08:00 / 12.08.2022
1 621

Elektron qismlar kelishi to‘xtasa, Rossiya qurollari umidsiz ravishda eskirib boradi

Elektron qismlar kelishi to‘xtasa, Rossiya qurollari umidsiz ravishda eskirib boradi
Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi / TASS
Britaniyalik ekspertlar Rossiya Ukrainada qo‘llagan qurollarni o‘rganishdi. Undan 450 turdagi xorijiy qismlar topildi. Ulardan ba’zilari katta ehtimol bilan sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyaga yetib borgan.

Rossiya Ukraina bilan urushda asosan xorijiy komponentlardan iborat qurollardan foydalanmoqda. Chunki, ularsiz rus qurollari bir uyum temir-tersakka aylanadi. Komponentlarning bir qismi sanksiyalarni chetlab o‘tib, Rossiyaga olib kirilgan bo‘lishi mumkin, deyiladi Britaniyaning Mudofaa tadqiqot instituti (RUSI) hisobotida.

RUSI Ukrainada qo‘llangan va Ukraina armiyasi tomonidan qo‘lga olingan 27 turdagi zamonaviy rus qurollarining namunalarini o‘rgandi. Ular orasida qanotli raketalar, aloqa tizimlari va radioelektronika majmualari bor.

Mutaxassislar qurollarni bo‘laklarga ajratib, barcha qismlarini, jumladan mikroelektronikani ham ro‘yxatga olib, tasniflab chiqishdi. Komponentlarning ta’rifi va seriya raqamlari import-eksport bo‘yicha ma’lumotlar, Rossiya davlat xaridlari, shuningdek, harbiy qurollarning dislokatsiyasi haqidagi razvedka ma’lumotlari bilan taqqoslandi. Natijada, mutaxassislar ushbu namunalarda AQSH, Yevropa va Sharqiy Osiyoda ishlab chiqarilgan kamida 450 turdagi import qismlarini aniqladi.

«Rossiya harbiy harakatlari ko‘p jihatdan razvedka zarbasiga bog‘liq: nishonni topish, so‘ngra ularni o‘qqa tutish. Biz bu zanjirning deyarli har bir qismi xorijiy komponentlarga bog‘liq ekanini aniqladik», deydi RUSI katta ilmiy xodimi va hisobot mualliflaridan biri Jek Uotling.

G‘arbda ishlab chiqarilgan muhim komponentlar bo‘lmaganida, Rossiya 2014 yilda va hozirda Ukrainadagi urushni davom ettira olmasdi. Oddiy misol: dastlab, Rossiya harbiylari «Orlan-10» droni yordamida nishonni aniqlashadi. So‘ngra koordinatalar «Akveduk» radioaloqa majmuasi yordamida uzatiladi. Keyin «Tornado-S» tizimi orqali nishonga raketa uchiriladi.

Rossiyaning «Orlan-10» dronlari sanoqli daqiqalar ichida raqib pozitsiyalariga artilleriya zarbalari yo‘naltirishi mumkin. Foto: EPA
RUSI mutaxassislari «Orlan-10» dronida yapon dvigateli, Shveysariya kompaniyasining mikrokontrolleri asosidagi boshqaruv tizimi va Amerika uskunalari o‘rnatilgan kamera uchun mo‘ljallangan qismni topishdi. «Akveduk» majmuasida 10 dan ortiq xorijiy komponentlar bor. «Tornado-S» raketasining muhim navigatsiya elementlari Amerika kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.

Shuningdek, Rossiyaning 9M727 va X-101 qanotli raketalarida ham Amerikaning yirik zavodlarida ishlab chiqarilgan 30 dan ortiq komponent borligi aniqlangan. Umuman olganda, Rossiya qurollarida topilgan 450 ta xorijiy komponentning 70 foizi AQSH kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan.

Qayd etilishicha, Rossiyada import qilingan komponentlarning muqobili yo‘q. Chunki harbiy texnikalarda xorijiy ehtiyot qismlardan foydalanish uchun Rossiya kompaniyalari Mudofaa vazirligiga mahalliy analoglar yo‘qligini isbotlashi kerak.

