
AQSHda hukumat faoliyati vaqtinchalik to‘xtagan bir paytda, mamlakat mudofaa tizimi kutilmaganda anonim manba orqali moliyaviy qo‘llov oldi. Politico nashrining yozishicha, Pentagon 130 million dollar miqdoridagi xayriya mablag‘ini qabul qilganini tasdiqladi.
Mudofaa vazirligi vakili Shon Parnell ma’lum qilishicha, ushbu mablag‘ davlat tomonidan emas, balki xususiy shaxs tomonidan taqdim etilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, pul asosan harbiy xizmatchilarning oylik maoshlarini to‘lash uchun yo‘naltiriladi. Ammo xayriya qilgan shaxsning kimligi oshkor etilmadi — hatto u AQSH fuqarosimi yoki yo‘qmi, degan savolga ham javob berilmadi.
Mavjud qonunlarga ko‘ra, harbiylar yoki ularning oilalari foydasiga qilingan 10 ming dollardan ortiq xayriyalar etika komissiyasi tomonidan tekshirilishi shart. Bu orqali “donorning manfaatlari davlat qarorlariga ta’sir etmaydi” degan kafolat aniqlanadi.
AQSH prezidenti Donald Tramp o‘z chiqishida mazkur xayriya haqida bilishini bildirdi, biroq donor ismini oshkor qilmadi. Uning ta’kidlashicha, pul “do‘stlik va hamdardlik hissi” bilan berilgan. Shu bilan birga, Tramp hukumat ishining to‘xtashi uchun yana bir bor Demokratik partiyani aybladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, berilgan mablag‘ barcha harbiylar maoshini to‘liq qoplamaydi. Faqat oktyabr oyining birinchi yarmida Pentagon maoshlar uchun taxminan 6,5 milliard dollar sarflagan. Kelasi hafta Kongress ushbu masala bo‘yicha yangi qonun loyihalarini ko‘rib chiqishi kutilmoqda.
1-oktyabrdan boshlab AQSHda yangi moliyaviy yil uchun byudjet qabul qilinmagani sababli bir qator davlat idoralari ishini to‘xtatgan. Bu holat mamlakatda “shatdaun” deb ataladi. Hukumatdagi kelishmovchiliklar asosan kambag‘allar uchun tibbiy sug‘urta dasturi — “Obamacare”ni moliyalashtirish masalasi bilan bog‘liq. Demokratlar ushbu dasturni himoya qilmoqda, respublikachilar esa uni qisqartirish tarafdori.
Shatdaun sabab qator vazirliklarda qisqartirishlar amalga oshirildi. Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 4200 dan ortiq davlat xizmatchisi ishdan bo‘shatilgan, jumladan moliya, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalarida. Shu bilan birga, Tramp mudofaa vaziriga harbiylarning maoshini hukumat ishi to‘xtaganiga qaramay ta’minlashni buyurdi.
Bunday holat so‘nggi bor 2018-yilning oxirida ro‘y bergan edi. O‘shandagi 35 kunlik byudjet to‘sig‘i AQSH tarixidagi eng uzoq shatdaun sifatida qayd etilgan. Uning sababi Trampning Meksika bilan chegarada devor qurish uchun katta mablag‘ ajratish talabi bo‘lgan.
Bu safargi holatda esa eng qiziq jihat — Pentagonning anonim xayriya qabul qilganidir. AQSHda bunday miqdordagi xususiy moliyaviy qo‘llov hukumat tizimida ilk marta qayd etilmoqda va bu nafaqat siyosiy, balki huquqiy savollarni ham keltirib chiqardi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu holat davlatning moliyaviy barqarorligi yuzasidan jiddiy signal bo‘lishi mumkin. Xususiy shaxslar tomonidan davlat tizimlariga moliyaviy yordam ko‘rsatish tendensiyasi kelgusida yangi siyosiy bahslarning asosiga aylanishi ehtimoldan holi emas.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!