15:13 / 01.11.2022
4 140

O‘g‘rilar yo‘q, qamoqxonasi sanatoriyga o‘xshash mamlakatni bilasizmi?

O‘g‘rilar yo‘q, qamoqxonasi sanatoriyga o‘xshash mamlakatni bilasizmi?
Norvegiya Qirolligi Shimoliy Yevropadagi mamlakat bo‘lib, materik hududi Skandinaviya yarim orolining g‘arbiy va eng shimoliy qismini o‘z ichiga oladi. Olis Arktikadagi Yan Mayen oroli hamda Svalbard arxipelaglari ham Norvegiya tarkibiga kiradi. Norvegiyaning poytaxti va eng katta shahri - Oslo.

Norvegiya nega «Yarim tungi quyosh» mamlakati deb nomlangan?

Yarim tungi quyosh - bu har yili yoz oylarida Arktika doirasining shimolida sodir bo‘ladigan hodisaning nomi. Ushbu kenglikdan tashqarida quyosh yozda hech qachon ufqdan pastga botmaydi va shimolga qanchalik uzoq sayohat qilsangiz, tunda quyosh osmonda shunchalik baland bo‘ladi. Shuning uchun Shimoliy Norvegiya ko‘pincha yarim tungi quyosh mamlakati deb ataladi.

Geografiyasi

Norvegiyaning umumiy maydoni 385,207 kvadrat kilometr bo‘lib, 2022 yilda 5,6 million aholiga ega bo‘lgan. Mamlakat Shvetsiya bilan 1,619 km uzunlikdagi sharqiy chegaraga ega. U shimoli-sharqda Finlyandiya va Rossiya bilan, janubda Daniya va Buyuk Britaniya bilan chegaradosh. Norvegiya shimoliy Atlantika okeani va Barens dengiziga qaragan keng qirg‘oq chizig‘iga ega. Norvegiya iqlimida dengiz ta’siri hukmronlik qiladi. Dengiz ta’siri mamlakatning ayrim hududlarida kuchli yog‘ingarchilik va qor yog‘ishiga olib keladi.

Davlat tuzumi

Gluksburg oilasiga mansub bo‘lgan Harald V Norvegiyaning hozirgi qiroli hisoblanadi. Jonas Gaar Styor 2021 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelmoqda. Norvegiya konstitutsiyaviy monarxiyaga ega unitar suveren davlatdir. 1814 yilgi konstitutsiyada belgilanganidek, davlat hokimiyatini parlament, vazirlar mahkamasi va oliy sud boshqaradi.

Qisqacha tarixi

Qirollik 872 yilda ko‘plab mayda qirolliklarning qo‘shilishi evaziga tashkil etilgan bo‘lib, 1150 yildan beri doimiy ravishda mavjud bo‘lib kulmoqda. 1537 yildan 1814 yilgacha Norvegiya Daniya-Norvegiya Qirolligining bir qismi bo‘lgan, 1814 yildan 1905 yilgacha esa Shvetsiya Qirolligi bilan ittifoqda bo‘lgan.

Norvegiya Birinchi jahon urushi paytida, shuningdek, Ikkinchi Jahon urushida 1940 yil apreligacha neytral bo‘lgan.

Norvegiyada ikki darajadagi ma’muriy va siyosiy bo‘linmalar mavjud: okruglar va munitsipalitetlar. Norvegiya Yevropa Ittifoqi va AQSH bilan yaqin aloqada. Norvegiya, shuningdek, BMT, NATO, Yevropa Erkin Savdo Assotsiatsiyasi, Yevropa Kengashi, Antarktika Shartnomasi va Shimoliy Kengashning asoschilaridan hisoblanadi; Yevropa Iqtisodiy hududi va JST a’zosi hamda Shengen hududining bir qismidir. Bundan tashqari, norveg tillari daniya va shved tillari bilan o‘zaro tushunarlilik xususiyatiga egadir.

Norvegiya Nordik farovonlik modelini universal sog‘liqni saqlash va keng qamrovli ijtimoiy xavfsizlik tizimi bilan qo‘llab-quvvatlaydi. Norvegiya davlati neft, tabiiy gaz, minerallar, yog‘och, dengiz mahsulotlari va chuchuk suvning katta zaxiralariga ega. Neft sanoati mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YAIM) qariyb chorak qismini tashkil qiladi. Aholi jon boshiga hisoblaganda, Norvegiya Yaqin Sharqdan tashqari neft va tabiiy gaz bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi.

Mamlakat Jahon banki va Xalqaro Valyuta Fondi ro‘yxatida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinda turadi. Markaziy razvedka boshqarmasining avtonom hududlarni o‘z ichiga olgan aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YAIM (PPP) ro‘yxatida (2015 yil hisobi) Norvegiya o‘n birinchi o‘rinda turadi. U 1 trillion AQSH dollari qiymatidagi dunyodagi eng yirik suveren boylik fondiga ega. Norvegiya 2009 yildan beri inson taraqqiyoti indeksi bo‘yicha dunyodagi eng yuqori reytingga egadir. Norvegiya 2017 yil uchun Jahon baxtiyorlik hisoboti va Demokratiya Indeksi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi. Norvegiya dunyodagi eng past jinoyat ko‘rsatkichiga ega.

Norvegiya haqida qiziqarli faktlar

Norvegiya vikinglar vatani! Shuningdek, hayot uchun eng yaxshi mamlakatlar reytingida ko‘p yillardan beri oldingi o‘rinlarni egallab kelayotgan nihoyatda go‘zal va obod davlat.

Bu yerda, ayniqsa Oslodan tashqarida, o‘g‘irlik deyarli yo‘q. Yozda bu yerdagi avtomagistrallarda quyidagi manzarani ko‘rishingiz mumkin: stol va uning ustida mevalar, ko‘katlar, tarozi, pul qutisi. Sotuvchi esa yo‘q. Xaridor olgan narsasini o‘lchab, pulini tashlab ketaveradi.

Norvegiyadagi qamoqxonalar ko‘proq sanatoriylarga o‘xshaydi. Norvegiya rasmiylarining fikricha, jinoyatchilar, hatto og‘ir jinoyat sodir etganlar ham nafaqat jamiyatdan ajratib qo‘yilishi, balki ular qamoqdan chiqqandan so‘ng yangi hayot boshlashlari va jamiyatning foydali a’zosiga aylanishlari uchun ularni qayta tarbiyalash lozim.

Oslo aholisining qariyb 30 foizi boshqa mamlakatlardan kelganlar. Ular asosan Yaqin Sharq, Afrika va Osiyodan kelgan muhojirlar va qochqinlardir. Ularning aksariyati Pokiston va Iroqdan kelishgan.

Norvegiyada oilada bola tug‘ilganda, onasi odatda tug‘ruq ta’tilini oladi. Biroq, Norvegiya qonunlari bunday hollarda otaga ham bolasi bilan birga bo‘lish va oilaga g‘amxo‘rlik qilish uchun bir necha haftalik haq to‘lanadigan ta’til olish imkonini beradi.

Agar Norvegiyada biron bir baxtsiz hodisa tufayli odamlar elektrsiz qolsa, mahalliy hokimiyat fuqarolarga tovon to‘laydi va bu mablag‘ jabr ko‘rgan aholi o‘rtasida taqsimlanadi.

Norvegiya yo‘llarida, ba’zi joylarda siz divanlar, gilamlar, bezak buyumlari bo‘gan oddiy uy xonasi kabi bezatilgan yopiq avtobus bekatlarini ko‘rishingiz mumkin. Hech kim hech narsani buzmaydi yoki o‘g‘irlamaydi, mahalliy aholi tozalikni saqlaydi.

Ko‘pgina norvegiyaliklarning uyi yonida bayroq osilgan flagshtok o‘rnatilgan. Undan siz uy egasi biror joyga ketgan yoki uyidaligini bilib olsangiz bo‘ladi. Agar uy sohibi uyda bo‘lsa, bayroq ko‘tarilgan, agar biror joyga ketgan bo‘lsa, u tushirilgan bo‘ladi.

Norvegiyaning Ryukan shahri quyosh ko‘rinmaydigan shahar desa ham bo‘ladi. Chunki u tog‘lar orasidagi vodiyda joylashgan va martdan sentyabrgacha quyosh nuri umuman tushmaydi. Mahalliy hokimiyat organlari tog‘ tizmasiga, 400 metrdan ortiq balandlikdan quyosh nurlarini shaharning markaziy maydoniga yo‘naltiruvchi ulkan ko‘zgular tizimini o‘rnatgan.

Dunyoning barcha mamlakatlari ichida Norvegiya gidroelektr stansiyalaridan olinadigan energiya miqdori bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi, ya’ni bu energiya mutlaqo ekologik toza hisoblanadi. Bu yerda atom elektr stansiyalari umuman yo‘q.

Bu mamlakat aholi jon boshiga elektr transport vositalari soni bo‘yicha ham dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Davlat ularning egalarini har tomonlama rag‘batlantirmoqda, soliqlarni kamaytirmoqda va avtoturargohlar uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratmoqda.

Aholi va din

Norvegiya aholisining aksariyati etnik norveglar bo‘lsada, 21-asr immigratsiyasi aholi o‘sishining yarmidan ko‘pini tashkil etdi; 2021 yilda mamlakatdagi eng yirik beshta ozchilik guruhi Polsha, Litva, Somali, Pokiston va shvetsiyalik muhojirlarning avlodlari bo‘lgan.

Norvegiyada xristianlikning turli konfessiyalari hukmronlik qiladi, aholining 84,7% Norvegiyaning turli cherkovlariga mansub. 10,1 foiz odam o‘zini dinsiz deb hisoblaydi. Aholining 3,7 foizi Islomga amal qiladi.

Islom

Norvegiyada Islom xristianlikdan keyin ikkinchi yirik din hisoblanadi. 2022 yil holatiga ko‘ra, Norvegiyada istiqomat qiluvchi musulmonlar soni 207 mingdan ortiq (5,6 million aholining 3,7 foizi) bo‘lgan. Norvegiyadagi musulmonlarning aksariyati sunniylardir, shialar ozchilikni tashkil qiladi. Mamlakatdagi musulmonlarning 55 foizi Oslo va Akershus grafliklarida istiqomat qiladi. Aksariyati immigrant bo‘lib, kelib chiqishi pokistonlik norvegiyaliklar eng ko‘zga ko‘ringan taniqli guruhdir.

Islom qanday kirib kelgan?

1260 yillarda qirol Xokon Xakonsson sovg‘alar bilan elchilarini yuborganidan so‘ng Tunis musulmon vakillari Norvegiyaga kelgani solnomalarda eslab o‘tilgan. Biroq mamlakatdagi musulmonlar soni XX asrning ikkinchi yarmigacha sezilarli darajada bo‘lmagan. Musulmon davlatlaridan Norvegiyaga immigratsiya boshqa G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga nisbatan kech boshlandi va 1960 yillarning oxirigacha tezlashmadi. Biroq neft inqilobi tufayli mehnat migratsiyasi boshqa mamlakatlarga qaraganda uzoqroq davom etdi. Birinchi pokistonlik mehnat muhojirlari 1967 yilda kelgan. 1975 yilda Norvegiyaga mehnat immigratsiyasi to‘xtatilgan, ammo oilalarni birlashtirish qoidalari yana bir necha yilga nisbatan yumshatilgan. Natijada 1970 yillarga qadar muhojirlarning aksariyati ishchilar bo‘lgan bo‘lsa, 1980 va 1990 yillardagi immigratsiyada boshpana so‘raganlar ustunlik qilgan.

1990 yillarning oxirida Islom Rim-katolik cherkovi va Pentikostalizmdan o‘tib Norvegiyadagi eng yirik ozchilik diniga aylandi.

Biroq, 2013 yil holatiga ko‘ra, Rim-katolik cherkovi Yevropa davlatlaridan immigratsiya kuchayishi va musulmonlar ko‘p bo‘lgan mamlakatlardan kamroq immigratsiya tufayli Norvegiyadagi eng katta ozchilik dini sifatida o‘z mavqeini tikladi. 2009 yilda ro‘yxatga olingan musulmon jamoatlarining umumiy soni 126 tani tashkil etgan. Bugungi kunda Oslo shahrida 40 dan ortiq namozxonalar mavjud.

Masjidlar

Baytun Nasr masjidi

Baytun Nasr masjidi, Furuset masjidi sifatida ham tanilgan bo‘lib, Oslo shimoli-sharqidagi masjiddir. Masjid mamlakatdagi eng katta masjid bo‘lib, 5000 kishini sig‘dira oladi. Masjidning janub tomonida bitta gumbaz va bitta minora bo‘lib, majmua mamlakatning Ye6 shimoliy-janubiy asosiy magistrali yaqinida joylashgan.

Jahon Islom da’vati masjidi

World Islamic Mission (WIM) - so‘fiylik ruhidagi sunniy musulmonlarning xalqaro tashkiloti. U Buyuk Britaniyada tashkil etilgan va taniqli olimlar tomonidan ochib berilgan. Butunjahon Islom da’vati Yevropa, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Shimoliy Amerika, Afrika va Osiyodagi musulmonlarga xizmat qiladi. Tashkilotning bosh qarorgohi Buyuk Britaniyaning Manchester shahrida joylashgan. Ushbu masjid tashkilotning qarorgohi hisoblanadi.

Faxriddin Rasul o‘g‘li tayyorladi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo