
Koinot ilmiy jamoasi uchun yana bir muhim kashfiyot ro‘y berdi — xalqaro astronomlar guruhi Atakama yirik millimetr/submillimetr massivi (ALMA) orqali olib borilgan kuzatuvlar chog‘ida “Cloverleaf” nomi bilan tanilgan mashhur kvazar yaqinidan yangi, ulkan yorug‘lik manbaiga ega infraqizil galaktikani aniqladi. Bu haqda “Monthly Notices of the Royal Astronomical Society” jurnali xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kashf etilgan infraqizil galaktika Quyosh yorqinligidan bir trillion marta ko‘p nur tarqatadi. Bunday galaktikalar — astronomlar orasida ULIRG (ultra yorug‘ infraqizil galaktikalar) nomi bilan mashhur bo‘lib, ularda yulduz hosil bo‘lish jarayoni yiliga 100 dan 1000 tacha Quyosh massasi miqdorida kechadi. Olimlar fikricha, bu turdagi galaktikalar koinotdagi yulduzlarning shakllanishi va rivojlanish jarayonini chuqur anglashda katta ahamiyatga ega.
H1413+117 deb nomlangan “Cloverleaf” kvazari gravitatsion linzalanish sabab to‘rt marta ko‘payib ko‘rinadigan, ulkan energiya manbaidir. Yaponiyalik tadqiqotchi Natsuki Hayatsu boshchiligidagi guruh uni ALMA orqali o‘rganar ekan, kutilmaganda aynan shu kvazar ortida yashirin holda turgan yangi galaktikani aniqladi.
Olimlar ta’kidlashicha, bu galaktika optik nurda ko‘rinmaydi — u chang qatlami bilan to‘liq qoplangan, ammo submillimetr to‘lqinlarda juda aniq kuzatiladi. Bu kabi yashirin obyektlar ko‘pincha yerdagi teleskoplar yordamida aniqlanishi qiyin bo‘ladi, chunki ularning nurini chang so‘rib yuboradi.
Yangi kashf etilgan galaktika “Cloverleaf”dan taxminan 6 yoysoniya uzoqlikda, qizil siljishi esa 3,39 darajani tashkil etgan. Tadqiqotchilar uning molekulyar massasini 40–230 milliard Quyosh massasi, qora tuynugini esa 0,1 milliard Quyosh massasi atrofida deb baholashmoqda.
Bundan tashqari, galaktikaning infraqizil yorqinligi 2,8 trillion Quyosh yorqinligi darajasiga yetgan. Uning energetik faolligi shunchalik yuqoriki, bu holat astronomlar tomonidan “yulduz portlashi bosqichi” sifatida ta’riflandi.
Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu ULIRG hali dinamik jihatdan barqaror emas — ehtimol u molekulyar gazga boy bo‘lgan ikki yirik galaktikaning to‘qnashuvi natijasida shakllanayotgan bo‘lishi mumkin. Bu uning kelajakda faol yadroviy galaktikaga (AGN), undan so‘ng esa ellipssimon tuzilmaga aylanish ehtimolini oshiradi.
Astronomlar qo‘shimcha ravishda galaktikaning molekulyar tarkibi va uning ichki dinamikasini yanada chuqurroq o‘rganish uchun yangi kuzatuvlar rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda Amsterdam universiteti olimlari ham NASA’ning TESS teleskopi yordamida yangi — TOI-2431 b nomli sayyorani aniqlaganini ma’lum qilgandi. Bu kashfiyotlar koinotda hali kashf etilmagan sirlar nechog‘lik ko‘p ekanini yana bir bor tasdiqlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!