Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi

  • 22 fevral 2018, 23:20
  • 3 711
  • O‘zbekiston
  • Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
    O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 22 fevral kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda xorijiy turistlar oqimini ko‘paytirish va ichki turizmni yanada rivojlantirish, sayyohlik xizmatlarini yaxshilash va turlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar natijadorligi tanqidiy tahlil qilindi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

    Yig‘ilishda elektron viza tizimini belgilangan muddatda to‘liq ishga tushirish, jahon tajribasini o‘rgangan holda bu tizimni yanada soddalashtirish va xorijiy turistlar kelishi tartibini muntazam yengillashtirib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

    Turistlar mamlakatga kelgandan so‘ng yashash joyi bo‘yicha 3 kun ichida ro‘yxatdan o‘tishi zarurligi ularga noqulaylik tug‘dirayotgani qayd etildi. Sayyohlar xavfsizligini ta’minlash huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning vazifasi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

    “Turist sayohat qilishi, ichki ishlar idoralarida sarson bo‘lmasligi kerak. Agar biz turizm hisobiga ish o‘rinlari ochamiz desak, turistga shart qo‘yish emas, balki sharoit yaratishimiz zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Shu bois ro‘yxatga olish tizimini to‘liq elektron shaklga o‘tkazish, bu masalani ichki ishlar idoralari, mehmonxonalar, davolash muassasalari, xususiy uylar va shu kabi joylashtiruvchi jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyati sifatida belgilash, turistlarni bunday tashvishdan xoli qilish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

    Yig‘ilishda 2017 yilda O‘zbekistonga qariyb 2 million 700 ming turist tashrif buyurgani aytildi. Bu ko‘rsatkich sifat jihatidan tahlil qilinib, qarindoshlarini ko‘rish, davolanish, o‘qish yoki tijorat kabi maqsadlarda kelayotganlar ko‘pchilikni tashkil etishi ta’kidlandi.

    Turizm salohiyatini oshirishda aviaqatnovlarning tutgan o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.

    Yig‘ilishda qayd etilganidek, 30 kungacha viza olish bekor qilinganidan keyin ikki kun ichida Isroildan O‘zbekistonga kelish uchun iyun oyigacha bo‘lgan aviachiptalar sotib bo‘lingan. Shu bois viza rejimi bekor bo‘lgan davlatlardan qatnovlar soni oshiriladi, Toshkent shahridan tashqari Buxoro, Samarqand, Urganch, Navoiy va Qarshi shaharlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar ochiladi.

    Prezident sayyohlarning kayfiyatiga ta’sir qiladigan eng kichik jihatlargacha e’tibor qaratdi. Aeroportlar zallaridagi chiroqlar xiraligi, pasport nazorati kabinalari to‘liq ishlamasligi, uzundan-uzoq sun’iy navbatlar, taksi xizmati ko‘rsatuvchi xususiy avtomobil egalarining tartibsizligi kabi holatlarni yaxshilash bo‘yicha ham topshiriqlar berildi.

    Yig‘ilishda yangi xizmat va savdolar tashkil etish orqali valyuta tushumini ko‘paytirish masalasiga alohida ahamiyat qaratildi. Xususan, suvenirlar ishlab chiqarish va ularni maxsus kiosklarda sotish, aeroportlarda faoliyat yuritadigan “Dyuti fri”, “Taks fri” tizimidagi savdo shahobchalarini turistik shaharlarda ham ochish, tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda avtomobil ijarasi markazlari va Wi-Fi zonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

    Qadimiy shaharlarda tunu kun ishlaydigan sayyohlik hududlari, “Qadimiy Buxoro” va “Samarqand siti” turistik zonalari tashkil etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

    Videoselektor yig‘ilishida ichki turizmni rivojlantirish masalalari ham muhokama qilindi.

    O‘zbekiston turizm brendini xorijda targ‘ib qilish masalasi ham tahlil qilindi.

    Investitsiya, savdo va turizm salohiyatini o‘zaro muvofiqlashtirib, yagona brend ostida reklama qilish zarurligi ta’kidlandi. Milliy teleradiokompaniya hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi zimmasiga O‘zbekistonning turizm salohiyatini kecha-kunduz targ‘ib qiluvchi, sayohatga oid turli qiziqarli ko‘rsatuvlar namoyish etib boruvchi xalqaro telekanal tashkil etish vazifasi yuklandi.

    Soha mutasaddilari, mamlakatning xorijiy davlatlardagi elchilari va joylardagi rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Shavkat Mirziyoyev turizmni rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi