O‘zbekistonda keng qamrovli media haftalik loyihasi rasman boshlandi

Global axborot maydonidagi tezkor o‘zgarishlar, ijtimoiy tarmoqlar taʼsirining ortishi hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarining jadal rivojlanishi bugungi media sohasi vakillaridan mutlaqo yangicha fikrlash va ishlash uslubini talab etmoqda. Ayniqsa, feyk xabarlar oqimining kuchayishi jurnalistlar, blogerlar va matbuot kotiblari zimmasiga katta masʼuliyat yuklamoqda.
Aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda yurtimizda yilning eng yirik taʼlimiy va amaliy loyihalaridan biri — «Media haftalik» start oldi. Ushbu tashabbus jurnalistlar, blogerlar va axborot xizmati xodimlarini yagona platformada jamlab, ularning bilim va ko‘nikmalarini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan.
Kontent markazi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha butun respublika bo‘ylab qariyb 12,5 ming ishtirokchini qamrab olishi kutilmoqda. Loyiha doirasida 30 martdan 26 iyunga qadar barcha hududlarda 5 kunlik intensiv o‘quv-seminarlar va mahorat darslari tashkil etiladi.
Dasturning eng muhim jihati — nazariya va amaliyot uyg‘unligi. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar faqat nazariy bilim bilan cheklanib qolmay, balki real keyslar asosida ishlash, xatolarni tahlil qilish va zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Treninglarda mamlakatning yetakchi media-ekspertlari, muharrirlar va prodyuserlar ishtirok etib, kontent yaratish, faktcheking, raqamli gigiyena, SMM va strategik kommunikatsiyalar kabi dolzarb mavzular bo‘yicha amaliy saboqlar o‘tadi.
Mashg‘ulotlar turli yo‘nalishlarda — telejurnalistika, bosma nashrlar, blogerlik faoliyati va davlat idoralari matbuot xizmatlari uchun alohida tarzda tashkil etiladi. Kurslarni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar taqdim etiladi.
Loyihaning ilk bosqichi 30 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida start oladi. Keyingi bosqichlar esa mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. Har bir hududda haftalik yakunida keng qamrovli Media forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Media haftalik quyidagi sanalarda hududlar kesimida tashkil etiladi:
• 30 mart – 03 aprel: Qoraqalpog‘iston Respublikasida;
• 6 aprel – 10 aprel: Xorazm viloyatida;
• 13 aprel – 17 aprel: Surxondaryo viloyatida;
• 20 aprel – 24 aprel: Qashqadaryo viloyatida;
• 27 aprel – 1 may: Samarqand viloyatida;
• 4 may – 8 may: Navoiy viloyatida;
• 11 may – 15 may: Buxoro viloyatida;
• 18 may – 22 may: Farg‘ona viloyatida;
• 25 may – 29 may: Namangan viloyatida;
• 1 iyun – 5 iyun: Andijon viloyatida;
• 8 iyun – 12 iyun: Jizzax viloyatida;
• 15 iyun – 19 iyun: Sirdaryo viloyatida;
• 22 iyun – 26 iyun: Toshkent viloyati va Toshkent shahrida.
Shu tariqa, «Media haftalik» nafaqat bilim almashish maydoni, balki media sohasida yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga xizmat qiladigan muhim platformaga aylanishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!