21:30 / 25.01.2018
5 623

O‘zbekistonda korrupsiyadan qutilish mumkin...mi?

O‘zbekistonda korrupsiyadan qutilish mumkin...mi?
Tanish-bilishchilik, pul berib ish bitirish kabi holatlar borligini hech birimiz inkor eta olmaymiz. Mana shunday holatlar sabab ba’zi sohalarda rivojlanish o‘rniga orqaga ketish, oqsoqlik kabi holatlar kuzatilayotgani sir emas, deb yozadi O‘zA.

Darhaqiqat, korrupsiya - vayronkor kuch, u milliy iqtisodiyotga misli ko‘rilmagan darajada putur yetkazadi. Ijtimoiy tengsizlik chuqurlashadi, hokimiyatga ishonch yo‘qoladi, jamiyatda ma’naviyat buziladi va hokazo.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, agar davlat organlari tizimida korrupsiyaga qarshi o‘z vaqtida keskin choralar ko‘rilmasa, davlat qanchalik yer osti va yer usti boyliklariga ega bo‘lmasin, u ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga yuz tutadi.

Shuning uchun ham davlatimiz rahbari inson sha’nini kamsitadigan, islohotlar g‘oyasini obro‘sizlantiradigan illat – korrupsiyaga qarshi kurashishga e’tibor qaratmoqda.

Yurtimizda korrupsiyaning oldini olishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilgan. 2017 yil 3 yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining Maxsus qismi normalarini tahlil qilib, shuni ta’kidlash mumkinki, mazkur qonunda korrupsiya bilan bog‘liq jinoiy qilmishlar uchun 20 ga yaqin moddada javobgarlik belgilangan.

Kodeksning 210-moddasi, ya’ni “Pora olish” jinoyatiga alohida to‘xtalib o‘tsak. Mazkur holatda har ikki taraf, ya’ni pora oluvchi ham, pora beruvchi ham jinoyatdan birdek manfaatdor bo‘lgani uchun ushbu turdagi jinoyatlarning yashirinlik darajasi yuqori hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, pora olish bilan bog‘liq holatlarni avvalo, fosh etishda, qolaversa, aybdor shaxslarnining aybini isbotlashda katta to‘siqdir.

Shuni inobatga olib, poraxo‘rlik jinoyatini ochish hamda aybdorlarga qonuniy chora ko‘rish, shuningdek, ushbu jinoyatlarning oldini olish maqsadida Jinoyat kodeksining 211 va 212-moddalarining 4-qismlarida pora berish va pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxsni javobgarlikdan ozod etish shartlari belgilangan.
Ushbu normaga muvofiq, pora bergan yoki pora olish-berishda vositachilik qilgan shaxs, agar jinoiy harakatlarni sodir etganidan keyin bu haqda o‘z ixtiyori bilan arz qilsa va chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, jinoyatni ochishda faol yordam bergan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Mamlakatimizda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularning konstitutsiyaviy huquqlariga rioya etilishini ta’minlash jarayonini qat’iy tartibga soluvchi qonunchilik bazasi yaratilgan. Fuqarolarning huquq va erkinliklarini buzadigan harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasi, Virtual qabulxonasi murojaatlarni ko‘rib chiqish, aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilishning muhim, o‘ziga xos tizimiga aylandi. Avvallari odamlar o‘z muammosi rahbarlarga yetib bormasligi sababli uni kimlarnidir o‘rtaga qo‘yib hal etgan bo‘lsa, endilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlar bilan muloqot qilmoqda.

Aynan shu yo‘nalishda yana qanday ishlarni amalga oshirish zarur? Bunga “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonundan javob topish mumkin. Unga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish zarur.

Bu jarayonda davlat organlari va boshqa tashkilotlar aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik munosabatini shakllantirish chora-tadbirlarini ko‘rishi, davlat organlari va boshqa tashkilotlar o‘z mansabdor shaxslarining hamda boshqa xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish yuzasidan chora-tadbirlar ko‘rishi, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ta’lim va tarbiyani olib borishi lozim.

Bularni esga olishdan maqsad – qonunlar qog‘ozda qolib ketmasin. Uning qoidalarini har birimiz bilishimiz va amalda qo‘llashga harakat qilishimiz kerak. Ayniqsa, korrupsiya bilan bog‘liq holatlarni ko‘rganda befarq bo‘lmaylik. Shunda korrupsiya degan illatdan butunlay qutilish mumkin.
Ra’no Turdiboyeva,
yuridik fanlari nomzodi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » O‘zbekistonda korrupsiyadan qutilish mumkin...mi?