date

Kamerunda 92 yoshli prezident yana lavozimiga qaytdi

Kamerunda 92 yoshli prezident yana lavozimiga qaytdi

Kamerunda 92 yoshli amaldagӣ davlat rahbari Pol Biyya yana prezident etib saylandi. Bu haqda mamlakatning Konstitutsiyaviy Kengashi rasman ma’lum qildi. Rasmiy natijalarga ko‘ra, u saylovda 53,66 foiz ovoz to‘plab, navbatdagi prezidentlik muddatiga ega bo‘ldi.

Pol Biyya ilk bor 1982-yilda hokimiyat tepasiga kelgan bo‘lib, shundan beri mamlakatni uzluksiz ravishda boshqarib kelmoqda. Yangi saylov natijalari uning hokimiyatdagi 43-yillik faoliyatini yana bir muddatga uzaytirdi.

Shu bilan birga, asosiy muxolifat nomzodi Issa Chiroma Bakaiyri natijalarni rad etdi. U o‘z hisob-kitoblariga ko‘ra, g‘olib ekanini bildirib, hukumatni ovoz berish natijalarini soxtalashtirishda aybladi. Natijalar e’lon qilingach, poytaxt Yaunde va bir nechta yirik shaharlarda norozilik namoyishlari boshlandi. Mahalliy OAVning yozishicha, ayrim joylarda politsiya va fuqarolar o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘lgan, bir nechta kishi halok bo‘lgan, yuzlab odamlar esa hibsga olingan.

Xalqaro kuzatuvchilar ham saylov jarayonida bir qancha kamchiliklarni qayd etgan. Xususan, byulletenlarni sanash paytida shaffoflik yetishmagani va davlat resurslarining amaldagi prezident foydasiga ishlatilgani haqida xabar berilgan.

Pol Biyya hozirgi kunda dunyodagi eng uzoq vaqt hokimiyatda qolgan yetakchilardan biri sifatida tilga olinadi. Uning boshqaruv davrida mamlakatda nisbatan siyosiy barqarorlik saqlanib kelayotgan bo‘lsa-da, yosh avlod va fuqarolik jamiyati vakillari islohotlar, erkin saylovlar va siyosiy yangilanishni talab qilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, mamlakatning kelgusi siyosiy yo‘nalishi aynan Biyyaning sog‘ligi va uning hokimiyatni kimga topshirishi bilan bog‘liq bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kamerunda 92 yoshli prezident yana lavozimiga qaytdi