Foto: Yevgeniy Feldman / «Meduza»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy va Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlariga ega Yevropa davlatlari rahbarlari 2023 yil may oyi o‘rtalaridayoq ushbu qiruvchi samolyotlarni Ukrainaga yetkazib berishga kelishib olgandi. Ammo yevropalik mutaxassislar Vashingtonning rasmiy ruxsatisiz ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishni boshlay olmadi, chunki o‘qitish Ukraina tomoniga ilg‘or harbiy texnologiyalarni berishni nazarda tutadi. Avgust oyi boshida Jo Bayden nihoyat mashg‘ulotlarni boshlashga ruxsat berdi. Kiyev qiruvchi samolyotlarning o‘zini yil oxirigacha olishi mumkin. «Meduza» nashri harbiy jurnalistdan F-16 samolyotlarining Ukrainaga topshirilishi frontdagi vaziyatga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkinligini so‘ragan.
— NATO mamlakatlari ixtiyorida 1970-yillarda ishlab chiqilgan F-16 samolyotlariga qaraganda ancha zamonaviyroq qiruvchi samolyotlar mavjud, masalan, 2006 yilda ishlab chiqarila boshlangan F-35 yoki 1990-yillarda yaratilgan F-22 kabi. Nega ittifoqchilar Ukrainaga faqat F-16 samolyotlarini berishga rozi bo‘ldi va unda ham darhol emas?
— F-22 menimcha, hozir faqat AQSh armiyasida xizmat qilmoqda. Amerikaliklar uni o‘zlari uchun ishlab chiqqan va albatta, ularni (Ukrainaga) hech kim bermaydi, F-22 dunyodagi eng qimmat qiruvchilardan biri. F-35 bilan ham xuddi shunday: bu qimmat mashina, uni o‘zlashtirish juda uzoq vaqt talab etadi va u Ukrainanikiga qaraganda butunlay boshqacha tashkiliy darajadagi qurolli kuchlarga xizmatga kirgan.
Hech kim Ukrainaga samolyot tashuvchi kemalarni bermaydi, buni hech kim kutmayapti ham. Katerlar, ehtimol, hatto esminetslar ham berilishi mumkin, ammo samolyot tashuvchilar haqida gap yo‘q: bu qimmat, juda zo‘r qurol, buning uchun qurolli kuchlarni qayta qurish kerak. F-35 kabi zamonaviy qiruvchi samolyotlar bilan xuddi shunday tartib amal qiladi.
(F-16 bilan bog‘liq holatda) gap hali vazifalarni bajarishga yaroqli bo‘lgan, ikkinchi qo‘l, to‘rtinchi avlod qiruvchi samolyotlari haqida ketmoqda. Bu avlod 1970-yillardan boshlab ishlab chiqarilgan va hozir ham ishlab chiqarilmoqda. Shubhasiz, bunday vaqt oralig‘i modernizatsiyaning bir necha bosqichlarini anglatadi, (shuning uchun hozir) F-16 butunlay zamonaviy qiruvchi hisoblanadi.
Nazariy jihatdan, ukrainaliklar boshqa bir to‘rtinchi avlod samolyotlarini olishi mumkin edi, ammo ularning har birida (F-16’dan tashqari) muammolar mavjud. Eng katta muammo shuki, boshqa qiruvchilar unchalik ko‘p emas, shuning uchun ularni yoki qo‘shimcha ravishda qurish yoki o‘z havo kuchlaridan olib berish kerak bo‘ladi. F-16 esa juda ko‘p miqdorda ishlab chiqarilgan. Hatto foydalanilgan F-16 samolyotlarining norasmiy bozori ham mavjud, ya’ni ularni topish mumkin va ular uchishga yaroqli holatda bo‘ladi.
Yevropaning aksariyat mamlakatlari F-35 bilan faol ravishda qayta qurollanmoqda. Yevropaning ko‘pgina mamlakatlarida F-35 (va F-16) borligi sababli, ular bilan qanday ishlashni biladigan odamlar ham ko‘p, masalan texniklar va texnik xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar. Bu samolyotlar uchun ko‘plab o‘quv bazalari, qayta tayyorlash markazlari, texnik xizmat ko‘rsatish va ta’minot infratuzilmasi — xullas, barcha logistika zanjirlari qurilgan.
