11:37 / 21.10.2019
6 980

Bahora Arslonova: “Tarixiy rollarni o‘ynash - eng katta orzuyim”

Bahora Arslonova: “Tarixiy rollarni o‘ynash - eng katta orzuyim”
Aktrisa Bahora Arslonova kino olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotgan yosh aktrisalarimizdan biri sanaladi. Uning san’atga kirib kelishi, ijro etayotgan rollari, ijodiy faoliyati, hayot tarzi va hayotiy qarashlari haqidagi suhbatimizni Sizlarga havola qilamiz.

- Birinchi savolim ozgina noo‘rin bo‘ladi, lekin biribir aytilishi kerak, Hoshim Arslonovning kimi bo‘lasiz, qizimi, jiyanimi?
- Hoshim Arslonov ustozim bo‘ladilar, aytishadiku “ustoz otangday ulug‘”, deb. Biz ko‘pgina kinolarda birga o‘ynaganmiz, ota -qiz rolini ham ijro etganmiz, shuning uchun ko‘pchilik o‘ylashadi: Hoshim Arslonov Bahora Arslonovaning otasi. Yo‘q bunday emas. Ustozim judayam yaxshi inson, sahnaga qadam qo‘yishimga oz bo‘lsada hissasi bor, qanday kitoblar o‘qishim kerak, obrazga qanday kirishish kerak bular haqida juda ko‘p maslahatlar berganlar. O‘sha uchun ulardan juda minnatdorman.

- Shu kunlarda talabgor aktrisalardan birisiz...
- Bilmadim, kastinglarga boramiz, tanlashadi. Kastingdan o‘tolmasak ham xafa bo‘lmaymiz, chunki bizdan keyin kelayotgan avlod bor, ulargayam yo‘lni ochish kerak. Kastinglardan o‘z kuchimiz bilan o‘tganmiz, ular ham o‘z kuchi bilan o‘tishini istaymiz. Nega bunday deyapman, chunki ko‘pincha kastingga boramiz, ayrim kastinglar kasting emasdek tuyuladi odamga, qanaqadir nosamimiylik bor. Bilasizmi nima, shu san’at ichida bo‘lsam ham meni kastingga chaqirishadigan bo‘lishsa 3-4 kun oldindan harakat qilaman, mehnat qilaman, o‘sha rolni o‘qib chiqaman, ustida ishlayman.
Kastingga borganimdan keyin, eng alam qiladigan narsasi, gohida o‘qigan, iqtidorli insonlar emas, o‘qimaganlar o‘tadida. Agar tanlangan odam iqtidorli bo‘lsa alam qilmaydi, lekin iqtidordan ko‘z yumishsa qalbingiz og‘riydi. Albatta bu inson men bo‘lishim kerak, demoqchi emasman, san’atni biladigan, tushunadigan, shu sohada o‘qigan odam bo‘lishi kerak, degan fikrdaman.

- O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Zuhra Ashurova “qo‘g‘irchoqlarni jonlantirishdan charchadim” degandi, suhbatlarini birida. To‘g‘ri yangi qiyofalar kashf etilishi kerak, ammo u iste’dodli bo‘lishi shart. Muxlislarimizdan biri sizga savol yo‘llagan “Fidoyilar” serialida shifokor rolini o‘ynagansiz, o‘shanda qishloqqa borganingizda noqulay vaziyatlarda qolgansiz, ya’ni siz o‘ynagan qahramon qolgan. Qanday qilib bu rolni tanlagansiz, qiz bolasiz gap-so‘zlardan qo‘rqmagansizmi?
- Katta san’atga, umuman kino olamiga kirib kelishim “Fidoyilar” seriali bilan boshlangan. Serialda Shoiraxon obrazini ijro etganman, 19 yosh bo‘lib 27-28 yoshli, shifokor qiz rolini ijro etganman. To‘g‘risi, bir oz qiyin bo‘lgan o‘zimdan katta qiz rolini o‘ynash. Kasalxonalarga borib, shifokorlarni kuzatganman, ular bilan suhbatlashganman. O‘zimni kasallikka solganman hatto.
Chunki, ularning ko‘z qarashi qanaqa, bemorga qanday qaraydi, qanday muomila qiladi, buni o‘rganishim kerak edi. Syomka jarayonlariga kelsak, hatto rejissyordan baqirishlar ham eshitganman, yig‘lagan vaqtlarim ham bo‘lgan (kuladi). Serial rejissyori Abduxalil Mignorovga “men chiqarib berolmayman, men san’at yo‘lini noto‘g‘ri tanladim, shekilli”, degan vaqtlarim ham bo‘lgan. Lekin bari yaxshilikka bo‘lgan. Ustoz shogirdida qobiliyat borligini bilsa talab qilaverar ekan, buni vaqtlar o‘tib anglab borayapman.

