12:53 / 03.09.2019
4 405

Oʻzbekistonda ham davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish vaqti keldi

Oʻzbekistonda ham davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish vaqti keldi
Qozogʻiston prezidenti kecha xalqqa murojaatida 2024-yilga qadar mamlakatda davlat xizmatchilari va davlat ishtirokidagi milliy kompaniyalar xodimlari soni 25 foizga qisqartirilishini maʼlum qilgan.

Davlat apparatining shishib ketishi, ayniqsa, u samarasiz boʻlsa, davlatga ham, davlat byudjetiga ham ortiqcha yuk, xolos. Qozogʻiston oʻz oldiga qoʻygan maqsad nimasi bilan eʼtiborga molik? Avvalo, davlat apparati qanchaga qisqarishi va bu qachongacha roʻy berishi qatʼiy maʼlum qilindi, yaʼni marra aniq.

Bizda soʻnggi paytlar davlat va kvazi-davlat tashkilotlari shu darajada koʻpaydiki, goʻyoki davlat apparati semirgandek. Hatto davlat ishtiroki shart boʻlmagan soha va tarmoqlarda ham davlatsifat uyushma, assotsiatsiya va shunga oʻxshash idoralar tashkil etildi, davlat byudjetidan pul oladigan tashkilotlar koʻpaydi. Nazarimizda, davlat apparati shishsa shishdiki, umuman qisqarmadi. Toʻgʻri, ayrim davlat idoralarida qisqartirishlar boʻldi, masalan, hukumat xodimlari soni 44 shtat birligiga kamaydi, lekin bu umumiy kartinani oʻzgartirmaydi.

Harakatlar strategiyasini 2019-yilda amalga oshirish boʻyicha davlat dasturida zamonaviy davlat boshqaruvini bosqichma-bosqich joriy qilish koʻzda tutilgan. Mazkur maqsadda ishlab chiqiladigan hujjat loyihasida davlat xizmatchilarining sonini qisqartirish belgilanishi kerak. Bizning-cha, mazkur jarayonni Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasi bilan uygʻun olib borish kerak boʻladi.

Birinchidan, davlat hokimiyati va boshqaruvi, shu jumladan, davlat ishtirokidagi kompaniyalarning xodimlari sonini ochiqlash, bu maqsadlarda qancha byudjet mablagʻi sarflanayotganini xalqimiz bilishi kerak.

Ikkinchidan, xususiy sektor bajarishi mumkin boʻlgan sohalarda umuman davlat idoralarini tashkil qilmaslik va borlarining vakolatlarini ham konkret muddatda xususiy sektorga oʻtkazib yuborish maqsadga muvofiq. Bu borada qator hujjatlar qabul qilindi, lekin amalda nima boʻlayapti?

Uchinchidan, davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish boʻyicha ham aniq raqam va muddatlar aytilishi lozim. Masalan, ayrim idoralar osmondan olgandek falon yilda faloncha investitsiya olib kiramiz, deb vaʼda berishni bilishadi-ku. Davlat xizmatchilarini qisqartirish masalasida ham aniq koʻrsatkichlar va maqsadlar boʻlishi kerak. Ixcham hukumat tushunchasi butun davlat boshqaruvi tizimiga tatbiq etilishi hayotiy zarurat. Darvoqe, qisqartirishlarni oʻtgan davrdagi kabi faqat shifokorlar va oʻqituvchilar hisobiga xaspoʻshlashdan qochish kerak.

Albatta, bularning barchasi shaxsiy fikr.
Davletovuz telegram kanalidan olindi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » Oʻzbekistonda ham davlat boshqaruvi apparatini qisqartirish vaqti keldi