Rus qurollaridagi ba’zi xorijiy qismlar 1980-yillarda ishlab chiqarilgan bo‘lsa, ba’zilari nisbatan yaqinda zavoddan chiqqan. Masalan, «Kalibr» raketalari qismlari 2018-2019-yillarda, ya’ni, G‘arb davlatlari Rossiyaga sanksiyalar kiritganidan keyingi 4 yil ichida ishlab chiqarilgan.

Rossiya qurollarida topilgan ba’zi komponentlar qat’iy eksport nazoratidan o‘tishi lozim edi. Demak, RUSI ekspertlari fikriga ko‘ra, ular Rossiyaga sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda yetib borgan yoki uchinchi mamlakatlar yordamida, vositachi «jinoiy guruhlar» orqali olingan. Qayd etish joizki, aniqlangan komponentlarning ba’zilari tinch maqsadlarda ham ishlatiladi. Shu sababli, ularga nisbatan eksport cheklovlari qo‘llanmaydi.

RUSI mutaxassislari oylar davomida Ukraina shaharlarida qolgan Rossiya qurollarini o‘rganib kelishadi. Foto: Reuters
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgach, G‘arb davlatlari Rossiyaga yuqori texnologiyalar eksportini taqiqladi, texnologiya kompaniyalari esa qismlar yetkazib berilishi to‘xtatilganini e’lon qildi. Ammo shunga qaramay, urush boshidan may oyi oxiriga qadar Rossiyaga G‘arb elektron komponentlarining 15 mingdan ortig‘i yetkazilgan, deyiladi RUSI va Reuters agentligining qo‘shma xulosasida.

Ishlab chiqaruvchilar buni Ukrainaga bosqin boshlangan paytda ba’zi tovarlar allaqachon yo‘lda bo‘lgani yoki Intel kompaniyasi (Rossiyadagi faoliyatini faqat aprel oyida to‘xtatgan) tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berilgani bilan izohlashmoqda. Shunday bo‘lsa-da, surishtiruvda tilga olingan ba’zi kompaniyalar allaqachon ichki audit o‘tkazilishini e’lon qilgan.

RUSI tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, Rossiya G‘arbdan kerakli komponentlarni sotib olish uchun allaqachon uchinchi davlatlar, soxta kompaniyalar va o‘z maxsus xizmatlarining maxfiy kanallaridan foydalanmoqda. Bu yangilik emas, bunday sxemani sovetlar ittifoqi ham qo‘llagan.

Albatta yangi sanksiyalar bu jarayonlarni murakkablashtirdi, lekin Rossiya hali ham ularni aylanib o‘tish yo‘llarini topmoqda. Hozirgi vaqtda Kreml bozordagi mikroelektronikaning ulgurji partiyalarini yoppasiga sotib olishga harakat qilyapti. Chunki o‘zida bunday texnologiyalar yo‘q va yaqin yillarda paydo bo‘lmaydi.

Texasda 1988 yilda ishlab chiqarilgan chip «Iskander» majmuasi orqali otiladigan 9M727 raketasi ichidan topilgan. Foto: Reuters
Tekshiruv mualliflari nimani taklif qilishadi?
RUSI hisoboti «Kremniy qutqaruv halqasi: G‘arb elektronikasi Rossiya harbiy mashinasining yuragida» deb nomlanadi. Mualliflar Rossiyani ushbu halqadan mahrum qilish uchun quyidagi choralarni ko‘rishni taklif qilishyapti:
  • O‘z mamlakatlari va yurisdiksiyalarida eksport nazoratini kuchaytirish;
  • Rossiyaning maxfiy xarid tarmoqlarini aniqlash va to‘xtatish uchun xalqaro miqyosda hamkorlik qilish;
  • Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarda muhim mikroelektronika komponentlari ishlab chiqarilishining oldini olish;
  • Uchinchi mamlakatlar va yurisdiksiyalar tomonidan reeksportni yoki sanksiya ostiga tushgan tovarlarni Rossiyaga yetkazib berishlarini rag‘batlantirmaslik.

Agar ushbu bo‘shliqlar yopilsa, Rossiya qurollari umidsiz ravishda eskirib boradi.

«Agar Rossiya bu komponentlardan ayrilsa, harbiy sanoati Ukrainada yo‘qotilgan arsenalni to‘ldira olmaydi», deydi Jek Uotling. Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Elektron qismlar kelishi to‘xtasa, Rossiya qurollari umidsiz ravishda eskirib boradi