22:06 / 17.01.2020
4 380

Muhammadsoli Yusupov: «Jamoada tarafkashlik, kamsitish kuchayib ketdi»

Muhammadsoli Yusupov: «Jamoada tarafkashlik, kamsitish kuchayib ketdi»
Foto: O‘zA
O‘zA O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, «E’tirof» milliy mukofoti laureati Muhammadsoli Yusupov bilan intervyu uyushtirdi. Aktyor intervyu davomida san’atga kirib kelishi, teatrdagi faoliyati, hozirgi kunda o‘zbek teatrlarida kuzatilayotgan muammolar haqida so‘z yuritdi.

– Xalqimiz sizni «Qo‘chqor aka» obrazi orqali yaxshi taniydi. Hazil-mutoyibalaringiz ham o‘ziga xos. Teatr qanday qilib sizni taqdiringizga aylandi?
– Bolaligimdan san’atga qiziqqanman. Toshkent davlat teatr va rassomlik san’ati instituti (hozirgi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti)ni tamomlab shu oliygohda yoshlarga aktyorlik mahoratidan saboq berdim. Harbiy xizmatdan qaytgach menga institut rahbari «Bu yerda ishlashingiz yaxshi, lekin teatr changini yutmay, his etmay turib yoshlarga saboq berish, namuna bo‘lish haqiqatga to‘g‘ri keladimi? Bir o‘ylab ko‘ring, siz uchun eshigimiz hamisha ochiq», dedi. Ularning taklifida jon bor edi. O‘sha paytda juda mashhur bo‘lgan O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov rahbarligidagi «Yosh gvardiya» teatrida ishlashni maqsad qilib, Farg‘onadagi yaqinlarim oldiga keldim.

Yo‘l-yo‘lakay ustozlar, hamkasblarni yo‘qlash maqsadida Yusufjon qiziq Shakarjonov nomidagi viloyat teatriga kirdim. Bu yerda ustoz san’atkor O‘zbekiston xalq artisti Zunnun Madaliyev mendan hech narsani so‘ramay, to‘g‘ri teatr direktori oldiga boshlab kirdi. Bir zumda ishga kirdim, uy-joy beriladigan bo‘ldi. Chunki poytaxtda to‘qqiz yil yashagan bo‘lsam-da, uy-joy masalasi hal etilmay kelayotgan edi. Viloyat teatrida ishlab o‘zimizga xos bo‘lgan sahna asarlar, obrazlar yaratib ko‘pning e’tiborini qozondim.

Ayniqsa, «Temir xotin» spektaklida Qo‘chqor, «Toshkentga sayohat»da Asanboy, «Amir Temur va To‘xtamishxon» spektaklida To‘xtamishxon roli meni juda ham mashhur qildi. Bir necha bor nufuzli milliy va xalqaro tanlovlar g‘olibi bo‘ldik. Bu yutuqlar o‘z-o‘zidan kelib qolgani yo‘q. Hamma bir maqsad yo‘lida izlandi, ijod qildi. Teatrda bosh rejissyor sifatida ham uzoq yillar ishlab, ko‘plab elimizga manzur bo‘ladigan sahna asarlarini yaratdik. Teatrni hech qachon tashlab ketib bo‘lmaydi. Taqdirim, hayotim shu dargoh bilan bog‘langan.

– Bugungi kunda Farg‘ona viloyati musiqali drama teatrida tomoshabinni o‘ziga tortadigan spektakllar yaratilmayapti. Buning asosiy sabablari nimada?
– Teatr avvalo ijodkorlar, ijodiy hamkorlar uyi. Shunday ekan, undan ana shu ezgu maqsad yo‘lida foydalanish zarur. To‘g‘risi, viloyat teatrining bugungi holati juda quvonarli emas, reytingi ancha tushib ketdi.

Teatr ostonasiga qadam qo‘ygan kishi hayotda uchrab turgan har qanday gina-kudurat, g‘arazlarni unutishi zarur. Qalbi toza bo‘lgan odamgina elga manzur bo‘lgulik asar, obrazlarni yarata oladi. E’tirof etish kerak, Respublika hukumatining amaliy yordami, xayrixohligi tufayli Farg‘onada muhtasham teatr— konsert saroyi qurib berildi. Maqsad elga manzur, har jihatdan mukammal bo‘lgan asarlar yaratish, iqtidorli yoshlarni kashf etish, qo‘llab-quvvatlash. Haqli savol tug‘iladi, shunga munosib asarlar yaratilyaptimi? Afsuski, bu borada maqtana olmaymiz.

Teatrda sahnalashtirilgan har bir spektakl targ‘ibot-tashviqotga muhtoj. O‘ylab ko‘ring, oddiy afishasi bo‘lmagan teatrni kim taniydi? Kim uning faoliyat ko‘lamini targ‘ib etadi? Hozirda otaxon teatrda ko‘pga manzur bo‘ladigan asarlar yaratilmayapti. Lekin ularning targ‘iboti ham kerak-da. Teatrning kundalik hayot tarzidan uzoq bo‘lgan tomoshabin bu yerga kelmaydi. Zero tomoshabinning didi, talabi hamisha birinchi o‘rinda turadi. Shu bois unga mos bo‘lgan sahna asarlar, obrazlar yaratish bugungi kundagi dolzarb masaladir. Bir xil qolipda, hayot tarzimizda kunora uchrab turgan turmush tashvishlari, muammolar orqali tomoshabin mehrini qozonib bo‘lmaydi.

