Muhtarama, muslima singlimga nasihat!

  • Hayot tarzi
  • 14-06-2018, 17:57
  • 817
  • Муҳтарама, муслима синглимга насиҳат!
    Ey, lobar, go‘zal muslima singlim! Senga bir-ikki og‘iz nasihatim bor. Avvalo, Robbim aytganlarimga o‘zimni omil qilsin (amiyn).

    Ey, muhtarama, muslima singlim! Sen hayoli, iffatli, oqila, obida, soliha, sobira, shokira bo‘lgin. Dining senga buyurgan ishlardan g‘aflatda bo‘lma. Doim sergak tur. Shaytonga aldanib qolma. Aytmoqchi bo‘lgan gaplarimni mendan emas, 1400 yoshdan oshgan himoyaching — diningdan deb qabul qil.

    Ey, ziyrak, muslima singlim! Dining ko‘rsatmalariga ixlos ila amal qil. Yo‘qsa, seni aziz qilgan dininga noshukrlik qilgan bo‘lasan.

    Ey, mo‘’tabar, muslima singlim! Yuqorida dininga ixlos bilan amal qil, dedim. Bilasanmi, nimaga?! Sababini quyida ba’zi misollar orqali tushuntirishga harakat qilaman.

    Qadimgi Chin yurti. U yerda o‘sha vaqtlar chindan ham ayollarga juda past nazar bilan qarashar, hatto ularni odam sanashmas edi. Ayollarga ism qo‘yilmas, balki ularni raqamlar bilan chaqirishardi. Islom kelib, sening haqqingni oliy qildi. Martabangni yuksaklarga ko‘tardi. Hatto Qur’on suralari sening noming bilan nomlandi. Niso, Maryam, Mujodila. Endi sen ham seni ulug‘lagan dining nomini qanchalar e’zozlamoqdasan?!

    Ey, oqila, muslima singlim! Bir esla, oldin merosdan mahrum eding. Balki o‘zingni ham merosga qo‘shib taqsim qilar edilar. Islom kelib, merosdan senga tegishli haqqingni olib berdi. Endi sen haqqingni olib bergan haq dinga qanchalar amal qilmoqdasan?! Mazluma eding. Alloh sendan zulmni ko‘tardi. Endi sen zolimlardan bo‘lib qolma.

    Ey, mastura, muslima singlim! Bir eslab ko‘r. Tarixga nazar tashla. Seni tiriklay ko‘mdilar. Xor qildilar. Vaqtlar o‘tdi. Alloh seni oyoq osti qilganlardan ozod etib, maqomingni ko‘tarib, hamma kirishni orzu qilgan jannatni oyoqlaring ostida qildi. Seni mana shunday hurmatlagan Islomdan qanchalar boxabarsan?! O‘zingni tut. Qadringni bil. Bexabarlardan bo‘lib qolma.

    Ey, aziza, muslima singlim! Johiliyat davrida seni or, yomonlik belgisi deb bildilar. Islom esa seni dunyoga kelishingni XUShXABAR, deb atadi. Hatto bitta go‘zal tarbiya qilingan qiz ota-ona uchun do‘zaxdan qalqon, parda bo‘lishi aytildi. Senga shunday mehribonlik qilgan diningni qanchalar himoya qilmoqdasan?!

    Ey, sharafli, muslima singlim! Seni «iblisning quroli» deyishdi. Milodiy 586 yili Fransiyada o‘tkazilgan bir anjumanda «Ayol insonmi yoki inson emasmi?» degan masala muhokama qilindi. Ayollar qadri yerga urildi. Mehribon Alloh esa maqomingni osmon qadar ko‘tardi. Seni Rasuli tilida Billur idishga o‘xshatdi. Haqiqatda mana shu maqtovlarga mos va xos hayot kechiryapsanmi?!

    Ey, himmatli, muslima singlim! Sening zimmangda ulkan vazifalar bor. Arzimas ishlarga chalg‘ib qolmagin. Oldinlari «Har bir buyuk shaxs ortida himmatli ona bor», deyiladi. Mana shu hikmatga og‘ishmay amal qil. Bolalaring solih bo‘lishi uchun avvalo, o‘zing soliha bo‘l.

    Ey, obida, muslima singlim! Ibodatlarga pishiq va mustahkam bo‘l. G‘iybat, bid’atlarda emas, solih amallarda musobaqalash. Dangasalikdan sherdan qochgandek qoch. Go‘zal sifatlarda Xadicha roziyallohu anho, Oisha roziyallohu anho, Fotima roziyallohu anho va Robiya onalarimiz kabi bo‘lishga harakat qil. Ularga muhabbat qo‘y. Shoyadki Alloh seni jannatda ularga qo‘shni qilsa.

    Ey, dono, muslima singlim! To‘g‘ri, sendan payg‘ambar chiqmadi. Lekin xafa bo‘lma. Payg‘ambarlarni ham onalar dunyoga keltirgan-ku?! Senga faxr jihatidan shuning o‘zi kifoya.

    Ey, muslima singlim! Hammamiz islohni o‘zimizdan boshlaylik. Shunda jamiyat ham o‘z-o‘zidan yanada tinch va go‘zal bo‘ladi. Bu yo‘lda charchama. Allohning O‘zi yengillik bersin. Amiyn.
    Andijon shahar «Hazrati Bilol» jome’
    masjidi imom-xatibi Ravshanbek O‘rinboyev

    Manba: muslimun.uz

    » » Muhtarama, muslima singlimga nasihat!
    Яндекс.Метрика