
Toshkentda tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi doirasida muhim madaniy tashrif ham amalga oshirildi. Mintaqadagi qo‘shni mamlakatlar rahbarlari, shuningdek, Ozarbayjon prezidenti O‘zbekiston prezidenti hamrohligida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ozarbayjon rahbari Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Qirg‘iziston lideri Sadir Japarov va Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shavkat Mirziyoyev boshchiligida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan Qur’oni karim zaliga tashrif buyurdi.

Bu yerda musulmon dunyosi uchun ayniqsa qadrli bo‘lgan — Usmon Mus’hafi saqlanadi. Mazkur nodir qo‘lyozma Islom tarixidagi eng qadimgi muqaddas manbalardan biri bo‘lib, mintaqa xalqlarining ma’naviy birligi va asrlar davomida shakllangan sivilizatsion ruhini namoyon etadi.

Tashrif davomida mehmonlar markazning bir nechta asosiy bo‘limlari bilan ham tanishdi. Jumladan, “Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston – yangi Renessans” ekspozitsiyalari yetakchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Bu bo‘limlarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalarning boy ilmiy merosi, ularning insoniyat taraqqiyotiga qo‘shgan beqiyos hissasi atroflicha yoritilgan. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar va temuriylar davriga oid qo‘lyozma manbalar, tarixiy nashrlar va qadimgi o‘zbek tiliga qilingan tarjimalar ko‘rgazmaning muhim qismi sifatida namoyish etilgan.

Toshkentdagi ushbu ma’rifiy markazga tashrif davlat rahbarlarining mintaqa madaniy birligi, umumiy ilmiy meros va tarixiy o‘zlikka bo‘lgan chuqur hurmatini yana bir bor namoyon etdi.


Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.