Eronda josuslikda ayblangan shaxs qatl etildi

Eron rasmiylari 13 may kuni 32 yoshli fuqaro — Ehson Afreshtehni Isroil foydasiga josuslik qilganlikda ayblab qatl etdi. Bu haqda Eron sud hokimiyatiga qarashli Mizan Online nashri ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Afreshteh Mossad bilan aloqada bo‘lgan va Nepal hududida maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan. U Isroil tomoniga maxfiy ma’lumotlarni yetkazib berganlikda ayblangan.
Ta’kidlanishicha, ushbu voqea AQSH–Isroil va Eron o‘rtasidagi keskinlik kuchaygan davrda sodir bo‘lib, so‘nggi mojarolar boshlanganidan buyon josuslik ayblovi bilan amalga oshirilgan oltinchi qatl sifatida qayd etildi.
Biroq, Norvegiyada joylashgan inson huquqlari tashkilotlari ushbu ayblovlarni shubha ostiga olmoqda. Ularning bayonotlarida Afreshteh Isroil razvedkasi bilan maxfiy ma’lumot almashganini inkor etgani, o‘zini esa faqat kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassis sifatida faoliyat yuritganini ta’kidlagani qayd etilgan. U ayrim mustaqil veb-saytlarni ehtimoliy kiberhujumlar haqida ogohlantirib kelganini bildirgan.
Voqea atrofidagi yana bir fojeali holat — Afreshtehning otasi chiqarilgan hukmni eshitgach, yurak xurujidan vafot etgani haqidagi xabarlar ham jamoatchilikda katta aks-sado bermoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!