Dunyoda vino iste’moli keskin pasayib ketdi

Dunyo bo‘ylab vino iste’moli so‘nggi o‘n yilliklarda eng past darajaga tushib, 1957 yildan buyon qayd etilmagan rekord pasayish kuzatildi. Bu haqda Xalqaro uzumchilik va vinochilik tashkiloti (OIV) hisobotida ma’lum qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, 2025 yilda global miqyosda jami 208 million gektolitr vino iste’mol qilingan. Bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 2,7 foizga, 2018 yil bilan solishtirganda esa 14 foizga kamligini anglatadi. Mutaxassislar mazkur pasayishni asosan iste’molchilarning turmush tarzidagi o‘zgarishlar hamda jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar bilan izohlashmoqda.
Eng yirik vino bozorlarida ham sezilarli kamayish qayd etilgan. Xususan, AQSH va Germaniyada iste’mol bir yil ichida 4,3 foizga, Fransiyada 3,2 foizga, Italiyada esa 9,4 foizga tushib ketgan. Eng katta pasayish esa Xitoyda kuzatilib, u yerda vino iste’moli 13 foizga qisqargan.
Shu bilan birga, ayrim davlatlarda aksincha o‘sish ham qayd etilgan. Portugaliya, Braziliya va Yaponiya kabi mamlakatlarda vino iste’moli biroz oshgan bo‘lsa-da, global trendni o‘zgartira olmagan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, tokzorlar maydoni ham izchil qisqarib bormoqda, eksport hajmi esa so‘nggi 15 yildagi eng past darajada qolmoqda. So‘nggi 25 yil ichida dunyo bo‘yicha tokzorlarning qariyb 10 foizi yo‘qolib ketgani ham soha uchun jiddiy signal sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!