishlayapti. Shu bilan birga, jinoyat qurboni bo‘lgan qizaloqning ahvoli haqida rasmiy ma’lumot hali e’lon qilinmagan.

Hodisa jamoatchilik orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘plab foydalanuvchilar jazo muassasalaridan qochish holatlariga qat’iy nazorat o‘rnatish va bunday holatlarning oldini olish zarurligini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Manzil koloniyadan qochgan mahkum voyaga yetmagan qizga tajovuz qildi