- Sir bo‘lmasa qancha gonorar olgansiz o‘sha serialdan.
- Judayam kam olganman, keling aytmay qo‘yaqolay.

- Mayli. Ijobiy rolni ijro etish osonroqmi, salbiy rolnimi?
- Salbiy rolni ijro etish judayam qiyin, san’atda o‘qiganlar buni yaxshi biladi. Salbiy rol sizning xarakteringizga qarama-qarshi rol-da. Salbiy rolni hamma ham o‘ynolmaydi. Salbiy rolni maromiga yetkazib ijro etadigan Shodiya To‘xtayevani juda ham hurmat qilaman, me’yoriga yetkazib o‘ynaydi. Salbiy rolni ijro etishda me’yorni oshirib yuborishingiz ham kerak emas, bu eng katta talab. Salbiy rolni shunaqa o‘ynashingiz kerakki, ana shu rolni tomoshabin yaxshi ko‘rib qolishi kerak. Menga “Yodgor” serialida salbiy rol - opasini ko‘rolmaydigan qizni berishgan, lekin tomoshabin meni yaxshi ko‘rib qolgan, chunki ko‘zim sotib qo‘yganda meni (kuladi).

- “101- reys” filmi haqida ham gapirib bering, bu kinoda Hoshim Arslonov bilan birga rol ijro etdingiz.
- Bu filmda Hoshim Arslonov bosh rolni ijro etdilar, men bundan judayam xursandman. Bosh qahramon deganda, biz odatda yosh qiz yoki o‘g‘il bolani ko‘z oldimizga keltiramiz, lekin bu filmda boshqacha. Chet el filmlarini ko‘radigan bo‘lsangiz asosiy qahramonlar yoshi kattalar bo‘ladi, chunki ular hayotiy tajribaga ega. Lola Eltoyeva ham bu filmda suratga tushdi, men bundan judayam xursandman, men ularning orqasidan “qochib qoool” deb o‘tib ketsam ham mayli (kulgu bo‘ladi). Orqasida fon bo‘lib tursam ham mayli. Ustoz san’atkorlar bilan shunday filmda birga rol ijro etish, bu -baxt.

- Raqobatchilaringiz kim?
- San’at institutini endi tugatayotgan qizlar mening raqobatchilarim, chunki ular yangiliklarga, yangi jarayonlarga tayyor, san’atni sevadigan, o‘z ustida ishlayotgan, to‘xtab qolmagan yoshlar.

- Qoraqalpog‘istonlik muxlisimizning savoli: kinolarda, seriallarda o‘zingiz yig‘laysizmi yoki sun’iy dorilar yordamida yig‘latishadimi?
- Yurak ishlasa yig‘i o‘z-o‘zidan keladi. Qayerda yig‘i kelishi esa yurakning ishlashiga bog‘liq.

- Bahora o‘tgan yili turmushga chiqdingiz, qaysi viloyatga? Asli Qashqadaryolik ekanligingizni bilamiz.
- To‘g‘ri, asli Qashqadaryolikmiz, lekin Toshkentda katta bo‘lganmiz, shu yerda maktabga, kollejga, institutga bordik. Samarqandga kelin bo‘ldim. To‘g‘risini aytsam, Samarqandni juda yaxshi ko‘rardim. Adolatsizlikka uchrasam, ishlarim yurishmay qolganda ham Samarqandga borardim, tarixiy obidalarni ziyorat qilardim va u yerdan har doim yana asl Bahoraga aylanib qaytganman.

