22:15 / 14.08.2022
1 899

Uch prezidentni ko‘rgan bankir va tadbirkor Endryu Mellon haqida hikoya

Uch prezidentni ko‘rgan bankir va tadbirkor Endryu Mellon haqida hikoya
Navbatdagi maqolamizda bankir va tadbirkor, AQSHning uchta prezidenti davrida G‘aznachilik kotibi sifatida faoliyat yuritgan Endryu Mellon haqida hikoya qilamiz.

Endryu Mellon kim?
Endryu Mellon Qo‘shma Shtatlarda tavallud topgan. Uni taniqli davlat arbobi va tadbirkor sifatida eslashadi. U uchta respublikachi prezident – Uorren Xarding, Kalvin Kulij va Herbert Guver davrida G‘aznachilik kotibi bo‘lib ishlagan va asosiy e’tiborini mamlakat qarzlari va biznes soliqlarini kamaytirish hamda federal budjetni muvozanatlash masalalariga qaratgan. Mellonning siyosati ziddiyatli edi va u 1929 yildagi fond bozori qulashidan keyin iste’foga chiqadi.

Erta hayot va ta’lim
Mellon 1855 yil Pittsburgda sudya Tomas va Sara Jeyn Mellonlar oilasida tug‘ilgan. U oltinchi, lekin go‘dakligidan omon qolgan to‘rtinchi farzand edi. Mellonlar 1800 yillarning boshlarida Pittsburgda istiqomat qilgan irlandiyalik muhojirlar hisoblangan. Oila g‘arbiy Pensilvaniya shtatida «T. Mellon and Sons» bankiga asos soladi.

Uyda xususiy ta’lim olgan Mellon 17 yoshida oilaviy biznesga qo‘shildi. U hozirda Pittsburg universiteti nomi bilan tanilgan G‘arbiy universitetda o‘qigan, ammo diplom olmagan.

Tomas Mellon va o‘g‘illari bilan birga bo‘lgan davrda bank Pensilvaniyaning g‘arbiy qismidagi eng ko‘zga ko‘ringan muassasalardan biriga aylanadi. Keyinroq Mellon «Gulf Oil» va «Koppers» kabi kompaniyalarni moliyalashtirishga hissa qo‘shdi. Shuningdek, uning farzandlari Aylsa va Pol ham xayriya tashkilotlariga asos solgan.

Muhim yutuqlar
Endryu Mellon 1921 yil prezident Uorren Xarding tomonidan G‘aznachilik kotibi etib tayinlangan edi. Garchi u Pittsburgda respublikachilar siyosatida ishtirok etgan bo‘lsa-da, bu tayinlanish unga milliy e’tirof olib keldi.

Mellon 1920 yillarning notinch davrida, sezilarli iqtisodiy o‘sish va kengayish bilan mashhur bo‘lgan o‘n yil davomida xizmat qildi. U 1924 yilda Kongress tomonidan qabul qilingan «Mellon rejasi»ga o‘z nomini bergan. Reja biznes va badavlat shaxslar uchun soliqlarni qisqartirdi va davlat xarajatlarini kamaytirdi.

Mellon rejasi iqtisodiy o‘sish va biznesni kengaytirishni rag‘batlantirish uchun ishlab chiqilgan va u 20 yillarning birja bozorini faollashtirishga yordam beradi. Shunisi e’tiborga loyiqki, 1929 yilga kelib davlat qarzi taxminan 7 milliard AQSH dollarga kamayadi. Ammo Mellon ham, uning rejasi ham 1929 yildagi fond bozori qulashidan keyin jiddiy tanqidga uchraydi va natijada iste’foga ketadi.

1932 yil u Buyuk Britaniyaga elchi etib tayinlandi, ammo bir yillik xizmatdan so‘ng shaxsiy biznesga qaytadi. 1933 yil Prezident Franklin Ruzveltning yangi demokratik ma’muriyati Mellonning san’at kolleksiyasi bilan bog‘liq ishi bo‘yicha soliqni buzishda ayblagan, lekin sudlanmagan.

