Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar foydalanuvchilarni ham hayratga, ham larzaga soldi — Yangihayot tumanida bir bola 4-qavat balkonidan tushib ketish xavfi ostida qolgan. Ammo voqea haqiqiy fojeaga aylanishidan oldin qahramonlik sodir bo‘ldi.
Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, bola 5-qavatda istiqomat qiladigan talaba yigit tomonidan qutqarib qolingan. U hech qanday himoya vositalarisiz pastga tushib, bolaning hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lgan.
Qutqaruvchi talabaning so‘zlariga ko‘ra, u 5-qavatdan 4-qavat balkoniga tushganida, bir emas — uch nafar bola bo‘lganini ko‘rgan. U vaziyatni baholab, tezkorlik bilan harakat qilgan va bolalarni xavfdan omon saqlab qolgan.
IIBBning ma’lumot berishicha, voqeadan keyin mahalla profilaktika inspektori bolalarning onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazgan. Unga bolalar xavfsizligini ta’minlash va ularni nazoratsiz qoldirmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari qahramon talabani minnatdorlik bilan yod etmoqda. Ko‘pchilik uni haqiqiy jasorat va insonparvarlik namunasi deb atadi.
Bunday fidokorlik harakati nafaqat bir bolaning hayotini saqlab qoldi, balki jamiyatga ham ahamiyatli saboq bo‘ldi — ehtiyotkorlik va insonparvarlik har qanday holatda ham eng katta kuch ekanini yana bir bor isbotladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!