date

Yaponiya Trampga milliardlab investitsiya va’da qildi

Yaponiya Trampga milliardlab investitsiya va’da qildi
AQSH prezidenti Donald Tramp Yaponiyada rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bu tashrif uning Osiyoga qilayotgan besh kunlik safarining navbatdagi bosqichi bo‘lib, Tramp uni Xitoy raisi Si Szinpin bilan savdo urushi bo‘yicha kelishuvga erishish bilan yakunlamoqchi.

Tramp safarning birinchi qismida Malayziyada Janubi-Sharqiy Osiyoning to‘rt davlati bilan savdo va muhim minerallar bo‘yicha bitimlar imzoladi. AQSH va Xitoy rasmiylari esa bojxona tariflarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuv loyihasiga erishgani ma’lum qilindi. Bu yangilik Osiyo bozorlarida o‘sish kayfiyatini yaratdi.

Tokioda Tramp Yaponiya imperatori Naruhito bilan uchrashdi. U shuningdek, yangi bosh vazir Sanae Takaichi bilan ham muloqot o‘tkazadi. Takaichi AQSH bilan hamkorlikni mustahkamlashni o‘z hukumatining eng muhim vazifasi deb atagan. U Tramp bilan savdo, energetika va mudofaa sohalaridagi loyihalarni kengaytirish masalalarini muhokama qiladi.

Yaponiya Trampga 550 milliard dollarlik investitsiya va’da qilgan. Bu mablag‘ mamlakatning energetika, kema qurilish va infratuzilma sohalarini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Tramp bu tashabbusni olqishlab, Yaponiyani “AQSHning eng ishonchli hamkori” deb atadi.

Tramp chorshanba kuni Janubiy Koreyaga yo‘l oladi. U yerda prezident Li Je Myon bilan uchrashuv o‘tkazib, so‘ng payshanba kuni Xitoy rahbari Si Szinpin bilan muzokara qiladi. Kuzatuvchilarning fikricha, bu uchrashuv Osiyoda savdo urushi keskinligini kamaytirishda muhim qadam bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yaponiya Trampga milliardlab investitsiya va’da qildi