- Bahora juda sodda, samimiy va yoqimtoysiz. Odamlar xislatlarini ota onasidan olishadi. Otangizdan va onangizdan olgan ikkita yaxshi fazilatingiz haqida aytolasizmi?
- Masalan, dadam haqiqatni odamni yuziga aytadi, men ham haqiqatni joyida aytishni ma’qul ko‘raman, bu dadamdan o‘tgan, keyin sal o‘yquchiroqman, bu ham dadamdan o‘tgan (kuladi). Onam bir joyga chaqirilganda, birovga va’da berganda vaqtida bajarishni, vaqtida borishni ko‘p o‘qtirardi, bu xislatim onamdan o‘tgan.

- To‘g‘ri bugungi uchrashuvimizga vaqtida keldingiz, demak bu onangizdan o‘tgan. Bahora, yana bir muxlisimizning savoli: qanday rolni ijro etishni xohlardingiz?
- To‘g‘risi hali o‘zim xohlagan rolni ijro etganim yo‘q. Men tariximizni juda yaxshi ko‘raman, tarixiy obrazlarni- Bibixonim, Xonzodabegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Zulfiya rollarini ijro etishni xohlar edim... lekin.... Kastinglarga bordim- Zulfiya, Nodirabegim rollari uchun, lekin san’atdagi qizlarni olishgani yo‘q. Nodirabegimga kliplarda suratga tushib yurgan qizni olishdi, endi bilmadim, balki u to‘g‘ri kelgandir shu rolga. Biz san’atkorlar orzu qilamiz, mana shunday rollarni o‘ynashni.
Masalan, men 9 yil o‘qidim san’at institutida, nima uchun o‘qidim?! Men boshqa rollarni kamsitmoqchi emasman, ular ham hayotiy rollar, lekin tarixiy rollarni o‘ynash ko‘pgina aktyor, aktrisalarni, shu jumladan mening orzuim. Qolaversa, bu rollarni ijro etishdan oldin tarixiy ayollarning hayotini, nima ishlar qilganligini bilish kerak, tarixni o‘qish kerak, obrazni ishonarli qilib gavdalantirish uchun san’at institutida olgan bilimi ham kerak, menimcha. San’at institutiga kirgan har bitta talaba bu asarlarni o‘qiydi, rollarini ijro etadi, monologlarni o‘qiydi.

- Bahora hali bu orzularingizni amalga oshirishga vaqt bor. Chunki bizda Bibixonim, Xonzodabegim, Tumarislar bor va bu asarlar katta-katta sahna asarlari, filmlar bo‘lishi kerak hamda bu rollarni ijro etadigan iste’dodli, bilimli aktrisalar zarur. Bahora iqtidorli aktyorni kim kashf etadi, rejissyormi yoki aktyormi?
- Aktyor plastilin bo‘lishi kerak, rejissyor uni sekin-sekinlik bilan yasaydi. Aytmoqchi bo‘lganim, rejissyorda ham aktyorda ham qobiliyat bo‘lishi kerak. Ana o‘shanda bir bo‘lib, butun dunyoni egallashi mumkin.

- Endi qisqa savollar beraman, siz yoqtirgan taom, rang va musiqa.
- Hamma o‘zbek taomlarini yaxshi ko‘raman, ranglarni ham hammasi yoqadi, chunki har biri kayfiyatingizni qay darajadadir ifodalaydi, musiqadan- sokin musiqalarni tinglashni yaxshi ko‘raman.

- Oxirgi marta qachon yig‘ladingiz?
- Ikki kun bo‘ldi.

- Tongda sizni o‘yg‘otadigan samimiy qo‘ng‘iroq egasi kim?
- Hech kim o‘yg‘otmaydi, Azon ovozidan uyg‘onaman.

- Bizning suhbatdoshimiz Bahora Arslonova edi. Orzuingizdagi filmlar, orzuingizdagi qahramonlar haqida gapirdingiz, albatta istaklaringiz amalga oshadi, chunki istaklar moddiyatga aylanadi. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
K.Pardayeva suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bahora Arslonova: “Tarixiy rollarni o‘ynash - eng katta orzuyim”