23:51 / 28.09.2017
7 438

IIBB Turkiyadan qaytgan Nurullo Otaxonovning hibsga olinishi yuzasidan bayonot berdi

IIBB Turkiyadan qaytgan Nurullo Otaxonovning hibsga olinishi yuzasidan bayonot berdi
Kecha, 27 sentyabr kuni ertalab Turkiyadan O‘zbekistonga qaytgan adib Nurullo Otaxonov (Nurulloh Muhammad Raufxon) Toshkent aerportida qo‘lga olingan edi. Bu haqda ma’lumot ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan edi.

Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahar IIBB tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ushbu masalaga munosabat bildirildi.

Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari — Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jayev brifingda Nurullo Otaxonovning aeroportda qo‘lga olingani bo‘yicha ma’lumot berdi.

Toshkent ShIIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev Otaxonovning ushlanishiga nima sabab bo‘lgani haqida shunday dedi:

“Nurullo Otaxanov xususida shuni aytishim mumkinki, u yozgan kitoblar va chiqishlari o‘rganilib, ekspertiza xulosalari olinganidan so‘ng, unga nisbatan 2017 yil 11 may kuni Yashnobod tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JK 159-moddasi 1-qismi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish alomatlari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Dastlabki surishtiruv ishlari natijasida 244-1 moddasi, 3-qismi “g” bandi, ya’ni jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalari yoki telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek, internet-jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilishi alomatlari bilan sirtdan ayb e’lon qilib, qidiruvga berilgan edi. Shu munosabat bilan, u Toshkent xalqaro aeroportiga kirib kelganida ushlanib, unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan”.

Toshxo‘jayevning aytishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Otaxonov kechirim so‘ragani, murojaat qilgani va ushbu voqea bilan bog‘liq boshqa jihatlari muhokama bo‘lmoqda. Uning qayd etishicha, boshqa tashkilotlar yoki vakolatli davlat organlaridan uning afv etilgani haqida ma’lumotnoma kelib tushmagani bois, ichki ishlar idoralari jinoyat-protsessual kodeks talablaridan kelib chiqqan holda o‘z vakolatlari doirasida tergov ishlarini olib bormoqda.

Agar zarur bo‘lsa qo‘shimcha surishtiruvlar amalga oshirilishi, uning aybi tasdiqlanmasa qonunda nazarda tutilgan qoidalar asosida qaror qabul qilinishi aytildi.

Ma’lumot uchun, Nurullo Otaxonov 1955 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. “Yo‘l boshida”, “Dunyo keng”, “Shu yerlik kishi” kabi qissa va hikoyalari muallifi. Uning “Oq bino oqshomlari” hikoyasi asosida badiiy film suratga olingan.

Nurullo Otaxonov uzoq yillar davomida “Yoshlik”, “Mushtum”, “Sharq yulduzi”, “Hidoyat” jurnallarida va “Movarounnahr” nashriyotida faoliyat olib borgan.

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » IIBB Turkiyadan qaytgan Nurullo Otaxonovning hibsga olinishi yuzasidan bayonot berdi