14:33 / 08.08.2017
4 441

Jahon madaniyati markaziga aylanish uchun shahdam qadam

Jahon madaniyati markaziga aylanish uchun shahdam qadam
Kuni kecha Prezidentimiz “jamiyat tafakkurining egalari” deya ta’riflangan, mamlakatimizning ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda ko‘tarilgan masalalar va ularning echimi bo‘yicha bildirilgan taklif va tavsiyalar asosidatom ma’noda O‘zbekistonning Jahon madaniyati markaziga aylanishi uchun shahdam qadam tashlandi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Gapning ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, yig‘ilishda bildirilgan fikrlar mamlakatimizdagi barcha ziyolilar, millat kelajagi, uning ma’naviy barkamolligi uchun tashvishda bo‘lganlarning yurak-yuragidagi gap bo‘ldi.

Videoselektor tarzida o‘tkazilgan yig‘ilish ma’lumotlari bilan tanishar ekansiz, Prezidentimizning saylovoldi dasturida belgilangan vaziflarning ijrosi naqadar shiddat bilan amalga oshirilayotganligiga amin bo‘lasiz. Xususan, ushbu anjumanda o‘rtaga tashlangan bir qator g‘oyalar 2016 yil 19 oktyabrda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining VIII s’ezdidagi saylovoldi ma’ruzasida ham bildirilgan edi. Shulardan birginasiga to‘xtalsam, ya’ni, ana shu s’ezdda Prezidentimiz shunday degan edilar: “...yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga, ularni kitob bilan do‘st bo‘lishga, aholining kitobxonlik saviyasini yanada oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Buning uchun, avvalo, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng sara namunalarini ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish va ularni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor berishimiz muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ana shu fikrlar bilan oshno bo‘lib turganimizda, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichning“Kitob mahsulotlarini chop etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ibot qilish bo‘yicha komissiya tuzish to‘g‘risida”(2017 yil 12 yanvar)gi farmoyishi e’lon qilindi.

Oradan bir necha oy o‘tib-o‘tmasdan, bugun yana shu masalaga qaytilgani, kitob, kitobxonlik madaniyatining jamiyat ma’naviy hayotidagi o‘rni va roli naqadar muhim ekanligidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, olimlar, ziyolilar, mamlakat va millat kelajagi uchun chuqur qayg‘urganlarni yaqin-yaqingacha bir narsa qiynab kelardi: nega yoshlarimiz, umuman, fuqarolarimiz o‘rtasida kitobxonlik madaniyati pasayib ketdi, nima uchun erdan ko‘kka ko‘taradigan, bizni barkamollik sari etaklaydigan, insonlar qalbiga yorug‘lik va iliqlik kiritadigan, oq bilan qora, yaxshilik bilan yomonlik, vayronkorlik bilan bunyodkorlikning farqini ongli ravishda anglatishga yordam beradigan, insoniyat tomonidan yaratilgan eng noyob kashfiyot – kitobning qadri tushib ketmoqda? Ne sababdan ayrimlar kitob o‘qiganlarni zamondan orqada qolayotganlar qatoriga qo‘shib qo‘ymoqda?

Ushbu savollarga Prezidentimizning fikrlari aynan javob bo‘ldi. Ya’ni, “Biz bugun kitobxonlik madaniyatini oshirish, ilmiy, badiiy, siyosiy adabiyotlarni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor beryapmiz. Ammo bu ishlarni har tomonlama puxta o‘ylab amalga oshirishimiz, boshlagan olijanob harakatimizni obro‘sizlantirishga yo‘l qo‘ymasligimiz shart”.

To‘g‘ri, yig‘ilishda tanqidiy-tahlillarga asoslangan holda, hozirgi kunda madaniyat va san’at ahlida faollik, yangi-yangi ijodiy g‘oya va tashabbuslar bilan yashash, izlanish ruhi etishmayotganini ta’kidlab o‘tdi. Ayniqsa, bugungi kunda ziyolilar davrasida yengil-elpi kitoblar, sayoz, oldi-qochdi gazeta-jurnallar, tele-radio stansiyalar ko‘payib borayotgani to‘g‘risida haqli e’tirozlar bo‘ldi.

Shulardan kelib chiqib, O`zLiDeP vakillari oldida turgan yana bir muhim masala ham oydinlashdi. Ya’ni ayni paytda yurtimizda turli mulk shakliga ega bo‘lgan ommaviy axborot vositalari milliy g‘oyamizni rivojlantirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilayotganligini keng tahlil etish, ayniqsa, xususiy nashriyotlarning bu boradagi faoliyatini tanqidiy o‘rganib chiqish orqali mavjud muammolarni qonuniy asosda hal qilish bo‘yicha amaliy takliflar yaratishimiz lozim.

Zero, O`zLiDePning saylovoldi platformasida partiya nodavlat bosma nashrlar, tele-radio kanallar faoliyatini kuchaytirish, ularning internet global tarmog‘iga kirishi uchun harakat qilishi, shuningdek, bosma OAV mahsulotlarini tarqatish sohasida raqobatni rivojlantirishga, davriy matbuot mahsulotlarining chakana savdo tarmoqlarini kengaytirishga alohida ahamiyat berishini belgilangan edi.

Muallif: Islom Zokirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O`zLiDeP fraksiyasi a’zosi

Manba: 1news.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Jahon madaniyati markaziga aylanish uchun shahdam qadam