23:03 / 08.03.2019
3 869

30 yillik “tavqi laʼnat”. “Liverpul”ga yana nima yetishmayapti? (foto)

30 yillik “tavqi laʼnat”. “Liverpul”ga yana nima yetishmayapti? (foto)
Angliya Premyer-Ligasi 29-turidan soʻng musobaqa peshqadami oʻzgardi. Uzoq vaqt yetakchilik qilib kelgan “Liverpul” hamshahari “Everton” bilan durang oʻynagach, ikkinchi oʻringa tushib qoldi. Angliyaning eng sovrindor ikki klubidan biri boʻlgan “Liverpul” 29 yildan buyon Angliya chempioni boʻla olmaydi. Bu orada Chempionlar Ligasi, UYEFA Kubogi va Yevropa Superkubogida gʻolib boʻlgan jamoaga negadir ichki chempionatda omad kulib boqmayapti.

Angliyada futbolda pul asosiy narsa emas, deb oʻrganishgan. Oʻzlarining “old skul”larini qadrlaydigan inglizlar katta pullar evaziga paydo boʻlgan klublarni xushlamasliklari ham bor gap. Shunday boʻlsa-da, arab kapitali evaziga yangi davrga qadam qoʻygan “Manchester Siti” APLda gʻolib boʻldi. Keyinchalik omadsizlik ramziga aylangan “Arsenal” ham nolinchi yillar boshida Venger bilan uch marta Premyer-Ligani yutgandi. Rus kapitalisti oyoqqa turgʻizgan “Chelsi” muntazam chempion boʻlib keladi, “MYU” ser Aleks vaqtida Premyer-Ligada gʻolib boʻlaverib zerikib ketgandi. Orada bir mavsum oldin zoʻrgʻa ligada jon saqlab qolgan “Lester” ham chempion boʻldi, lekin albionning eng sevimli jamoalaridan biri “Liverpul” hech chempion boʻla olmayapti. Nimaga axir?!

Klopp kelgach ancha kuchaygan “Liverpul” joriy mavsumda ikkinchi oʻrindagi “Siti”dan 7 ochko ilgarilab ketganida, muxlislar ana endi chempionlikni hech kimga bermaymiz deyishgandi. Lekin 7 ochkolik farq yoʻqqa chiqib, yana “Siti” yetakchiga aylandi. Nahot “Liverpul” yana Angliya chempioni boʻla olmasa? Klopp va yigitlariga yana nima yetishmayapti?

Boshdan baland sakrash...

Foto: AFP/Getty Images
Yurgen Kloppning “Liverpul”ga kelishi nafaqat “Liverpul” va Angliya futboli uchun, balki butun dunyo futboli uchun yaxshi oʻzgarish boʻldi. Chunki Klopp muxlislar koʻz oʻngida juda yoqimtoy va hech kimdan qoʻrqmaydigan jamoani tashkil qildi. Kloppning har bir mavsumida progress sezilmoqda. 2016 oktyabrda “Liverpul”ni qabul qilib olgan Yurgen jamoani haqiqiy “bezori”ga aylantirdi. Chempionatda 8-oʻrin bilan kifoyalangan “Qizillar” Yevropa Ligasida finalgacha yetib borishdi. Biroq hal qiluvchi oʻyinda “Yevropa Ligasining «Real”iga aylangan» “Sevilya” Kloppning “bezori yigitlarini” magʻlub etadi.

Keyingi mavsumda esa (2017-18 yilgi mavsumda) “Liverpul” APLda katta qiyinchilik bilan boʻlsa-da, toʻrtlikka kirdi. Kloppning “Liverpul”dagi hozircha eng katta natijasi esa Chempionlar Ligasida qayd etildi. Jamoa finalgacha yetib bordi. Tan olish kerak, “Liverpul”ning finalga yetib borishi katta sensatsiya boʻldi. Hatto Angliyada ham koʻpchilik Klopp jamoasining finalgacha borishini kutmagandi. “Qizillar” chorak finalda APLning boʻlajak chempioni “Manchester Siti”ni magʻlub etishgani esa jamoa muxlislariga ikki hissa zavq bagʻishladi.

Bugun “Liverpul” Yevropaning eng kuchli jamoalaridan biriga aylandi, hujumdagi uchlik super holatda, lekin oʻtgan mavsum oldidan ularga qanday qarashardi bir eslab koʻring. Roberto Firmino “Hoffenxaym”da oʻzini koʻrsatgan, lekin Angliyada kutilganidek porlay olmayotgan braziliyalik futbolchi edi. Bugun u Kloppning taʼbiri bilan aytganda, “Liverpul”ning yuragiga aylangan Bobbi Firmino. Sadio Mane “Sauthempton” safida APLning eng tezkor het-trigini muallifi boʻlgan afrikalik fubolchi edi. Bugun u Yevropaning top darajadagi hujumchilaridan biri.

Muhammad Saloh oshib borsa Angliyada ishlari yurishmay Italiyaga ketgan va “Roma”da tuzukkina vinger ekanini isbotlagan misrlik futbolchi edi. Bugun u APL tarixida bir mavsumda eng koʻp gol urgan futbolchi, Yevropada “bezbetlarcha” Ronaldu va Messining hukmronligiga daxl qilishga urinayotgan megayulduz. Endryu Robertson Premyer-Ligada oxirgi oʻrinlarda yurib, keyinchalik chempionshipga yoʻl olgan “Hall Siti” futbolchisi edi. Kloppning jamoasida u Yevropaning eng zoʻr chap qanot himoyachilaridan biriga aylandi. Yurgenning taʼbiri bilan aytsak, Endryu bugun Shotlandiyaning Uilyam Uollesi. Klopp “nafaqa ostonasidagi” Milnerni jamoaning eng zoʻr assistentiga, oʻrtacha futbolchi boʻlgan Jordan Hendersonni super tayanch yarimhimoyachisiga, hali maktabni ham bitirib ulgurmagan Trent-Aleksand Arnoldni asosiy oʻng qanot vingeriga aylantirdi. Buning nomini esa chinakamiga oʻz imkoniyatlaridan bir bosh baland sakrash deyishadi. Bunday jamoadan esa chempionlikni talab qilish toʻgʻri emasdi.

Ha, Klopp mana shunday katta missiyani juda tez uddaladi. Esingizda boʻlsa, “Liverpul” 2016 yil Brendan Rojersni isteʼfoga chiqargach, futbol jamoatchiligi uning oʻrnini kim egallashi borasida mulohaza yurita boshladi. “MATCH TV”ning “Inglizcha aksent” degan koʻrsatuvida qatnashgan taniqli sharhlovchi Roman Gutsayt bu borada aytgan gapi hech esdan chiqmaydi: “Agar «Liverpul”ga uzoq kutilgan Angliya chempionligi kerak boʻlsa, Karlo Anchelottini olib kelishi kerak. Agar “Liverpul” xoʻjayinlari “banda” yaratishni xohlashsa, u holda Yurgenn Klopp eng yaxshi variant». Chindan ham Klopp “banda” yarata oldi. Uning jamoasi xohlagan jamoasiga 5talab gol ura boshladi, lekin har qanday oʻrtamiyona jamoa ham “Liverpul”ni yengib ketaverdi. Oqibatda Kloppning jamoasi Robin Hud laqabini oldi.

Klopp oʻtgan mavsumlardagi oʻta qaynoq oʻyin natija bermasligini, jamoa “oʻzini bosib olishi kerakligini” tushundi va “Liverpul” oʻyiniga bosiqlik, aql qoʻshishga qaror qildi. Boshqacha qilib aytganda “Liverpul” joriy mavsumda 1:0 hisobidagi gʻalabaga ham qanoat qilishni oʻrgangan, haqiqiy yetakchilarga xos salobatli jamoaga aylandi. Mavsum avvalidagi quruq oʻyinlar, kuchli beshlikda kam gol oʻtkazib yuborish boʻyicha eng yaxshi koʻrsatkichlar barchasi yaxshi ketayotganini koʻrsatdi. Ammo mavsum hal qiluvchi pallasiga kirar ekan, “Liverpul” yana qoqilishni boshladi. 30 yildan buyon chempion boʻla olmayotgani jamoaga katta bosim yuklay boshladi. Oqibatda yetakchilik boy berildi. Hozircha, albatta.

