date
views 407

Ekspertlar: HAMAS-Isroil to‘qnashuvining geosiyosiy muvozanatga ta’siri haqida

Ekspertlar: HAMAS-Isroil to‘qnashuvining geosiyosiy muvozanatga ta’siri haqida

HAMAS-Isroil to‘qnashuvi nafaqat Yaqin Sharq, balki global miqyosda geosiyosiy muvozanatning o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin. Eron HAMASni qo‘lladi – Shimolda «Hizbulloh» faollashdi va jangovar shaylik e'lon qildi, Qo‘shma shtatlar Isroilga harbiy yordam berishni davom ettirmoqda, Turkiya va Arab davlatlari ligasidan qanday harakatlar kutish mumkin? “Geosiyosat”ning bugungi tahlil mavzusi Isroil-HAMAS inqirozi fonida Yaqin Sharq va global geosiyosiy o‘zgarishlar haqida bo‘ladi.

Mavzuni tahlil qilish uchun studiyamizga siyosatshunoslar Kamoliddin Rabbimov, Farhod Karimov va Hamza Boltayevni taklif etdik.

— Isroildagi dunyoning eng kuchli mudofaa tizimi nega HAMASga qarshi turolmadi? Butun falastinni egallash uchun Isroil atayin yo‘l berdimi?

Farhod Karimov: — Bu savol ustida butun dunyo ekspertlari bosh qotiryapti, hammada har xil fikr bor. Bir taraf katta xatoga yo‘l qo‘yganini aytsa, bir taraf oldindan bilganini aytadi. Isroil razvedkasi G‘azoda raketalar tayyorlanganini ma’lum qilgan edi. Bu qarama-qarshilik 70 yildan beri bor, bunday to‘qnashuv bo‘lishi kutilmagan hodisa emasdi. Hujumga atay yo‘l qo‘yilgan, degan gapni ochiq-oydin aytolmayman, chunki bunga dalillarimiz yo‘q. Xalqaro huquqqa ko‘ra, himoyalanadigan tomonda huquqiy ustunlik bo‘ladi. Shuning uchun ko‘z yumib turgan vaziyatlar ham bo‘lgandir.

Hamza Boltayev: — Bu konflikt uzoq o‘tmishga ega. Bu konflikt ortidan bir nechta siyosiy masalalar ham hal bo‘lib ketyapti. Ta’kidlash kerakki, Isroil davlati ichki va tashqi tomondan qiyin davrni o‘tkazyapti. Mamlakat ichida Netanyahudan norozilik kuchli, tashqi siyosatda ham eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan AQSH bilan munosabatlarini juda yaxshi deb bo‘lmaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Netanyahu va Bayden o‘rtasida telefon aloqalari ham bo‘lmagan anchadan beri, odatda doimiy muloqotda bo‘lgan bu ikki davlat rahbarlari.

Isroil atrofi tarixan konfliktda bo‘lgan davlatlar bilan o‘ralgan. Bu ham tashqi siyosatdagi muammolardan biri. Mana shu muammolarga qo‘shtirnoq ichidagi yechim sifatida qarash mumkin.

Isroil mudofaasi ishlamagani texnik sabablarga ko‘ra bo‘lishi ham mumkin, chunki havo hujumidan himoya tizimi ko‘p sonli raketalar bo‘lganda bosim bilan ishlaydi. Ataylab qo‘yib berildi deyish uchun hozircha asoslarimiz mavjud emas.

Kamoliddin Rabbimov: — Isroil 1947 yilda tashkil topgan bo‘lsa, bugungacha bo‘lgan tarixda birinchi marta Isroilning ichki hududigacha bostirib kirdi. Bir vaqtning o‘zida ham suvdan, ham quruqlik va havodan hujum bo‘lishi bu Isroil mudofaasi uchun mag‘lubiyat. Isroil hammasini oldindan bilib, ataylab qo‘yib berganiga ishonmayman, chunki bir vaqtning o‘zida bir qancha fundamental yutqazishlarga yuz tutyapti.

Isroil razvedkasi eng kuchlisi mudofaa tizimi har qanday hujumlarni oldindan biladi va bartaraf qila oladi, degan qarash yo‘qqa chiqdi. Endi atrofdagi davlatlarning qarashi o‘zgaradi. Geosiyosiy tafakkurni o‘zgartiradi bu voqea. Tramp davridan arab davlatlari bilan munosabatlarni yaxshilay boshlagan edi Isroil, endi ortga tashlandi bu ishlar, ayniqsa Saudiya bilan. Isroilning mintaqadagi geosiyosiy va harbiy maqomi salbiy tomonga o‘zgardi.

— Saudiya va Isroil o‘rtasidagi tinchlik kelishuvi bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan edi, endi bu kelishuvni to‘xtatdi. Umuman, arab davlatlari ligasi bu vaziyatda qanday munosabat bildiradi va qanday real harakatlarni kutish mumkin?

Farhod Karimov: — 2020 yildagi kelishuvlar arab davlatlarining pozitsiyasini ko‘rsatib qo‘ygan edi, Saudiyadan tashqari. Undan oldinroq Misr tan olgan edi Isroilni, Turkiya ham. Arab ligasidagi eng muhim davlatlar bilan kelishuvga erishgani tashqi siyosatdagi yutug‘i bo‘ldi. Saudiya mintaqa uchun muhim davlat ekanini hisobga olsak, 2020 yildagi kelishuvlar Saudiyaning ruxsati bilan bo‘lgan, norasmiy bo‘lsa-da. Musulmonlar nafratiga uchramaslik uchun Saudiya tan olmay, cho‘zib kelayotgan edi. Hozirgi vaziyatda ko‘pchilik musulmon dunyosi Saudiyadan munosabat kutyapti, uning harakatlari ko‘p narsani belgilaydi. Bundan tashqari, Eron ham reaksiya bildirmayapti, shuning uchun boshqa mintaqa davlatlari pozitsiya bildirishdan saqlanib turibdi.

Hamza Boltayev: — Saudiya tan olmasligiga geosiyosiy sabab ham bor. Mintaqada Saudiya uchun katta xavf — Eron. Bu vaziyatda ham Eron kuchayib ketishi va Saudiya geosiyosiy imkoniyatlarni boy berishi mumkin, shuning uchun Saudiya sukut saqlayapti.

Eronning bayonot bermayotgani, ba’zi masalalarda tiyilib turishi uning pozitsiyasini boy berishi yoki boshqa radikal yo‘l tanlashini bildirmaydi. Chunki tarixga qarasak, Yaqin Sharqda ham, Afg‘onistonda ham Eron pozitsiyasini berib qo‘ymagan. Agar vaziyat keskinlashaversa, Eron ham vaziyatga faol aralashib, keskin munosabat bildiradi deb o‘ylayman.

— Turkiya prezidenti Erdo‘g‘an ham bayonot berib, Yaqin Sharqda mustaqil Falastin davlati tuzilmasa, vaziyat tinchimaydi, degan gapni aytdi. Bu bilan Turkiya pozitsiyasini aniq qildi deyish mumkinmi?

Kamoliddin Rabbimov: — Turkiya pozitsiyasi o‘zgarayotgani yo‘q, arab davlatlari ham shunday. Saudiya 2005 yilda Isroilga paket taklif qilgan edi. Ya’ni 1967 yilgi chegaralarga qaytilsa, barcha arab davlatlari Isroilni tan oladi, xavfsizligini ta’minlaydi va iqtisodiy yordam beradi, degan edi, ammo Isroil rad qilgan. Isroil taktikasi — bir qarich yerni bermasdan AQSH va G‘arb ta’sirida arab davlatlari bilan kelishish. Eron, Turkiya va Qatarning strategiyasi Isroil bilan kelishishning birinchi sharti Falastin davlati tashkil topishiga erishish. Suriya atrofida Turkiyaning uchuvchisiz samolyoti urib tushirildi, bunga javoban Erdo‘g‘an, biz buni eslab qolamiz va vaqti kelganda javob beramiz, degan bayonot berdi. AQSH va Turkiya o‘rtasida dushmanlik kayfiyati yo‘q, lekin Erdo‘g‘anda Islom sivilizatsiyasi va turkiy dunyo uchun mas’uliyat darajasi yuqori.

Falastin masalasida Turkiyada ham, arab davlatlarida ham bir-birini inkor etuvchi ikki omil bor. Shu paytgacha bir necha marta arab davlatlari va Isroil o‘rtasida to‘qnashuvlar bo‘ldi, ammo Falastinni kuch bilan olib bo‘lmadi. Ikkinchi strategiya shuki, kollektiv G‘arbga kuchmiz yetmas ekan, globallashgan dunyoda chegaralarni ochib, savdo-iqtisodiy munosabatlarni yo‘lga qo‘yamiz va bosqichma-bosqich Isroilni geosiyosiy assimilyatsiya qilib yuboramiz, degan tafakkur ham bor. Isroilni qo‘llovchi AQSH, Xitoy Falastin tomonda, YEIning jamoatchiligi ham Falastin tarafda, lekin hokimiyatlari emas. Isroilni hech bir jamiyat qo‘llamaydi, chunki insoniyat tabiatan jabr-zulmni qabul qilmaydi. Isroil falastinliklarni qanchalik terrorchiga chiqarmasin, dunyo hamjamiyati aslida kim kimligini biladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ekspertlar: HAMAS-Isroil to‘qnashuvining geosiyosiy muvozanatga ta’siri haqida