Qashqadaryo viloyati Koson tumani Beshqoʻtan qishlogʻida “ajoyib” maktab bor. Maktabni qishloqliklar “Chayla”, “xaroba” deb atashadi.
Lekin bugun ularning farzandlari shu “xaroba”da tahsil olishga majbur…
Tumandagi 56-umumiy oʻrta taʼlim maktabiga qarashli filial 1988 yilda hashar yoʻli bilan qurilgan boʻlib, bugun butunlay yaroqsiz holga kelib qolgan. Shunga qaramay bu binoda 4 “a” va 4 “b”-sinfining jami 38 nafar oʻquvchilariga saboq berilmoqda. Biz maktabga borgan kunimiz esa ushbu maktab sinflari hatto isitilmagan ekan. Koʻmir solingan qop esa, shundoq sinf xonasida abgor holda turibdi.
- Yaqinda tuman xalq taʼlimi boʻlimidan kelib maktabimizni oʻrganib ketishdi,-deydi 56-maktab psixologi Asliddin Alimov. Lekin ulardan bu muammo boʻyicha tayinli javob ololmadik. Hozirda oʻzimiz hashar yoʻli 100 oʻrinli maktab qurishni rejalashtirmoqdamiz. Agar bunga tegishli tashkilotlar ruxsat bersa…
- Maktabning asosiy binosi, yangi va zamonaviy qilib qurilgan,-deydi maktab Yoshlar ittifoqi yetakchisi Xurshid Bekmurodov. Lekin oʻquvchi soni koʻpligi uchun hozirda 4-sinf oʻquvchilarini eski maktabimizning binosiga joylashtirib turishga majburmiz.
- Sovuq kunlarda “xaroba” maktabda tahsil olayotgan oʻquvchilarimizga juda qiyin boʻladi,- deydi “Beshqoʻtan” mahallasi raisi Shokir Rahmonov. Chunki xonalarning tom qismidan chakki oʻtadi. Isitish tizimini esa gapirmasa ham boʻladi.
“Xaroba” maktabda dars oʻtayotgan boshlangʻich sinf oʻqituvchisi Hafiza Bekmirzayevaning fikri bilan qiziqib koʻrdik.
- Oʻqituvchi sifatida men bunday ogʻir ahvoldagi maktabda dars berishni xohlamayman. Oʻquvchilarimiz ham bu maktabga taʼlim olishini umuman istashmaydi. Lekin bizning boshqa ilojimiz yoʻq.
Baʼzida maktabimiz ustimizga qulab tushgudek tuyuladi. Shunga qaramay qorongʻu xonalarda dars jarayonini davom ettirishga majburmiz.
Muammo bor. Uning yechimi-chi?
Soʻnggi 2 yil ichida ijtimoiy tarmoqlarda 56-maktabning filialiga oʻxshash “xaroba” holga kelib qolgan taʼlim dargohlari juda koʻp yozildi. Ayrim muammolarga qisman boʻlsada yechim topildi. Biroq bu yetarli emas.
Sababi, bugun har bir yosh yorugʻ va shinam, zamonaviy taʼlim maskanlarida oʻqishga haqli. Buni yaxshi anglamagan ayrim mutasaddilar muammolarni yashirish bilan ovvora. Bunga oʻrganish ishlarimiz davomida oʻzimiz ham guvoh boʻlganmiz.
Yaqinda Qashqadaryo viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Oʻylaymizki, boshqarma boshligʻi chekka hududlardagi muammolarga panja ostidan qaramaydi.
Dilshod NABIYEV
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Rossiya dunyodagi birinchi vodorod yoqilg‘ili avtomobilni taqdim etdi
Qaysi kundalik odatlar immunitet pasayishiga olib kelishini bilasizmi?
Amerikalik olimlar barcha uchun birdek foydali jismoniy faollik turini aniqladi
Zoir Mirzayev “Telefonsiz maktab”ga 300 mln so‘m mukofot berdi
AQSHning G‘azodagi siyosatidan norozi Davlat departamenti rasmiysi iste’foga chiqdi
Sariqmi yoki yashil: qaysi turdagi banan foydaliroq?
Germaniyada maktab o‘quvchilari ommaviy ravishda islom dinini qabul qilmoqda
Piyoda yurish va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanish depressiyaga chalinishni 23 foizga kamaytiradi