12:54 / 02.10.2018
3 760

Ektor Kuper haqida tarqalgan xabarlar tasdiqlanmadi: “Shunchaki mish-mish”

Ektor Kuper haqida tarqalgan xabarlar tasdiqlanmadi: “Shunchaki mish-mish”
Kecha, 1 oktyabr kuni Ispaniyaning SuperDeporte nashri “Ektor Kuper Ispaniya chempionatiga qaytishi mumkin” sarlavhasi ostida xabar chop etgan edi. Xabarda La Liga ishtirokchisi – “Ueska” klubi rahbariyati bosh murabbiy Leo Franko bilan xayrlashib, uning oʻrniga Ektor Kuperni taklif qilishni rejalashtirayotgani aytilgan. Bundan bir kun avval esa nufuzli Marca nashri ham shu haqida mish-mishlar borligini qayd etib oʻtgandi.

Avgust oyidan buyon Oʻzbekiston milliy terma jamoasiga ustozlik qilayotgan argentinalik mutaxassisning La Ligaga qaytishi haqidagi bu kabi mish-mishlarga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz OʻFA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov bilan bogʻlandi. Ahmadjonovning bildirishicha, bunday xabarlar asosga ega emas va Ektor Kuper kelishilgan shartlar asosida oʻz lavozimida ishlashda davom etadi.

“Ektor Kuper terma jamoaga bosh murabbiy etib tayinlanishidan oldin u bilan uzoq vaqt davomida jiddiy tarzda muzokaralar olib borilgan boʻlib, yakunda professional shartnoma imzolangan. Bu kabi tajribali mutaxassisdan jamoasini yarim yoʻlda tashlab ketishini kutish mantiqsizlik boʻlardi”, - deya taʼkidladi Umid Ahmadjonov.

“Kuper Oʻzbekiston terma jamoasidagi faoliyatini optimistik ruhda davom ettirmoqda. Biz ushbu murabbiy qoʻl ostida terma jamoamiz Osiyo kubogida muvaffaqiyatli qatnashish bilan birga ilk marta Jahon chempionatiga yoʻllanma olishiga ishonch bildirganmiz”, - deya qoʻshimcha qildi OʻFA birinchi vitse-prezidenti Kun.uz bilan suhbatda.

Eslatib oʻtamiz, 62 yoshli Ektor Kuper va OʻFA oʻrtasida “3+1” sharti bilan bitim imzolagan. Murabbiyni tanishtirish marosimida OʻFA Xalqaro aloqalar boʻlimi rahbari Diyor Isametdinov Oʻzbekiston mundialga saralash siklini ilk marta toʻliq yagona murabbiy qoʻl ostida oʻtkazishini maʼlum qilgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ektor Kuper haqida tarqalgan xabarlar tasdiqlanmadi: “Shunchaki mish-mish”