date

Hindistonda Divali bayrami fojia bilan yakunlandi — 14 bola ko‘r bo‘lib qoldi

Hindistonda Divali bayrami fojia bilan yakunlandi — 14 bola ko‘r bo‘lib qoldi

Hindistonning Madhya-Pradesh shtatida Divali bayramidan keyin fojiali xabarlar kelmoqda. Bayram chog‘ida noqonuniy portlovchi o‘yinchoqlardan foydalanish natijasida 14 nafar bola ko‘rish qobiliyatidan mahrum bo‘ldi, deb yozmoqda mahalliy OAV.

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Bhopal va Vidisha tumanlaridagina 120 dan ortiq bola turli jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlar ularning bir qismida ko‘z shikastlanishi qayd etilganini, 14 nafar bolada esa ko‘rishni tiklashning imkoni yo‘qligini ma’lum qilgan.

Hodisaga “karbid qurol” deb ataluvchi uy sharoitida tayyorlangan portlovchi qurollar sabab bo‘lgan. Bu qurilma kalsiy karbid va suv aralashmasidan hosil bo‘lgan gaz yordamida portlaydi. Portlash paytida uchgan metall yoki plastik bo‘laklar bolalarning ko‘zi va yuziga og‘ir shikast yetkazgan.

Hindiston rasmiylari bu turdagi qurilmalarni sotish avvaldan taqiqlanganini eslatdi. Biroq ayrim bozorlarda ular yashirincha savdo qilingani aniqlangan. Politsiya bir nechta sotuvchini ushlagan, ammo aholi hukumatdan qattiqroq nazorat va jabrlanganlarga kompensatsiya talab qilmoqda.

Mutaxassislar esa bayram paytida sertifikatlangan, xavfsiz pirotexnika vositalaridan foydalanish hamda bolalarni bunday xavfli o‘yinlardan uzoqroq tutish zarurligini yana bir bor ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda Divali bayrami fojia bilan yakunlandi — 14 bola ko‘r bo‘lib qoldi