Eshak go‘shti mojarosi yoxud halqumingizni asrang azizlar!

  • Jamiyat
  • 24-03-2018, 14:13
  • 1 612
  • Эшак гўшти можароси ёхуд ҳалқумингизни асранг азизлар!
    Illyustrativ surat. Foto:“Pazimbabwe.com”
    Kecha peshonamda turib olgan odam ancha baqirdi. Peshonam, yuzim sachragan tupuklardan ho‘l bo‘ldi.

    — Men sizga juda yaqin turibman-ku, nega buncha baqirasiz yoki bitta-yarimta meni sizga kar dedimi? – dedim.

    — Baqiraman! Bundan ham baland baqiraman! — dedi baqiroq odam.

    Kechasi bilan o‘yladim, nega odamlar bir-biriga baqiradigan bo‘lib ketdi deb. Javob yana hadislardan chiqdi.

    “Qo‘y go‘shtini yenglar, yegan narsalaring yuzlaringda, fe’llaringda aks etadi”, — deyilgan ekan. Qo‘y yuvosh jonivor, qo‘ydek yuvosh bo‘lishimizni istagan ekanlar-da payg‘ambarimiz alayhissalom.

    Hadisning isbotini cho‘chqa go‘shti yeydiganlarda ko‘rgan edim. Ular aroq ichib, cho‘chqa go‘shti yeb, loylarda xuddi cho‘chqadek ag‘anab yotganlarini ko‘rganman.

    “Yangi turg‘unlik davri”ning avvalida qishloqlarda yegani narsa bo‘lmadi. Odamlar arpa unidan, makkajo‘xori unidan non yedi. Uni ham topgan yedi. O‘sha yillari odamlar itlarni so‘yib yeyishi ko‘payib ketdi. Tavba qildim, rangi, yuzi itga o‘xshab ketgan, gapirsangiz it talaganday, hurganday gapiradigan odamlarni ko‘rdim.

    Odam yashayversa ko‘raverar ekan, qarang, xuddi eshakka o‘xshab baqiradigan odamlar ko‘paydi. Yig‘ilish qilib o‘sha ovozda baqiradigan, haqorat qiladigan odamlar chiqdi. Eshakka o‘xshab tepadigan odamlar paydo bo‘ldi.

    Buning sababi ham aniq bo‘ldi: butun respublikamiz bo‘ylab eshak go‘shtidan somsa, shashlik qiladiganlar ko‘payib ketibdi. Goh u, goh bu viloyatda eshak so‘yib, go‘shtini odamlarga yedirganlar fosh qilinayapti.

    Hurmatli yurtdoshlar! Itga, eshakka o‘xshab qolmaslik uchun ham ko‘chadan ovqat yemang! Nimadan tayyorlanganini, halol-haromligini o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rmaguncha, biror taomni yemang!

    O‘zingizni, halqumingizni asrang! Zero, duolarimiz qabul bo‘lishi halqumimizdan o‘tgan narsalarga bog‘liq ekanini payg‘ambarimiz alayhissalom shunchalar ko‘p takrorlagan ekanki, sahobalar haromdan hazar qilishar, shubhali narsaga yaqin borishmas, aniq halol narsalarning ham o‘ntadan bittasini yer ekanlar! Shuning uchun ham ular buyuk darajalarga erishganlar!

    Biz esa, hech bo‘lmaganda, naslimiz bulg‘anmasligini o‘ylaylik, shubhali narsalardan uzoq bo‘laylik!
    Karimberdi To‘ramurod

    Manba: Xabar.uz

    » » Eshak go‘shti mojarosi yoxud halqumingizni asrang azizlar!
    Яндекс.Метрика