11:18 / 21.12.2017
11 513

Moliya vaziri: «Inflyatsiya darajasi bu yil ham, kelasi yil ham yuqori bo‘ladi»

Moliya vaziri: «Inflyatsiya darajasi bu yil ham, kelasi yil ham yuqori bo‘ladi»
O‘zbekistonda joriy yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi taxminan 14 foiz, 2018 yilda — 12—13 foiz bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bu haqda Oliy Majlis Senatining 20 dekabr, chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan 13-yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari, moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov ma’lum qildi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga tayanib «Daryo» xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev mansabdor shaxslarga real statistik ko‘rsatkichlarni ma’lum qilishni va kutilayotgan inflyatsiya darajasi haqida ochiq gapirishni topshirgan.

«Ochiq gapiradigan bo‘lsak, ushbu minbarlarda turib ba’zi raqamlarni ma’lum qilganimizda, ko‘pchilik odamlar ichida kulib qo‘ygan holatlar ham bo‘lgan. Shu tufayli inflyatsiya masalasi bo‘yicha hurmatli senatorlar, hokimlarga yuzlanmoqchimiz: yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi rostdan ham yuqori bo‘lishi kutilmoqda, kelasi yil ham baland daraja prognoz qilinmoqda», — dedi u.

U o‘tgan yillarda bir qator ko‘rsatkichlar bo‘yicha jiddiy farqlar kuzatilganini aytdi. «Masalan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bizning inflyatsiyani hisoblash uslubimizni jiddiy tanqid qildi. Sentyabrda Prezidentning statistika tizimini takomillashtirish va XVJning ma’lumotlatni tarqatish umumiy tizimiga qo‘shilish haqidagi qarori chiqqach, statistika sohasida katta o‘zgarishlar kuzatildi. Natijada endi hech bir moliyaviy institut O‘zbekiston noto‘g‘ri hisob-kitoblarni amalga oshirayotganini xayoliga ham keltirmayapti», — dedi Bosh vazir o‘rinbosari.

Jamshid Qo‘chqorov statistik axborotning ochiqligi va xalqaro standartlarga o‘tish xalqaro tashkilotlar talablarini bajarish uchun emas, balki birinchi navbatda O‘zbekiston xalqiga haqiqiy axborotni «boricha» berish maqsadida ta’minlanayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, bu mutaxassislarga iqtisodiyotdagi real vaziyatni ko‘rish imkonini beradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Moliya vaziri: «Inflyatsiya darajasi bu yil ham, kelasi yil ham yuqori bo‘ladi»