Tramp reytingi keskin tushdi, norozilik rekord darajaga yetdi

Donald Trumpning jamoat orasidagi qo'llab-quvvatlovi keskin pasayib, uning reytingi 37 foizga tushdi. So'rov natijalariga ko'ra, amerikaliklarning 62 foizi Trumpning siyosatiga qarshi ekanini bildirgan. Xususan, uning tashqi siyosatidagi ayrim qadamlar, jumladan, Eron bilan bog'liq pozitsiyasi ko'pchilik tomonidan qo'llab-quvvatlanmayapti. Respublikachilar o'rtasida reyting hali ham yuqori bo'lsa-da, mustaqil saylovchilar orasida bu ko'rsatkich 56 foizga tushgan.
AQSH prezidenti Donald Trampning jamoatchilik orasidagi qoʻllab-quvvatlovi sezilarli pasaydi. Soʻnggi qoʻshma soʻrovnoma natijalariga koʻra, uning umumiy reytingi 37 foizgacha tushib, tarixiy eng past koʻrsatkichlardan biriga aylandi.
Tadqiqot The Washington Post, ABC News va Ipsos hamkorligida oʻtkazilgan. Unda 2026 yil 24–28 aprel kunlari 2560 nafar amerikalik ishtirok etgan. Soʻrovnoma xatolik darajasi taxminan 2 foizni tashkil etadi.
Natijalarga koʻra, amerikaliklarning 62 foizi Tramp siyosatiga qarshi ekanini bildirgan. Ayniqsa, uning tashqi siyosatdagi ayrim qadamlari, jumladan, Eronga nisbatan pozitsiyasi koʻpchilik tomonidan qoʻllab-quvvatlanmagan — 66 foiz qarshi, 33 foiz esa maʼqullagan.
Iqtisodiy siyosat borasida ham qoniqish past: respondentlarning faqat 34 foizi uni maʼqullagan. Mutaxassislar bu holatni yoqilgʻi narxlarining oshishi bilan izohlamoqda.
Shu bilan birga, respublikachilar orasida Trampning reytingi hali ham yuqori — 85 foiz. Biroq mustaqil saylovchilar ichida bu koʻrsatkich 56 foizgacha tushib, yangi eng past darajani qayd etgan.
Siyosiy tahlilchilar fikricha, prezidentning reytingdagi pasayishi respublikachilarning AQSH Vakillar palatasi va AQSH Senatidagi pozitsiyalariga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Maʼlumki, AQShda oraliq saylovlar 2026 yil 3 noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda Vakillar palatasining barcha 435 oʻrni va Senatning 33 oʻrni uchun kurash kechadi. Soʻrov natijalariga koʻra, hozircha demokratlar saylovchilar orasida 5 foizlik ustunlikka ega.





























Izohlar 0
…