Boylik va xayriya
1920 yillarning oxiriga kelib Mellonning shaxsiy boyligi 600 million AQSH dollarini tashkil etgani, bu esa uni mamlakatning eng badavlat kishilaridan biriga aylantirgani haqida mish-mishlar tarqaladi. Keyingi yillarida u filantrop sifatida Pittsburg va Vashingtondagi ta’lim tashkilotlariga millionlab mablag‘larni xayriya qiladi.

Mellon Vashingtonda Milliy san’at galereyasini tashkil etish uchun pul va qator san’at asarlarini berdi. Shuningdek, u Pittsburgdagi Mellon institutiga asos solgan. 1960 yillarda muassasa Karnegi Texnologiya Instituti bilan birlashib, hozirgi Karnegi-Mellon universitetiga aylangan.

Uning merosi
Mellon siyosiy konservativ edi. U boylar va bizneslarni himoya qiluvchi choralarni ilgari surdi, bu g‘oya ba’zi doiralarda hozirgacha saqlanib kelmoqda. U xususan, o‘zining konservativ soliq va xarajatlar siyosati va keyinchalik 1924 yildagi Daromadlar to‘g‘risidagi qonun sifatida tanilgan «Mellon rejasi» bilan tanilgan edi. Hayoti davomida u mamlakatning eng badavlat kishilaridan biri bo‘lgan. Tadbirkor va xayriyachi inson o‘laroq yodda qolgan.

Endryu Mellonning «Mellon National Bank» nomi bilan tanilgan oilaviy banki keyinchalik «Mellon Financial Corporation»ga aylandi. 2007 yilda «Bank of New York» bilan birlashadi. Bugungi kunda esa, «BNY Mellon» nomi bilan qayd etiladi.

Endryu Mellon qanday boyib ketdi?
Yuqorida tilgan olinganidek, uning ota-onasi «T. Mellon and Sons» oilaviy bankiga asos solgan va Pensilvaniyaning g‘arbiy qismidagi ko‘plab sanoat korxonalarini moliyalashtirgan. Yoshligida bankka ishlashga borgan Mellon dastlabki bosqichlarda «Aluminum Company of America» (Alcoa) va «Gulf Oil» kabi kompaniyalarga sarmoya kiritgan. Katta salohiyatga erishishi mumkin bo‘lgan kompaniyalarni aniqlashning g‘ayrioddiy qobiliyati bilan sarmoyalari uni Qo‘shma Shtatlardagi eng boy odamlardan biriga aylantirdi.

Endryu Mellon boyligi bugun qancha turadi?
1920 yillarda Mellonning boyligi 600 million AQSH dollariga baholangan. Bu miqdor bugungi kunda 9 milliard AQSH dollaridan oshadi.

Endryu Mellon o‘z pulini nima qildi?
Mellon o‘z pullarini ko‘plab kompaniyalarga, jumladan, neft va sanoat firmalariga kiritadi. Shuningdek, u boyligining katta qismini xayriya va ta’lim muassasalariga, xususan Vashingtondagi Milliy san’at galereyasiga xayriya qilgan.

Xulosa
Munozarali shaxs Endryu Mellon o‘z davrining eng boy insonlaridan biri edi. Siyosatchi va davlat arbobi sifatida u iqtisodiy o‘sishni va biznesni kengaytirishni rag‘batlantiradigan soliq islohotlari va siyosatini joriy qilishga mas’ul bo‘lgan. Biroq, 1929 yildagi fond bozori qulashidan keyin va Buyuk Depressiya davrida u jiddiy tanqidlarga uchradi. Uning qarashlari hanuzgacha iqtisodchilar o‘rtasida munozara mavzusi bo‘lib qolmoqda. Chunki Mellon progressiv soliqqa tortishning muxolifi hisoblangan.

Endryu Mellon ikki marta – 1923 va 1928 yillarda Time jurnalining muqovasida va 1955 yil AQSH pochta markasida tasvirlangan.

Nurillo To‘xtasinov tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uch prezidentni ko‘rgan bankir va tadbirkor Endryu Mellon haqida hikoya