date

Uch kunlik sulh urushda umid eshigini ochadimi?

Rossiya va Ukraina o‘rtasida davom etayotgan og‘ir urush fonida uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi xabar xalqaro maydonda katta e’tibor uyg‘otdi. Oq uy rahbari ushbu qarordan mamnun ekanini bildirib, bu vaqtinchalik sulh mojaroni to‘liq tugatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada shu kunlarda G‘alaba kuni nishonlanmoqda. Shu bilan birga, Ukraina ham Ikkinchi jahon urushida muhim o‘rin tutgan, og‘ir yo‘qotishlar bergan va tarixiy jarayonlarning bevosita ishtirokchisi bo‘lgan davlat sifatida e’tirof etildi. Shu bois urush fonida qisqa muddatli bo‘lsa-da, sukunat rejimi joriy etilishi muhim ramziy ma’noga ega.

Ma’lum qilinishicha, uch kunlik o‘t ochishni to‘xtatish barcha jangovar harakatlarni vaqtincha to‘xtatishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, kelishuv doirasida har ikki tomondan 1000 nafardan asir almashinuvi amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu, ayniqsa, asirlar oilalari uchun katta umid va intizorlik bilan kutiladigan jarayondir.

Oq uy rahbari Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning roziligini yuqori baholashini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, bu tashabbus uzoq, qonli va juda og‘ir urushning yakuniga olib boruvchi dastlabki belgilardan biri bo‘lishi mumkin.

“Umid qilamanki, bu juda uzoq, qonli va og‘ir urushning tugashining boshlanishi bo‘ladi”, degan u. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushidan beri eng yirik mojarolardan biri sifatida baholanayotgan ushbu urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davom etayotgani va tomonlar maqsadga kun sayin yaqinlashib borayotgani qayd etildi.

Avvalroq, 4 may kuni Rossiya Mudofaa vazirligi G‘alaba kunini nishonlash munosabati bilan 8–9 may kunlari Ukraina bilan urushda sulh e’lon qilgan edi. Vazirlik Kiyevni ham Moskvadan o‘rnak olib, o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga qo‘shilishga chaqirgan.

Shu bilan birga, Rossiya tomoni agar G‘alabaning 81 yilligini nishonlashga to‘sqinlik qilishga urinish bo‘lsa, “Kiyev markaziga ommaviy raketa hujumi” amalga oshirilishi mumkinligi bilan tahdid qilgan. Bu esa vaziyat qanchalik nozik va xavfliligicha qolayotganini ko‘rsatadi. Ya’ni bir tomonda sulh haqida gap ketsa, ikkinchi tomonda harbiy tahdidlar hamon kun tartibidan tushmagan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa shundan so‘ng 6 maydan boshlab “sukunat rejimi” joriy etilishini ma’lum qildi. Bu qaror vaqtinchalik bo‘lsa-da, urush maydonidagi keskinlikni pasaytirish, asirlar almashinuvini amalga oshirish va diplomatik muloqot uchun kichik bo‘lsa ham imkoniyat yaratishi mumkin.

Albatta, uch kunlik sulh urushni bir zumda to‘xtatib qo‘ymaydi. Ammo bunday qadamlar tomonlar o‘rtasidagi muzokaralar uchun muhim psixologik va siyosiy signal bo‘lishi mumkin. Chunki har qanday katta tinchlik avvalida kichik sukunatdan boshlanadi. Muhimi, bu sukunat faqat taqvimdagi sana uchun emas, haqiqiy muzokaralar uchun yo‘l ochsin.

Hozir dunyo hamjamiyati asosiy savolga javob kutmoqda: bu uch kunlik tanaffus navbatdagi vaqtinchalik kelishuv bo‘lib qoladimi yoki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qonli urushni yakunlashga olib boruvchi jiddiy diplomatik jarayonning boshlanishiga aylanadimi? Javob yaqin kunlardagi harakatlardan ma’lum bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Uch kunlik sulh urushda umid eshigini ochadimi?