Ukraina Shvetsiyaning JAS 39 Gripen qiruvchisini olishi mumkinligi muhokama qilingandi. Bu samolyotlar juda yaxshi, chunki birinchidan, ular nisbatan yangiroq, ikkinchidan, bu qiruvchilar F-16 hozircha ishlata olmaydigan qurollardan foydalanishi mumkin. Masalan, Yevropaning yuqori aniqlikdagi qurollarining so‘nggi ishlanmalaridan. Ammo bu ancha yoshroq qiruvchi bo‘lgani tufayli uning qurol-yarog‘ arsenali kam, F-16 uchun esa o‘nlab yillar davomida juda ko‘p turli raketalar, bombalar va boshqalar moslashtirilgan. Ularning ko‘pchiligi bir necha yildan beri ishlab chiqariladi va arsenalni to‘ldirishda hech qanday muammo bo‘lmaydi.
F-16 — bu shunchaki juda yaxshi samolyot. Qiruvchi samolyotlar front va ko‘p maqsadli turlarga bo‘linadi. Rossiya va SSSRda an’anaviy ravishda ham front (MiG-29), ham ko‘pfunksiyali (Su-27, Su-30, Su-35, Su-57 va boshqalar) qiruvchilar mavjud. Ko‘pfunksiyali qiruvchilar nisbatan og‘irroq va kuchliroq bo‘ladi. Ular uzoq masofaga harakatlanadi, ularga murakkabroq qurollarni o‘rnatish va ko‘proq qurollarni tirkash mumkin.
Front qiruvchilari esa yengil. Ular dastlab havo hududini egallash va havo janglarini o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan. F-16 ham shu maqsadda ishlab chiqarilgan, ammo o‘z evolyutsiyasi davomida u ko‘p funksiyali samolyotga aylandi va menimcha, allaqachon yetti tonnadan (jangovar yuk bilan) 10 tonnagacha yukni ko‘taradi. Umuman olganda, bu mashina u dastlab belangan belagidan allaqachon o‘sib chiqqan. Va agar F-16 va o‘sha Gripen’ni solishtirsak, Gripen, kamroq yuk tashiydi, unga kamroq qurol o‘rnatish mumkin, uning foydali yuk hajmi kam. Gripen yomon samolyot emas, lekin F-16 qudratliroq.

Omar Marques / Getty Images
Agar Ukrainaga nega aynan F-16 berilayotgani haqida aniq gapirsak, buning sabablari — ular juda ko‘p, infratuzilma yaratilgan, ko‘plab uchuvchilarni tayyorlash markazlari mavjud, barcha «bolalik kasalliklari» (ya’ni 1970-yillarda yaratilgani uchun dastlabki kamchiliklari) aniqlangan. Bu samolyot tekshiruvdan o‘tgan va ishonchli, uni oladigan joy bor va u shunchaki juda yaxshi.
— Ushbu qiruvchilardan foydalanishning qaysi taktikasi Ukraina uchun eng foydali?
— Avvalo, bu samolyot boshqa qiruvchi samolyotlar bilan havo janglarini olib borish uchun yaratilgan. Bu qiruvchi samolyot chaqqon, juda kuchli, buyruqlarni qabul qilishda tezkor, garchi biz (Ukrainada) havo janglarini ko‘p ko‘rmayotgan bo‘lsak ham havo jangi uchun ideal. Ammo F-16 (doimiy modernizatsiya jarayoni sabab) allaqachon ko‘p funksiyaliga aylangan, shuning uchun u boshqa barcha missiyalarni ham bajara oladi.
Ushbu missiyalar sirasiga, birinchi navbatda, yerdagi nishonlarga zarba berish kiradi. Ikkinchidan, tutib olish. Bu dushman samolyotlari — bombardimonchi, radar, transport xodimlari va harbiy yo‘lovchilarni tashuvchi samolyotlarini yoki qanotli raketalarni tutib olish bo‘lishi mumkin.
F-16 uchuvchilari nazariy jihatdan bajarishi mumkin bo‘lgan yana bir vazifa bor — bu havo mudofaasini buzish. Ammo bu havo jangi, yerdagi nishonlarga zarba berish va tutib olishdan ancha qiyinroq, juda murakkab vazifa. Amerikaliklar bu taktikani o‘nlab yillar davomida sayqalladi, maxsus uskunalar, maxsus raketalar yaratdi. Menimcha, ukrainaliklar uchun hozir eng dolzarb masalalar — yerga zarbalar berish, qanotli raketalarni yoki qandaydir havo nishonlarini tutib qolish va dushmanning havo hujumidan mudofaasini buzish. Ammo oxirgisi juda qiyin.
