18:10 / 23.08.2021
3 275

Avtotransport vositalarining davlat reyestri O‘zbekiston sharoitida juda muhim

Avtotransport vositalarining davlat reyestri O‘zbekiston sharoitida juda muhim
Hozirgi kunda O‘zbekistonda juda ko‘pchilik fuqarolar ikkilamchi bozordan avtomobil harid qilishni afzal ko‘radi. Fuqarolarimizning avtomobillarning ikkilamchi bozoriga bo‘lgan bunday qiziqishi ishlatilgan avtomobillarning yangisiga nisbatan birmuncha arzonligi bilan izohlanadi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 3 milliondan ortiqroq yengil avtomobillar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, avtomobillar savdosining katta qismi ikkilamchi bozorda amalga oshiriladi.

Ikkilamchi bozorning hajmi yiliga taxminan 2 milliard dollarni tashkil etadi, bunda har yili 400-500 mingga yaqin avtotransport vositasi bilan oldi-sotdi shartnomalari tuziladi.

Iste’moldagi avtomashinani harid qilishning yana bir qulay tarafi shundaki, haridor arzon narxga mashhur brendga mansub avtomobil harid qilishi mumkin. Biroq, iste’moldagi avtomashinalarni harid qilishda haridorlar ko‘plab aldovlarga uchrab qolmoqda. Chunki, sotuvchilar yoki avtomobil oldi-sotdi biznesi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlar tomonidan sifati past avtomobillar ba’zan qimmat narxga sotib yuborilmoqda.

Haridorlarning sifatsiz, texnik talablarga javob bermaydigan, ekspluatatsiyaga yaroqsiz avtomobillarni sotib olishlarining asosiy sabablaridan biri quyidagi ma’lumotlarni aniqlashtirish imkonining mavjud emasligidadir, jumladan:
Avtomobilning yo‘l transport hodisalariga uchragan-uchramaganligi;
Avtomobilga yo‘l transport hodisasi natijasida qay darajada shikast yetganligi;
Avtomobilning qaysi qismlari qanday sabablarga ko‘ra almashtirilganligi yoki ta’mirlanganligi;
Avtomobilni texnik ko‘rikdan o‘tkazib turilganligi;
Avtomobilning qancha masofa bosib o‘tganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar va h.k.

Yuqoridagi ma’lumotlarni aniqlashtirish imkonining mavjud emasligi avtomashina sotuvchilariga avtomobilga doir ma’lumotlarni sohtalashtirishda qo‘l kelmoqda, jumladan:
Avtomobilning haqiqatda bosib o‘tgan masofasini kamaytirib qo‘yish;
Yo‘l transport hodisasiga uchrab, shikastlangan avtomashinaning qismlarini arzon ehtiyot qismlari bilan almashtirish yoki ta’mirlab huddi yangidek qilib qo‘yish;
Avtomobilning texnik sozligi, sifati va narxiga ta’sir etuvchi boshqa salbiy ko‘rsatkichlarni sohtalashtirish va h.k.

Avtomobil to‘g‘risida ma’lumotlarning yashirilishi (sohtalashtirilishi) haridorlarning sifatsiz mashina harid qilishi natijasida ko‘psonli asosli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xorijiy mamlakatlarda bunday muammolarning, shuningdek yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida avtotransport vositalarining davlat reyestrlari faoliyat yuritadi va ushbu reyestrdagi ma’lumotlar mobil qurilmalar orqali harqanday shaxs tomonidan olinishi mumkin.

Xalqaro tajriba
Rossiya Federatsiyasi Hukumatining 2019 yil 27 dekabrdagi 1874-sonli “Avtotransport vositalarining davlat reyestrini yuritish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirdi.
Avtotransport vositalarining davlat reyestri – bu Rossiya Federatsiyasidagi barcha avtotransportlarning yagona ro‘yxati bo‘lib, unda barcha avtotransport vositalari to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Avtotransport vositalarining davlat reyestri Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Davlat reyestri quyidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi:
a) transport vositasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar:
– transport vositasi pasportining tafsilotlari (transport vositasining elektron pasporti);
– davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqami;
– identifikatsiya raqami;
– tovar va (yoki) model (savdo nomi);
“G‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risida”gi va “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida” Federal qonunlarda hamda Bojxona ittifoqining texnik reglamentida belgilangan transport vositasining toifasi;
– avtomobil turi;
– ishlab chiqarilgan yili;
– dvigatelning modeli, raqami, turi, quvvati va siljishi;
– transport vositasi asosiy qismlarining identifikatsion raqami (tanasi, ramkasi, kabinasi);
– shassi raqami;
– avtomobilning rangi;
– ekologik sinfi;
– avtomobilga gaz yoqilg‘isi uskunalari o‘rnatilganligi;
– rulning chap yoki o‘ng tarafda joylashganligi;
– yuklarni yoki jihozlarni tashish uchun texnik jihatdan ruxsat etilgan maksimal massa;
– ishlab chiqaruvchi;
Avtotransport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Davlat xizmatlari yagona portali” federal davlat axborot tizimidan qog‘oz yoki elektron hujjat shaklida olinishi mumkin.

Rossiya Federatsiyasining “Avtotransport vositalarining davlat reyestrini yuritish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori asnosida “Avtoistoriya” va “Avtokod” rasmiy internet saytlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu saytlar ikkilamchi bozordan avtomashina harid qiluvchi fuqarolarga avtomashina harid qilishda aldanib qolmasligi uchun xizmat qiladi.

Chunki ushbu saytda avtomashina to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar, ya’ni avtomashinaning yurgan masofasi (kilometri), bankda kredit uchun garovga qo‘yilgan-qo‘yilmaganligi, avtomashinaning o‘g‘irlangan yoki o‘g‘irlanmaganligi, yo‘l transport hodisalarida ishtirok etgani - etmaganligi (yo‘l transport hodisada ishtirok etgan bo‘lsa fotosuratlari bilan), avtomashinaning qaysi qismlari almashtirilgani va (yoki) ta’mirlanganligi hamda avtomashinani tasarruf qilishga doir qo‘yilgan cheklovlar to‘g‘risida ma’lumotlarni olish mumkin.

Dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham ushbu amaliyot mavjudligini ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlarida “Carfax” internet sayti faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, harqanday manfaatdor shaxs ushbu sayt orqali hohlagan avtomashina haqida, avtomashina raqamini kiritgan holda, barcha ma’lumotlarni olishi mumkin.

“Carfax” internet sayti avtomashinalar tarixi haqidagi juda katta ma’lumot bazasiga ega bo‘lib quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
– Yo‘l transport hodisalaridagi ishtiroki;
– Qayta ta’mirlanganlik holati;
– Avtoehtiyot qismlarida tizimli shikastlanish;
– Tabiiy ofatlardan talofat ko‘rgan-ko‘rmaganligi;
– Avtotransport vositasining o‘g‘irlangani-o‘g‘irlanmaganligi;
– Xizmat va tekshiruv yozuvlarining mavjudligi;
– Ta’mirlash smetalari va harajatlari
– Havo yostiqchalarining mavjudligi;
– Odometr (bosib o‘tgan yo‘l) ko‘rsatkichlari;
– Avtomashina nechta shaxs egaligida bo‘lganligi to‘g‘risidagi va boshqa ma’lumotlar.

Bundan tashqari, “Carfax” sayti AQSHdagi mingdan ortiq politsiya, o‘t o‘chirish bo‘limlari, avtotransport vositalarini ta’mirlash ustaxonalari kabi manbalardan avtomashina to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qabul qilib oladi.
“Carfax” sayti ma’lumotlar bazasida 17,5 milliarddan ortiq yozuvlarning mavjudligi ushbu saytning naqadar ulkan ma’lumotlar bazasiga ega ekanligini tasavvur qilish imkonini beradi.

Kanadada esa “AutoCheck” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib mazkur platforma aksariyat jihatlari bo‘yicha “Carfax” sayti bilan bir xil funksiyalarni amalga oshirsada, ular orasida bir qator muhim farqlar mavjud.

“AutoCheck” platformasi “Carfax” internet saytiga solishtirganda tegishli ma’lumotlarni birmuncha tezroq topish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu platforma orqali tegishli avtomobilning politsiya yoki taksi xizmatlari tomonidan foydalanilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash imkoni mavjud.

“AutoCheck” platformasida avtomobilning har qanday tabiiy ofat nasijasida har qanday hujjatlashtirilgan zarar ko‘rgani, shuningdek avtomashinaning har qanday qismining shikastlanishi yoki odometrning shikastlanishi haqida ham xabar beriladi.
Ushbu platformaning yana bir qulay tarafi transport vositasining sug‘urta ma’lumotlari yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan zararlar to‘g‘risida ham tegishli yozuvlar mavjud.

Bundan tashqari, “AutoCheck” platformasi o‘z foydalanuvchilariga bir vaqtning o‘zida 300 tagacha operatsiyalarni bajarish imkonini taqdim etadi.

“AutoCheck” platformasidan olingan ba’zi ma’lumotlar “Carfax” saytida mavjud bo‘lmasligi mumkin, shuning uchun hozirda “AutoCheck” platformasidan foydalanuvchilar soni ortib bormoqda. Ushbu ikki sayt ma’lumotlaridan foydalanish pullik asosda amalga oshiriladi.

Takliflar
O‘zbekiston hududida ikkilamchi bozordan avtomobil harid qilishda haridorlar huquqlarini himoya qilish hamda huquqbuzarliklarning oldini olish masalasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjatlar mavjud emas.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-transport hodisalarini hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi
2011 yil 15 noyabrda qabul qilingan 303-sonli qarorida faqatgina YTHlarini ro‘yxatini yuritish belgilangan bo‘lib bu vazifani bajarish IIB bo‘limlariga yuklatilgan.

Shuningdek, avtomobillarning tarixi haqidagi ma’lumotlarni fuqarolarga taqdim qilish tartibi ham normativ hujjatlar bilan tartibga solinmagan. Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-transport hodisalarini hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2011 yil
15 noyabrdagi 303-sonli qarorining 6-bandi 3-xatboshisiga ko‘ra yo‘l-transport hodisasiga oid barcha ma’lumotlar ichki ishlar organlari tomonidan statistik hisobotga asoslanib tayyorlanadi hamda vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarga belgilangan tartibda tegishli so‘rov asosida beriladi. Bu esa fuqarolarga avtomashinaning YTHga uchraganligi to‘g‘risida ma’lumot taqdim etilishini istisno etadi.

Fuqarolarning ikkilamchi bozordan avtomashinalar harid qilishida huquqlarini mustahkamlash maqsadida birinchi navbatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l-transport hodisalarini hisobga olish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 2011 yil
15 noyabrda qabul qilingan 303-sonli qaroriga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish maqsadga muvofiq bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi Ichki Ishlar vazirligiga avtomobillarning reyestri va tarixini yuritish vazifasi yuklanishi to‘g‘risida va avtomobillarning tarixi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni fuqarolarga taqdim qilinishining tartibi to‘g‘risidagi bandlar aks ettirilishi lozim.
Bunda DYHXX har bir avtomobil tarixini yuritishi kerak bo‘ladi.

Yangi avtomobil avtosalondan harid qilingandan (yoki chet eldan chegarani kesib o‘tgandan) boshlab:
– O‘zgargan egalari soni;
– Avtomobilning o‘zi va uni boshqaradigan haydovchilar sug‘urtalangani, sug‘urta muddati;
– O‘zgargan davlat avto raqami;
– Avtomobilda sodir etilgan qoidabuzarliklar;
– Avtomobilning yo‘l-transport hodisalarida (avariyalarda) ishtiroki etgani-etmagani (ishtirok etgan bo‘lsa tegishli fotosuratlar bilan birga);
– Avtomobil bilan bog‘liq sug‘urta hodisalari soni va to‘lab berilgan sug‘urta tovoni summasi qayd etib borilishi kerak.

Shuningdek, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish va ularni sozlash ustaxonalarida ham shikast yetgan avtomobillarning fotosi, ularning ustaga keltirilgan va tuzatilgan sanasi bilan DYHXXning umumiy bazasida qayd etib borish tizimini majburiy tarzda yo‘lga qo‘yish kerak.
Shuningdek yuqorida bayon qilingan sabablarga ko‘ra mamlakatimizda “AutoCheck”, “Carfax” va “Avtoistoriya” saytlariga analog sayt faoliyatini yo‘lga qo‘yib, ikkilamchi bozordan mashina harid qiluvchilar uchun ularni qiziqtirgan ma’lumotlarni joylashtirib qo‘yilishi aholi uchun foydali bo‘ladi.

Sardor Turdikulov,
Adliya vazirligi huzuridagi
Huquqiy siyosat tadqiqot instituti mas’ul xodimi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Avtotransport vositalarining davlat reyestri O‘zbekiston sharoitida juda muhim