(Afsuski, bu qolipdan chiqib ketish oson bo‘lmayapti) Bugungi tomoshabinga yangicha qarash, tafakkur, fikrlashga undovchi sahna, kino asarlari kerak. Buning uchun imkoniyat, shart-sharoitlar yetarli, faqat izlanish, ijodiy hamjihatlik, raqobat bo‘lishi muhim. Bu fikrlarni viloyat teatrida ishlamayotganim, kimnidir aybdor qilish uchun aytayotganim yo‘q. Bu barcha san’atkor, teatr va kino sohasida ijod qilayotgan kishilarni qiynab kelayotgan masaladir. Chunki odamlar teatrga dam olish, ma’naviy ozuqa olish uchun keladi. Teatr o‘rindiqlarini kimlarnidir aralashuvi asosida majburan to‘ldirish kerak emas.

– Yuqorida teatrda ishlamayapman, deb aytdingiz. Ijtimoiy tarmoqlarda ham sizning teatrdan ketganingiz haqida turli xabarlar tarqaldi. Ayting-chi, nega teatrdan ishdan ketdingiz?
– Ha, 2018 yilda teatrdan ketdim. Sababi u yerdagi muhit, sharoit to‘g‘ri kelmay qoldi. Jamoada tarafkashlik, kamsitish kuchayib ketdi. Muhimi, biz ularga to‘g‘ri kelmay qoldik. Men bilan mehnat shartnomasi tuzilmadi. Turli bahonalar bilan meni ishlagani qo‘yishmadi. Viloyat teatrida atmosfera buzilgan bo‘lib, ishchilarni nohaq bo‘shatish jarayoni boshlangan edi. Men bosh rejissyor bo‘lganim uchun ham bunga qattiq qarshilik qildim. Bir ayolni ham shunday yo‘l bilan ishdan bo‘shatib yuborishdi. Ammo bu ayol teatrdagi ko‘plab qing‘ir ishlarni ochib tashladi, moliyaviy kamchiliklar fosh bo‘ldi. Rahbarlar bu ishi uchun javob ham berdi.

Kerak bo‘lmagandan keyin nima qilaman ishlab. Mehnat shartnomasi tuzilmaganidan keyin ketishga majbur bo‘ldim.

– Ijodkor hech qachon tinch o‘tira olmaydi. Bugun qanday ishlar bilan mashg‘ulsiz?
– Ayni kunda Farg‘ona shahridagi ixtisoslashgan san’at maktabida «Aktyorlik san’ati» kafedrasida yoshlarga saboq beryapman. Bugun viloyatda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 4 ta teatrda ijod qilayotganlarning asosini mana shu maktab o‘quvchi yoshlari tashkil etadi. O‘z vaqtida Toshkentdan kelib tahsil olib, mahoratini oshirgan yoshlar ham bor. Shu bilan birga, maktab qoshida «Ijod» teatr studiyasi tashkil etganmiz.

Teatr studiyasida aktyorlik san’ati yo‘nalishida tahsil olayotgan va bu sohaga qiziqqan yoshlar amaliyot darslarini o‘taydi, sahna asarlari, konsert dasturlari tayyorlaydi. «Ijod» teatr studiyasi xo‘jalik hisobida ish olib boradi. Uning repertuari rang-barang. Mumtoz va zamonaviy, turli millat vakillarining o‘ziga xos madaniyati, hayot tarzini ko‘rsatib beruvchi spektakl, sara kuy-qo‘shiqlar, raqslar guldastasini tomoshabinlarga o‘ziga xos tarzda yetkazib berishga harakat qilyapmiz. E’tiborli jihati, ijodiy faoliyatimizga qiziqqan muxlislar safi kundan kunga oshib bormoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimiz tomonidan ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilgari surgan 5 ta muhim tashabbusning birinchisida yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirish, iste’dodni yuzaga chiqarish muhim omil sifatida ko‘rsatib o‘tilgan. Shu bois viloyatning barcha hududlari bo‘ylab ijodiy safarlar uyushtiryapmiz, odamlar ichiga kirib boryapmiz. Bu odamlarni o‘zimiz bilan ergashtirib teatrga olib kirish imkoniyatini beradi. Chunki odamlar teatrdan qochgan, ularni qaytarish uchun mehnat, ijod qilish kerak.

Teatr studiyasi ijodiy jamoasi bilan yangi sahna asari tayyorlanyapti. «Qarg‘alar uchsa qaraylik...», «Tabassum qil», «O‘tkir shoxli buqacha» nomli asarlarni sahnalashtirdik. Bundan tashqari, Abdulla Qodiriyning «Kalvak Mahzum xotiralari», «Toshpo‘lat tajang nima deydi« asarlarini taniqli ijodkor Anvar Obidjon bilan hamkorlikda yangicha talqin va ko‘rinishda sahnalashtirishni maqsad qilib turibmiz.

– Kino sohasida ham yaxshi obrazlar yaratgansiz. Biroq keyingi paytlarda filmlarda ham kamroq ko‘rinyapsiz...
– Avvalo meni tomoshabinga tanitgan ham, hurmat-obro‘ olib bergan ham teatr. Kinoda ham ko‘plab rollarni ijro etdim. Mashhur «Bomba» filmida Xolmat aka rolida o‘ynaganman. Yaqinda «Azadagi to‘y» filmida ham suratga tushdim. Bugungi kunda seriallarga ham taklif etishyapti. Ijoddan sira to‘xtaganim yo‘q.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Muhammadsoli Yusupov: «Jamoada tarafkashlik, kamsitish kuchayib ketdi»