date

Zangiotada eshak va qoramol suyaklari to‘la yuk mashinasi to‘xtatildi

Zangiotada eshak va qoramol suyaklari to‘la yuk mashinasi to‘xtatildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida noqonuniy ravishda hayvon suyaklari tashilayotgan navbatdagi holat fosh etildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumoticha, 3,5 tonnaga yaqin eshak va qoramol suyaklari yuk mashinasida saqlanayotgan holda qo‘lga olingan.

Tekshiruv fuqarolarning murojaatlaridan so‘ng Toshkent viloyati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi, hududiy veterinariya mutaxassislari va profilaktika inspektorlari ishtirokida o‘tkazilgan reyd davomida amalga oshirilgan. Tekshiruv paytida yuk mashinasi ichidagi qoplarga joylangan katta miqdordagi suyaklar aniqlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu suyaklar Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi chiqindixonalardan yig‘ib olib kelingan. Haydovchi o‘zining ko‘rsatmasida suyaklarni pul evaziga tashiyotganini ma’lum qilgan, ammo hech qanday veterinariya yoki sanitariya hujjatini taqdim eta olmagan.

Shu sababli topilgan suyaklar tegishli tashkilotlarga topshirilib, sanitariya qoidalariga muvofiq qayta ishlanib yo‘q qilingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati karantin tadbirlarini ta’minlash guruhi tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari asosida bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday holatlar sanitariya xavfsizligiga jiddiy tahdid soladi. Noto‘g‘ri saqlangan yoki veterinariya nazoratisiz hayvon qoldiqlari turli kasalliklar tarqalishiga sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun fuqarolarga bu kabi holatlar haqida tegishli idoralarga zudlik bilan xabar berish tavsiya etilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zangiotada eshak va qoramol suyaklari to‘la yuk mashinasi to‘xtatildi