
AQSh prezidenti Donald Tramp BBC teleradiokompaniyasiga qarshi besh milliard dollargacha tovon puli undirish maqsadida sudga murojaat qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘z chiqishida aytib o‘tdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, BBC uning nutqini tahrirlangan holda efirga uzatgan va bu orqali jamoatchilikni chalg‘itgan. “Menimcha, bu safar ularni sudga berishim kerak. Chunki ular o‘zlari tan oldi — ular men aytgan so‘zlarni o‘zgartirishgan”, — dedi AQSh prezidenti.
Mojaro 2024-yil oktyabr oyida, AQSh prezidentlik saylovlariga atigi bir hafta qolganda boshlangan. BBC’ning Panorama dasturida 2021-yil 6-yanvar kuni Kapitoliyga bostirib kirish voqeasi haqida maxsus son efirga uzatilgan edi. Unda Trampning ikki xil chiqishidan parchalar birlashtirib tahrirlangan bo‘lib, tomoshabinlarda go‘yo u tartibsizlik va zo‘ravonlikka chaqirgandek taassurot uyg‘otgan.
Mazkur tahrir ortidan BBC rahbariyati jiddiy tanqidlarga uchradi. BBC bosh direktori Tim Deyvi va yangiliklar bo‘limi rahbari Debora Terness iste’foga chiqdi.
Kompaniya Trampning nutqini montaj qilgani uchun uzr so‘radi, biroq moliyaviy kompensatsiya to‘lashdan bosh tortdi. Shunga qaramay, Trampning aytishicha, u BBC’ni javobgarlikka tortish niyatidan qaytmaydi va da’voni kelasi hafta sudga topshirishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.