Oʻzgarmas 11 talik
Hozir Angliyada chempionlik uchun kurashayotgan “Manchester Siti” va “Liverpul”ning asosiy ikkita farqi bor va oʻsha farqlar Gvardiola jamoasining foydasiga ishlamoqda. Bu farqlar tarkib bilan bogʻliq. “Liverpul” juda koʻp oʻyinlarda deyarli bir xil tarkib bilan oʻynadi. Markaziy himoyachilar jarohat sabab oʻzgarib turganini inobatga olmasak, qolgan chiziqlarda oʻzgarmas tarkib paydo boʻldi. Bu esa top-klublarni hal qiluvchi pallada oyogʻidan chaladigan narsa. Toʻgʻri, muqim asosiy tarkibning shakllanishi jamoaviy oʻyin uchun zarur, lekin har qanday futbolchi asosiy tarkibda tushishi aniq ekanini bilsa, boʻshashadi. Bu kerak boʻlsa insonning oʻziga bogʻliq boʻlmagan instinkt.

“Siti”da esa hatto klub afsonasi Serxio Agueroga ham asosiy tarkibda oʻrin kafolatlanmagan. Hujum chizigʻidagi futbolchilar doim almashib turishadi, chunki ular shunchalik koʻpki, ulardan bitta jamoa tuzsa boʻladi. Pep tarkibni tez-tez oʻzgartirishi bilan zaxirada kuchli raqobatni shakllantirgan. “Liverpul”da esa zaxiradan oʻyinga qoʻshilib, natijaga taʼsir qila oladigan futbolchilar roʻyxati Sherdan Shakiri bilan boshlanadi va shu yerda tugaydi. “Siti”ning biz yuqorida taʼkidlagan ikkinchi ustunligi aynan zaxira imkoniyatlarining kengligida.

Arosatdagi Saloh

Foto: AFP/Getty Images
Muhammad Saloh oʻtgan mavsum oʻng qanot hujumida oʻynab APL toʻpurari boʻldi. Joriy mavsum avvalida Klopp uni markaziy hujumda oʻynatishga qaror qildi. Murabbiy bu bilan hujumchining samaradorligini yanada oshirishga qaror qildi. Biroq Salohning markazga moslashishi oson boʻlmadi. Chunki markaziy hujumda gabaritli futbolchilar oʻynashi yaxshiroq, Saloh esa gavdasi bilan maqtana olmaydi. Buni payqagan Klopp oxirgi oʻyinlarda Salohni yana oʻzi yoqtirgan chiziqda oʻynatmoqda. Toʻgʻrirogʻi, Saloh Messi kabi xohlagan yerida oʻynashi mumkin. Mana shunday koʻp sonli oʻzgarishlar Salohning oʻyiniga biroz salbiy taʼsir qilgandek.

Klopp javobgarlikni his qilmoqda
Bugun kuchli beshlikda isteʼfosi haqida gap soʻz boʻlishi mumkin boʻlmagan bitta murabbiy boʻlsa, bu shubhasiz, Yurgen Klopp. Biroq germaniyalik murabbiy klub “uning ogʻzidan chiqqan” istagini bajargani uchun oʻz-oʻzidan katta masʼuliyatni his qila boshladi. Futbol tarixidagi eng qimmat himoyachi, oxirgi yillardagi eng xaridorgir darvozabonni olib kelish klubga 150 million yevroga tushdi. Yetmaganiga yana shuncha pul oʻtgan yozda xarj qilindi. Bunday super transferlar natija berishi uchun esa avvalo murabbiy javob beradi.

Aynan mana shu masʼuliyat sabab Klopp oʻtgan yilgi “bebosh” “Liverpul” rejimini yoqishga shoshmayapti. Biroq natijalar hozirgi kabi ketsa, Kloppning ham “bezoriligi tutib”: “Yigitlar, bunaqa pragmatizm bizga toʻgʻri kelmas ekan, oʻtgan yilgi ultrapressing rejimiga qaytmiz”, deyishini kutsak boʻladi. “Liverpul” futbolchilarining jismoniy holati bunga javob beradi axir. Bundan tashqari, himoyada van Deyk, darvozada Alissonning borligi har qanday hujumkor oʻyinda gol oʻtkazib yuborish riskini kamaytiradi. Xullas, “Liverpul” hali kurashdan chiqqani yoʻq. Chempionlar Ligasida ham, Premyer-Ligada ham. Boshqa jamoalarni chempionlikka chorlash uchun sehrli soʻzlarni topish qiyindir, lekin “Liverpul” futbolchilari har qanday raqibni “yanchib tashlashi” uchun birgina xitobning oʻzi yetarli: You will never walk alone…
Oʻtkir Jalolxonov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 30 yillik “tavqi laʼnat”. “Liverpul”ga yana nima yetishmayapti? (foto)