Jamal Musiala Michael Olise va Vincent Kompany haqida iliq fikrlar bildirdi

Bavariya yarimhimoyachisi Jamal Musiala o‘z jamoadoshi Michael Olisening jamoaga tez moslashib ketganini va uning o‘yinida katta o‘sish kuzatilayotganini alohida ta’kidladi. Musiala va Olise avvalroq Chelsi akademiyasida birga to‘p surishgan, endi esa Bavariyada yana birga faoliyat olib borishmoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Musialaning so‘zlariga ko‘ra, Olise Kristal Pelas safidan kelganidan buyon o‘z mahoratini har tomonlama oshirgan. U yosh vingerning maydondagi ishonchi va kreativligi jamoa uchun muhim ahamiyat kasb etayotganini qayd etdi. Jamalning fikricha, agar Olise shu tempda rivojlanishda davom etsa, kelajakda yanada yorqinroq futbolchiga aylanadi.
Shuningdek, Musiala bosh murabbiy Vincent Kompanyning insoniy fazilatlariga ham yuqori baho berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kompany futbolchilar bilan ochiq muloqot qila oladigan, ularning holatini, ayniqsa jarohatlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni yaxshi tushunadigan mutaxassisdir.
Hozirda Bavariya mavsumni muvaffaqiyatli yakunlash va DFB-Pokal finalida g‘alaba qozonishga intilmoqda. Musiala esa klubdagi o‘yinlaridan tashqari, Julian Nagelsmann qo‘l ostidagi Germaniya terma jamoasi bilan 2026-yilgi Jahon chempionatida yuqori natijalarga erishishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!