Havo jangi va bombardimonchilarga qarshi kurash ham muhim vazifalardir, ayniqsa, zamonaviy urush sharoitida bu yanada qiyinroq. Chunki Rossiyada kuchli aviatsiya, har qanday F-16 samolyotiga qaraganda zamonaviyroq samolyotlarni boshqaruvchi tajribali uchuvchilar bor, men Su-35 va Su-30 samolyotlarini nazarda tutyapman. Bu samolyotlar xususiyatlariga ko‘ra, F-16 samolyotidan eng kamida yomon bo‘lmagan, balki yaxshiroq samolyotlar. Bu uchoqlar umuman boshqa klassda, birinchidan ular ko‘p funksiyali va og‘ir samolyotlar.
— Bu, agar Rossiya Su-30 va Su-35 kabi kuchliroq samolyotlardan ommaviy ravishda foydalanishni boshlasa, Ukraina hatto F-16 bilan ham qiyin vaziyatga tushib qoladi deganimi?
— Yo‘q, aniq emas, chunki biz hozir samolyotlarning taktik-texnik xususiyatlari haqida gaplashmoqdamiz. Ammo havo jangida ko‘p narsa uchuvchilarning tayyorgarligiga bog‘liq. Ukrainalik uchuvchilar MiG-29’da mo‘jizalar ko‘rsatmoqda, biroq F-16’da mo‘jizalar ko‘rsatish uchun ularni uzoq vaqt davomida qayta tayyorlash kerak. Nafaqat uchuvchilarni, balki ekipajni, aviatsiya shtab-kvartirasini ham o‘qitish lozim. Har qanday havo operatsiyasi — bu puxta tayyorgarlik, shtab-kvartiraning ulkan ishidir. Samolyotni osmonga uchirib: «Bolalar, uchinglar, nima topsangiz hammasi sizniki», deyish mumkin emas. Operatsiyani boshqarish shtab-kvartirada real vaqt rejimida amalga oshiriladi, bu ko‘p sonli odamlarning mashaqqatli mehnati demakdir.
Rossiyada havo janglarini boshqarishga yordam beruvchi havo qo‘mondonlik markazlari — uchuvchi radarlar mavjud. Ushbu uchuvchi radarlar nafaqat havo makonidagi butun kartinani uzoqdan ko‘ra oladi, balki qiruvchi guruhlarning ishini ham muvofiqlashtiradi. Shuning uchun, agar Rossiya va Ukraina qiruvchilari ishtirokida havo jangi yuz bersa, ukrainaliklar uchun bu qiyinroq bo‘ladi, chunki Kiyevda uchuvchi radarlar yo‘q. Shunga qaramay, ukrainaliklar qandaydir tarzda — yerdagi radarlardan, qandaydir rejalashtirishdan foydalangan holda — bir yarim yildan beri o‘zlarining eski MiGlari bilan jang qilmoqda va hali ularning hammasini yo‘qotgani yo‘q. Ammo bu usul eskirmoqda, chunki ukrainalikda MiGlar tugayapti. Shuning uchun Ukrainaga F-16’lar kerak.

Damian Lemanski / Bloomberg / Getty Images
Hozirgacha Rossiya havo qo‘mondonligi qandaydir mohirona va qat’iyatli mo‘jizalarini namoyish etmadi, masalan, bosqin boshlanganidan beri Rossiya aviatsiyasi Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimini yo‘q qila olmadi. Rossiya harbiy-havo kuchlari yoki buni qila olmaydi yoki rejalashtirishni bilmaydi. Rossiya uchuvchi radarlari ham doimo havoda uchib yurmaydi, Rossiyada ularning soni ko‘p emas. Shu sababli, ukrainaliklar Rossiya harbiy-havo kuchlaridagi kamchiliklardan foydalanib, qandaydir tarzda o‘zlarining MiGlarida uchib, jang qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Bu (Rossiyaning havodagi ustunligi) ukrainaliklar F-16 samolyotlarini olgach, zamonaviyroq va ehtimol ko‘proq qiruvchi samolyotlarga ega bo‘lgan Rossiya harbiy-havo kuchlari Ukraina samolyotlarini birma-bir urib tushiradi degani emas. Tashkiliy masalalar juda muhim, shuning uchun F-16’da Su-35’ga ham, Su-30’ga ham va front zonasida uchuvchi bombardimonchilarga ham qarshi jang qilish mumkin. Hamma narsa tayyorgarlik, rejalashtirish, boshqaruv, texnik ta’minot va ushbu samolyotlardan urush vositasi sifatida foydalanish qobiliyatiga bog‘liq bo‘ladi.
— Ukraina F-16’ni olganidan keyin unda qanday yangi imkoniyatlar paydo bo‘ladi?
— Gap qancha samolyot berilishi va qancha uchuvchini o‘qitishga ulgurishda. Savollar juda ko‘p. Hozir aytilayotgan 32 nafar uchuvchi juda kam, bu ko‘pi bilan 10 ta samolyot degani, chunki uchuvchilar soni samolyotlardan ko‘proq bo‘lishi kerak. Kimdir (Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo qo‘shinlari qo‘mondonligi matbuot kotibi Yuriy Ignat) Ukrainaga kamida 200 nafar qiruvchi kerakligini aytsa, kimdir (Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov) 120 nafar qiruvchi olishni xohlamoqda. Rossiyani xavotirga solish uchun Ukraina yuzlab samolyotlar olishi kerak. Hozir gap ketayotgan miqdor Rossiya Federatsiyasining qulog‘iga ham bormaydi va havodagi vaziyatni sezilarli darajada o‘zgartirmaydi.
Ammo ukrainaliklar qandaydir operatsiyalarni samaraliroq bajarishi mumkin, masalan, radarlarga qarshi raketalar qo‘llashni. Mening bilishimcha, hozir ular MiG’lardan ishga tushirilmoqda va bu juda qiyin. Zamonaviy yuqori aniqlikdagi qurollar parvoz paytida samolyot bilan ma’lumot almashishi lozim. Ikki o‘rindiqli F-16 samolyotlarida, yuqori aniqlikdagi qurollar bilan shug‘ullanuvchi alohida shaxs o‘tiradi, u koordinatlarni kiritadi, ishga tushirishni boshqaradi. MiG-29’da nafaqat samolyot va raketa aloqasini ta’minlaydigan interfeys, balki ikkinchi odam ham yo‘q.

USAF / Getty Images
Mening tushunishimga ko‘ra, hozir Ukraina samolyotlari, asosan yerdagi nishonlarga zarba berish bilan shug‘ullanadi. Ukrainaga F-16’ning aynan qaysi modifikatsiyasi, bir o‘rinli yoki ikki o‘rinli, berilishini bilmayman, lekin yerdagi nishonlarga zarbalar uchun ikki o‘rinli yaxshiroq. Agar F-16 o‘n yoki yigirmata bo‘lsa, bu, albatta, hech narsani o‘zgartirmaydi. Ammo Ukraina MiG’lari hozir qilayotgan ishni yangi qiruvchilar yordamida qilish ancha osonroq bo‘ladi.
— Ukraina uchuvchilari F-16’ni o‘rganishlari uchun qancha vaqt kerak bo‘ladi?
— Men ko‘plab turli xil baholashlarni o‘qidim, ularda odatda bu olti oy davom etadi deyilgan. Ammo umuman olganda, qancha ko‘p bo‘lsa, shuncha yaxshi. Ha, MiG-29’ni boshqaradigan uchuvchi bu mashinani yaxshi biladi, u havo janglarini olib borishi va yerdagi nishonlarga qarshi quroldan foydalanishi mumkin. Ammo agar u boshqa samolyotga o‘tirsa, unda uchuvchi hamma narsani qayta o‘rganishi, vazifalarning har birini mashq qilishi kerak bo‘ladi.
Uchuvchilikning asosiy kursi mavjud — ko‘tarilish, uchish va qo‘nish, lekin quroldan foydalanishni uchuvchilar alohida o‘rganadi. Va men har bir qurol turining o‘ziga xos qo‘llash kursi bor deb o‘ylayman. Har bir missiya turida samolyotdan turlicha foydalanishni o‘rganish lozim. Quruqlikdagi nishonlarga zarbalar berish va qanotli raketalarni tutib olish ikki xil vazifa bo‘lib, ularning har biri uchun uchuvchilarni alohida o‘qitish kerak. Ikkalasini ham qila oladigan uchuvchilar bo‘ladi, lekin buning uchun ularni tayyorlashga ko‘proq kuch sarflash kerak.
— Siz aytayotgan olti oydan keyin F-16 uchuvchilarini darhol frontga jo‘natish mumkinmi yoki moslashish uchun yana biroz vaqt kerakmi?
— Hech kim bu haqda aniq gapirmaydi. Ammo Ukrainaga allaqachon odamlar kerak bo‘lgani uchun, menimcha, ular bu muddatni iloji boricha qisqartirishga harakat qiladi, ayniqsa ularning uchuvchilari tajribali va bilimdon ekanini hisobga olsak. MiG-29 va F-16 samolyotlarini boshqargan rossiyalik uchuvchi bir intervyuda, agar ikkita qiruvchini solishtirsa, inson xuddi «Zaporojyets»dan Audi’ga o‘tgandek bo‘lishini aytgan. Men tajribali MiG-29 uchuvchisining qaysi ko‘nikmalari F-16’da ham foydali bo‘lishini bilmayman.
— Ukrainada F-16 samolyotlariga xizmat ko‘rsatishda muammolar bo‘lishi mumkinmi, chunki birinchidan, mamlakat Rossiya tomonidan o‘qqa tutilmoqda, ikkinchidan, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bu qiruvchilar Ukraina infratuzilmasiga unchalik mos kelmaydi?
— Albatta, F-16’ga xizmat ko‘rsatish murakkab, qimmat infratuzilmani, maxsus aerodrom uskunalarini talab qiladi. Ballonlarni havo bilan to‘ldirish, mashinani moy, yonilg‘i, elektr bilan ta’minlash — bularning barchasi alohida transportlarni, alohida texnik xizmat ko‘rsatishni, alohida angarlarni talab qiladi. Bularning hammasi olib kelinishi kerak. Bu infratuzilma juda ko‘p narsa kerak, chunki ushbu samolyotlarni joylashtirish uchun ko‘plab aerodromlar mavjud.
Bu hal bo‘ladigan muammo — Yevropada F-16’ga xizmat ko‘rsatish uchun har xil infratuzilma juda ko‘p, mashinalar ham, ular bilan qanday ishlashni biladigan va boshqalarga ham buni o‘rgatadigan odamlar anchagina. Yevropada MiG-29’ga xizmat ko‘rsatuvchi texnikalarini topish F-16’ga qaraganda hatto qiyinroq bo‘lishi mumkin. Polsha harbiy-havo kuchlari o‘z xizmat ko‘rsatish bazasiga ega, Ukrainaning yangi F-16 samolyotlarini texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun shu yerga olib kelish mumkin.
Bundan tashqari, ushbu samolyotlar, umuman Polshada joylashishi va topshiriqlarga aynan o‘sha yerdan uchishi, rasmiy ravishda Ukraina aerodromlaridan sakrash aerodromlari sifatida foydalanishi mumkinligi borasida mutlaqo nazariy taxminlar mavjud. Sakrash aerodromi — bu samolyot bir joydan havoga ko‘tariladi va boshqa aerodromga qo‘nib, tezda yana uchib ketadi. Ya’ni samolyot rasman Ukraina aerodromidan uchadi, ammo shu bilan birga uning xizmat ko‘rsatish bazasi Polshada joylashadi va u yerga qanotli raketani yo‘llab bo‘lmaydi. Bu ajoyib usul, menga juda yoqadi, lekin bu faqat nazariya.
Ukraina aerodromlari (sovetlar davrida) NATO bilan urushish qurilgan, shuning uchun ularning soni ko‘p, Ukrainada ular yetarlicha. Ha, ular ta’mirlashni talab qiladi, lekin bu tuproq qoplamasi emas — bu beton va kerak bo‘lganda uni tuzatib qo‘yish mumkin. Agar muammo uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi borasida bo‘lsa, Ukrainada bombardimonchi samolyotlar uchgan aerodromlar bor va u yerda yetarlicha uzun uchish-qo‘nish yo‘laklari mavjud.
F-16 samolyotlari joylashgan aerodromga «Kalibr» raketalari uchib kelib, u yerdagi hamma narsani yo‘q qilishi — bu ham (ehtimoli past bo‘lgan) nazariya. Hozirda ukrainaliklar Strom Shadow raketalarini otuvchi bir nechta qayta ishlangan sovet Su-24 samolyotlariga ega. Ular yaqinda Rossiya raketalari tomonidan o‘qqa tutilgan Starokonstantinov aerodromida joylashgan edi. Ushbu o‘qqa tutish natijasida bitta raketa to‘xtash joyidagi qandaydir yarim yig‘ilgan samolyotga kelib tekkan, ikkinchisi esa angarga tushgan — umuman olganda, ular hech narsani yo‘q qilmadi va aytilishicha, bu samolyotlar shunchaki boshqa aerodromga uchib ketgan. Rossiyalik raketachilarning Ukrainadagi istalgan nishonni yo‘q qila olishi qobiliyati biroz oshirib yuborilgan va Ukrainadagi F-16’lar bilan nima sodir bo‘lishi haqida xavotirga o‘rin yo‘q — ehtimol hech narsa bo‘lmaydi. Rossiyaning «yuqori aniqlikdagi qurollari» hozirgacha kam sonli Ukraina aviatsiyasini yo‘q qila olgani yo‘q.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!