16:50 / 17.09.2022
1 003

Suriyalik 20 mingdan ortiq qochqin noqonuniy ravishda Turkiya orqali Gretsiya va Yevropaga harakatlanmoqda

Suriyalik 20 mingdan ortiq qochqin noqonuniy ravishda Turkiya orqali Gretsiya va Yevropaga harakatlanmoqda
Foto: «Kommersant’»
Sentabr oyi boshidan buyon ijtimoiy tarmoqlarda Suriya shimolida yashovchi aholilar o‘rtasida Turkiya orqali Yevropaga ko‘chib ketishga chaqiruvchi kampaniyalar avj oldi. Bir necha hafta ichida bu harakatga o‘n minglab odamlar qo‘shildi. Yevropada esa allaqachon Anqara suriyaliklar uchun YEIga yo‘l ochayotgani haqida ayblovlar paydo bo‘lgan. Bu haqda «Kommersant’» nashri xabar bermoqda.

Hafta boshida yuzlab suriyaliklar Yevropaga chiqish uchun Turkiyaga bostirib kirishga harakat qilgan. Ammo ular Suriyaning Idlib viloyatini nazorat qiluvchi guruhlar tomonidan to‘xtatib qolingan.

Suriya shimolidagi Idlib deyeskalatsiya zonasidagi vaziyatni nazorat qiluvchi «Hayat Tahrir ash-Sham» guruhi jangarilari 13 sentabr kuni Bobda yig‘ilgan suriyalik tinch aholi olomonini tarqatib yubordi. Ular Turkiya hududi orqali Yevropaga borishni xohlamoqda.

Bu voqea bir necha mustaqil suriyalik jurnalistlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda xabar qilingan. Arab ommaviy axborot vositalari va muxolifatga yaqin bo‘lgan Suriyada inson huquqlarini monitoring qilish markazining sayti ham Idlibda sodir bo‘lgan voqealar to‘g‘risida yozgan. Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, seshanba (13 avgust) kuni chegara punktida 300-500 ga yaqin odam to‘plangan.

Idlib va ​​Aleppodagi suriyaliklar taqdiri noma’lumligini anglagach, ularda immigratsiya g‘oyasi paydo bo‘la boshladi. Bu Turkiyaning Suriya rejimiga nisbatan pozitsiyasi o‘zgarganidan va Turkiya rasmiylari, jumladan, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘lining Suriya rejimi bilan murosa hamda ikki tomon o‘rtasidagi siyosiy munosabatlarni tartibga solish haqidagi bayonotlaridan keyin sodir bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyida Chavusho‘g‘li haqiqatan ham «Suriyada barqarorlik va tinchlikni ta’minlashning sharti muxolifat va rejim o‘rtasidagi kelishuvlarga erishishdir», — deb aytgan edi.

Bularning barchasi Suriya shimolida norozilik «bo‘roni»ga sabab bo‘ldi. Bu hudud Turkiyaga sodiq Suriya muxolifati tomonidan nazorat qilinadi. Garchi turk vaziri, «holat mutlaqo bunday emas», — deya qasam ichgan bo‘lsa-da, ular Anqara o‘z manfaatlariga xiyonat qilish niyatida, degan qarorga kelgan.

Prezident Erdo‘g‘anning suriyaliklarni Turkiyaga qaytarishda faol ishtirok etish niyati, ayniqsa, kelasi yili bo‘lib o‘tadigan parlament va prezidentlik saylovlari munosabati bilan olovga moy sepgandek bo‘ldi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada ro‘yxatga olingan suriyaliklar soni 3,6 million kishidan oshadi. May oyida Erdo‘g‘on Anqara bir million suriyalikning vataniga qaytishiga imkon beruvchi yangi loyiha tayyorlayotganini ma’lum qilgan edi. Buning uchun Suriya shimolida o‘n minglab uylar qurilmoqda. Turkiya Ichki ishlar vazirligi suriyaliklarning 70 foizi o‘z vataniga qaytishni xohlayotganini da’vo qilmoqda. Biroq ommaviy axborot vositalaridagi nashrlar statistikasi buning aksini ko‘rsatadi.

Ayni paytda Turkiyada suriyaliklarning ko‘payishi bilan bog‘liq vaziyat qizg‘inlashib bormoqda. Mamlakatdagi iqtisodiy inqiroz fonida ularning ahvoli og‘irlashdi. Mahalliy aholi bilan tortishuvlar tez-tez sodir bo‘ldi. Eng muhimi, Turkiya hukumati tomonidan ularga qo‘yiladigan talablar keskinlashdi.

Suriya Inson huquqlari monitoringi markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiya yil boshidan buyon 8 mingdan ortiq suriyalikni, jumladan «noqonuniy kirish» uchun deportatsiya qilgan. Avgust oyi boshidan buyon deportatsiya qilinganlar soni 1,2 ming kishidan oshadi. Bu odamlarning ko‘pchiligi Turkiyaning Yevropa Ittifoqi bilan chegarasini kesib o‘tishga uringan vaqtda qo‘lga olingan.

Shu fonda sentabr oyi boshida ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyadagi suriyaliklarni Yevropaga kirishda ruxsat olish uchun birlashishga chaqirgan «Nur karvoni» nomli guruhlar paydo bo‘ldi. Ikki hafta muddat ichida 85 ming dan ortiq odam Telegram’dagi «Nur karvoni»ning asosiy guruhiga qo‘shilgan. Biroq guruh tashkilotchilarining shaxsi, shuningdek, ularning biron bir tuzilma yoki tashkilotlarga aloqadorligini aniqlashning hali ham iloji topilganicha yo‘q.

Bayonotlarga qaraganda, bu odamlar Damashqqa nisbatan keskin muxolif pozitsiyasida, biroq Turkiyaga sodiq.

- "Biz, Turkiya tuprog‘idagi suriyaliklar, sizdan bu tuproqda quvg‘inga uchragan qochqinlarga najot bo‘ladigan qo‘llab-quvvatlovingizni so‘raymiz. Shuningdek, xalqaro inson huquqlari tashkilotlari va OAVning g‘amxo‘r odamlaridan ham yordam so‘raymiz", — deydi guruh a’zolari.

Nashrlarda, shuningdek, «turk xalqi va davlatidan minnatdor ekanliklarini» va endi Turkiyaning suriyaliklarga mezbonlik qilish orqali o‘n yildan beri ko‘tarib kelayotgan «yukni yengillatmoqchi» ekanliklarini ham ta’kidlaydi. Buning uchun tashkilotchilarning fikricha, ularga Yevropaga yetib olish uchun yordam kerak.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda minglab suriyaliklar allaqachon Germaniyaga ko‘chib o‘tgani haqidagi sharhlar bilan televizion kadrlar paydo bo‘ldi. Biroq Telegram’dagi «Nur karvoni» guruhi ma’muri «Kommersant’»ga «bu kadrlarning ularga hech qanday aloqasi yo‘qligini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilotchilar jarayonni boshlash ustida ishlamoqda.

Turkiyadagi Suriya jamiyati ikkiga bo‘lingan. Ko‘pchilik Iroq va Suriyadan kelgan muhojirlar Belarus orqali Yevropaga kirishga uringanidek, odamlar shunchaki siyosiy o‘yinlar garoviga aylanib qolishidan qo‘rqib, «Nur karvoni» faollarining harakatlaridan ehtiyot bo‘lishadi.

«Nur karvoni» insoniyat tarixida juda qorong‘u sahifaga aylanishidan qo‘rqaman. Frontex (Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralar xavfsizligi agentligi— tah.) na Suriyadagi turmush sharoitining yomonlashishini, na turklarning suriyaliklarga qarshi zo‘ravon irqchilikning kuchayishini, na Asad bilan munosabatlarning normallashishini hisobga olmaydi. Yevroittifoq xavfsizligidan ko‘ra», — deb yozdi suriyalik jurnalist Amr Refayi Twitter’da.

Ayni paytda, ko‘plab suriyaliklar uchun Karvon yaxshi hayot uchun so‘nggi umiddir. Guruh a’zolaridan biri o‘z farzandlarining baxtli kelajagi umidida Yevropaga borishni orzu qilishini aytdi. U uch yildan beri Turkiyada yashaydi, rafiqasi va ikki farzandi Damashqda qolgan. «Turkiyada ham ish yo‘q, chidab bo‘lmas yashash sharoiti, kelajak ham yo‘q», — deydi u.

Va «karvon»siz har kuni o»nlab odamlar Turkiyadan Yevropaga Bolgariya va Gretsiya bilan quruqlik va dengiz chegaralari orqali borishga harakat qilishadi. Ularning asosiy maqsadi Germaniya. Arab ommaviy axborot vositalari so‘nggi haftalarda Yevropaga kirib qolgan suriyaliklarning hikoyalarini takrorlaydi. Yevropa Ittifoqi muhojirlarning yangi to‘lqini haqida gapirmoqda.

Frontex ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida Yevropa Ittifoqining tashqi chegaralarida 188 mingdan ortiq noqonuniy kirish holatlari aniqlangan, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 75 foizga ko‘pdir. Migratsiya inqirozi avjiga chiqqan 2016 yildan beri bunday ko‘rsatkichlar kuzatilmagan.

Qayd etilishicha, G‘arbiy Bolqon yo‘nalishi YEIga kirishning eng faol yo‘li bo‘lib qolmoqda. Ko‘p sonli noqonuniy chegarani kesib o‘tish holatlari G‘arbiy Bolqonda (Albaniya, Bosniya va Gersegovina, qisman tan olingan Kosovo, Shimoliy Makedoniya, Serbiya va Chernogoriya) ham qayd etilgan. Lekin Turkiyaga ishora qiluvchilar ham yetarlicha mavjuddir.

-"Biz Turkiyadan Yevropaga eshiklarni keng ochdik. Shu sababli Chexiya va qo‘shni Yevropa davlatlariga kelayotgan noqonuniy suriyalik muhojirlar soni ortib bormoqda. Qolaversa, ular o‘z mamlakatidan emas, balki Turkiya orqali kelishadi", - deydi Chexiya bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri Vit Rakusan.

Chexiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sakkiz oyida mamlakat hududida 3 ming 600 dan ortiq noqonuniy migrantlar qo‘lga olingan bo‘lib, ularning 90 foizi Suriya fuqarolaridir.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo