5 398
Afg‘onistonlik sobiq jangchilar Ukrainadagi urushga yollanmoqda. Ularni yollayotganlar kim?

G‘arblik ittifoqchilar tomonidan o‘qitilgan va qurollantirilgan afg‘on kommandoslari Afg‘oniston milliy armiyasining eng jangovar qismlari sanalgan. Foto: GETTY IMAGES
2021 yil yozida AQSH va uning ittifoqchilari shoshilinch ravishda evakuatsiya bo‘lib, taqdir hukmiga tashlab ketilgan Afg‘oniston Milliy armiyasining saralangan maxsus kuchlari korpusi a’zolari o‘zlariga Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etish bo‘yicha taklif tushayotganini aytishgan.
Ko‘plab afg‘on harbiylari va xavfsizlik sohasidagi mutaxassislar AQSHda ta’lim olgan va qariyb 20 yil mobaynida amerikaliklar va boshqa ittifoqchi kuchlar bilan birga jang qilgan yengil piyoda bo‘linmalari jang maydonidagi vaziyatni o‘zgartirishda Rossiyaga yordam berishi mumkin.
Hokimiyat «Tolibon» qo‘liga o‘tgach, Afg‘onistonda 20-30 ming kommandos qolib ketdi, faqat bir necha yuz nafar katta ofitserlarni evakuatsiya qilishning imkoni bo‘lgan. Mamlakatda qolgan maxsus bo‘linmalar jangchilarining ko‘pchiligi qo‘lga tushish va qatl qilinishdan qochib yashiringan - toliblar hamon sobiq rejim tarafdorlarini faollik bilan ta’qib qilmoqda.
Qo‘shma Shtatlar Afg‘on milliy mudofaa va xavfsizlik kuchlarini tashkil etish uchun qariyb 90 mlrd dollar sarflagan. Bu kuchlar layoqatsizligini ko‘rsatib, bir necha hafta ichida mamlakatni toliblarga topshirgan bo‘lsa-da, afg‘on maxsus kuchlari doimo hurmatga sazovor bo‘lgan, chunki ular Amerika va Britaniya maxsus kuchlari tomonidan tayyorlangan.
Sobiq afg‘on generali Farid Ahmadiyning tasdiqlashicha, endi bu odamlar Ukraina va Suriyadagi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun yollanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, sobiq harbiylarga jozibali moliyaviy paketlar taklif qilinmoqda va hatto ayrim sobiq harbiylar unga qo‘ng‘iroq qilib, pul uchun xorijiy davlat qo‘shinlariga yollanish qanchalik to‘g‘ri bo‘lishi borasida maslahat so‘rashgan.
O‘tmishda o‘zi ham afg‘on maxsus topshiriqli kuchlari zobiti bo‘lgan sobiq amaldor Foreign Policy nashri bilan suhbatda aytishicha, Rossiya afg‘on jangchilarini «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi orqali yollamoqda.
«Sizga aytishim mumkinki, yollovchi - «Vagner». Ular butun dunyo bo‘ylab odam yig‘adi. [Rossiya uchun] xorijlik harbiylarni yollovchi yagona tashkilot - bu «Vagner», ularning armiyasi emas. Bu taxmin emas, ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan fakt. Ulardan g‘arblik ittifoqchilar ukrainlar bilan birgalikda jang qilishi uchun foydalangani yaxshiroq bo‘lardi. Ular ruslar uchun jang qilishni istashmaydi; ruslar - dushman. Ammo ular boshqa nima qilsin?» degan u.
AQSH Kongressi uchun tayyorlangan, o‘tgan yil yozidagi muvaffaqiyatsiz evakuatsiya to‘g‘risidagi maxsus hisobotida amerikalik kongressmen Maykl Makkol ishsiz qolgan afg‘on jangchilari «agar raqiblar, jumladan ISHID kabi xalqaro terrorchi guruhlar bilan yoki Xitoy, Rossiya va Eron kabi davlat sub’ektlari bilan ishlashga majbur qilinsa, ular AQSH xavfsizligi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligi»ni qayd etadi.
Ayrim baholarga ko‘ra, Afg‘onistondagi maxsus kuchlar a’zolari bo‘lgan 10 minggacha sobiq harbiylar Rossiya armiyasi uchun jang qilish taklifini qabul qilishi mumkin.

Foto: Getty Images
«Ular Pokistonda yoki Eronda kuniga 3-4 dollar yoki Turkiyada kuniga 10 dollar uchun ishlashga tayyor. Va agar «Vagner» yoki boshqa istalgan maxsus xizmat ularga kelib, yana harbiy xizmatga qaytish uchun 1000 dollar taklif qilsa, ular bundan voz kecha olmaydi. Agar bir kishini yollasangiz, u o‘zining eski bo‘linmasining yarmini ergashtirib kelishi mumkin, chunki ular birodarlardir va tez orada sizda butun bir vzvod yig‘iladi», deb hisoblaydi shaxsi sir qolishini so‘ragan harbiy tahlilchi.
Foreign Policy ixtiyoriga kelib tushgan yollash bo‘yicha taklifda ham shunday formulirovkadan foydalaniladi va bu markazlashtirilgan amaliyot to‘g‘risidagi tasavvurni tasdiqlaydi.
«Kimki Rossiyaga ketishni istasa, u yerda yaxshi munosabat va yaxshi resurslar bor: marhamat, menga ismingiz, otangizning ismi va harbiy unvoningizni yozib yuboring», deyilgan unda.
Taklifni qabul qilganlardan bo‘linmasining boshqa a’zolarini ham yollashda yordam ko‘rsatish so‘raladi. Afg‘on televideniyesi xabariga ko‘ra, yollash to‘g‘risidagi taklif Rossiya fuqaroligini berishni ham o‘z ichiga oladi.
Ayrim iste’fodagi afg‘on generallari ham AR agentligiga Rossiya «xorijiy legioni»ga yollash ishlari haqida xabar berishgan.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, rossiyaliklar sobiq kommandosga oyiga 1500 dollar miqdoridagi barqaror oylik hamda o‘zi va oilasi uchun xavfsiz boshpana va’da qilishadi.
General Abdul Raof Argandival ham yollash ishlari bilan «Vagner» xodimlari shug‘ullanayotganini tasdiqlaydi.
Boshqa bir general, toliblar kelishidan oldingi hukumatda afg‘on armiyasining so‘nggi qo‘mondoni bo‘lgan Hibatulla Alizoyning aytishicha, bu ishda ularga maxsus bo‘linmalarning Rossiyada yashagan va rus tilida so‘zlasha oladigan sobiq komandirlari ham yordam bermoqda.
«Siz Rossiyada ikki oy davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tasiz, keyin esa front chizig‘iga yo‘l olasiz», deyiladi Eronda bo‘lib turgan sobiq afg‘on generallaridan biri tomonidan general Argandivalga qayta yo‘naltirilgan xabar matnida.
«Bir qancha odam ketdi, ammo ular o‘z oilalari va do‘stlari bilan aloqani butunlay yo‘qotdi. Aniq statistika ma’lum emas», degan general.
Afg‘onistonda yashirinib yurgan maxsus bo‘linmaning sobiq 35 yoshli kapitani bir necha sobiq hamkasblariga Tehrondagi yollash byurosi bilan bog‘lanishda yordam ko‘rsatgan.
Uning aytishicha, yangi yollanganlar Afg‘onistondan Eronga olib o‘tiladi, keyin esa Rossiyaga jo‘natiladi. Undan keyin nima bo‘lishi noma’lum: «Ular Rossiyaning taklifini qabul qilganida, telefonlari o‘chiriladi. Ular juda maxfiy harakatlanishadi», degan u.
Eronga qochib o‘tgan afg‘on maxsus kuchlarining qancha a’zosi yakunda Rossiyaga ketgani ma’lum emas, ammo ulardan biri Associated Press agentligi uchun bergan ma’lumotida shunday takliflarni ko‘rib chiqayotgan taxminan 400 ga yaqin jangchilar bilan WhatsApp orqali muloqot qilayotganini bildirgan.
Uning aytishicha, nafaqat uning o‘ziga, balki ayni vaqtda Afg‘onistonda qolayotgan rafiqasi va uch nafar farzandiga ham Rossiya vizasini va’da qilishgan. Boshqalarga esa Eron vizalarini uzaytirib berish va’da qilingan. U WhatsApp guruhidagi boshqalarning qaror qabul qilishini kutayotgani, ammo ko‘pchilik kelishuvga rozi bo‘lishini taxmin qilayotganini aytgan.
O‘z navbatida Markaziy razvedka boshqarmasining zaxiradagi zobiti, Afg‘onistonda xizmat qilgan Maykl Malroy rossiyaliklar ko‘p miqdorda afg‘on jangchilarini yollay olishiga shubha bilan qaragan, chunki uning fikricha, u taniydigan afg‘on harbiylarining ko‘pchiligi yollanma qotil bo‘lish uchun emas, o‘z mamlakatida demokratiyaga erishilishi uchun shu sohani tanlagan.
Ammo sobiq kommandoslar orasida boshqacha kayfiyatdagilar ham bor.

Foto: Getty Images
«Biz juda ranjidik. 18 yil mobaynida biz amerikalik, britaniyalik va norvegiyalik instruktorlar bilan yelkama-yelka turib xavfli missiyalarni bajarib keldik. Endi esa yashirinishimga to‘g‘ri kelmoqda», degan yuqorida tilga olingan sobiq kapitan.
U Rossiyani Afg‘onistonning dushmani sifatida bilgani uchun taklifni qabul qilmagan.
«Ular biz uchun maxsus dastur ishlab chiqadi deb o‘ylagandik, ammo biz haqimizda hech kim o‘ylamadi. Ular bizning barchamizni shunchaki toliblar qo‘liga tashlab ketishdi», deydi shaxsi sir qolishini so‘ragan yana bir sobiq kommandos amerikaliklar va ularning ittifoqchilari haqida gapirar ekan.
Afg‘oniston maxsus topshiriqli bo‘linmalari jangchilarining aksari to‘g‘ridan to‘g‘ri Amerika qurolli kuchlarida ishlamagani tufayli ular maxsus viza olish huquqiga ega bo‘lmagan va toliblar hokimiyatni egallaganida mamlakatni tark etish huquqiga ega bo‘lmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar