22:56 / 13.11.2023
318

Saudiya Arabistonidagi sammitda Isroilga sanksiya qo‘llanmadi

Saudiya Arabistonidagi sammitda Isroilga sanksiya qo‘llanmadi

Foto: SAUDI PRESS AGENCY / AFP

Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Arab davlatlari ligasi hamda Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda qo‘shma sammiti o‘tkazildi. Isroil agressiyasi oqibatida G‘azodagi vaziyat keskinlashib borayotgani uchun ikki tashkilot yig‘ilishi birlashtirildi.

Sammitning umumiy rezolyutsiyasida Isroilning G‘azodagi harakatlari qoralandi. «Biz Isroilning G‘azodagi agressiyasini, G‘arbiy sohil, Shimoliy Quddusdagi Falastin xalqiga qarshi kolonial bosqinchi hukumat tomonidan noinsoniy va vahshiylarcha amalga oshirilayotgan ommaviy qotillik ko‘rinishidagi harbiy jinoyatlarni qoralaymiz. Bu agressiya tezda to‘xtatilishini talab qilamiz», deyiladi bayonotda.

Isroilga qarshi sanksiya taklifi rad etildi

Yig‘ilishda Isroil va uning asosiy ittifoqchisi AQSh manziliga ko‘p salbiy gaplar aytildi, ammo bu bayonotlar amaliy harakatlarga ko‘chmadi. Masalan, Jazoir arab davlatlari tomonidan Isroilga qarshi sanksiyalar joriy qilish loyihasini taqdim etdi. Jazoir AQShning Isroilga yordam berishda arab davlatlaridagi harbiy bazalardan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik, Isroil bilan iqtisodiy aloqalarni uzish taklifini ham bildirgandi.

Jazoirning asosiy taklifi esa neft bilan bog‘liq edi. Shimoliy Afrikadagi arab davlati qolgan arablarni Isroilga neft bermaslikka, «qora oltin»dan Isroilga bosim o‘tkazish yo‘lida foydalanishga chaqirdi. Ammo bu shunchaki taklifligicha qolib ketdi. Chunki Arab davlatlari ligasining 11 a’zosi qo‘llagan ushbu taklifni liganing ikki asosiy davlati – Saudiya Arabistoni va BAA, shuningdek, Marokash hamda Bahrayn qo‘llab-quvvatlamadi.

Ekspertlar fikricha, arab davlatlari sammit oldidan ham Isroilga qarshi qandaydir sanksiya kiritish haqida o‘ylamagan. Jazoirning taklifini «piar yurish» deb ataganlar ham bo‘ldi.

Times of Israel nashri yozishicha, sammitda Isroil samolyotlarining arab davlatlari osmoni uzra uchishini taqiqlash ham taklif qilingan. Ammo bu taklif Saudiya Arabistoni, BAA, Iordaniya, Misr, Sudan, Marokash, Mavritaniya va Jibuti tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.

Arab-islom sammiti ishtirokchi davlatlari joylashuvi

Bunaqasi avval bo‘lgandi

Jazoir tomoni Isroilga qarshi sanksiyalar doirasida bejiz neftdan foydalanish kerakligini ilgari surmagan. Chunki bunaqasi avval ham bo‘lgan. 1973 yilgi arablar va Isroil o‘rtasidagi «Qiyomat kuni urushi» vaqtida OPeK a’zosi bo‘lgan barcha arab davlatlari, shuningdek, Misr va Suriya urushda Isroilni qo‘llagan Britaniya, Kanada, AQSh, Niderlandiya va Yaponiyaga neft sotmasligini e’lon qiladi.

Natijada neftning 1 barreli 3 dollardan 12 dollargacha qimmatlashib ketadi. 1973 yil oktyabr oyida boshlangan embargo 1974 yilgacha davom etadi. Bu embargo tarixdagi eng yirik energiya inqirozini keltirib chiqaradi. O‘sha voqeadan keyin Afrikaning ko‘plab davlatlari Isroil bilan aloqalarni uzadi. Neft narxi oshib ko‘plab kompaniyalar inqirozga uchraydi.

«HAMASning qo‘llarini o‘pamiz»

Kutilganidek, sammitda eng keskin bayonotlar Isroilni o‘zining eng katta dushmani deb hisoblaydigan Eron prezidenti Ibrohim Raisiy tomonidan bildirildi. Darvoqe, Saudiya va Eron munosabatlari iliqlasha boshlaganidan buyon fors davlati yetakchisi ilk marta Hijoz o‘lkasiga borganini ham ta’kidlash kerak.

Eron prezidenti HAMASni Isroilga qarshi urushi uchun olqishlab, musulmon davlatlarni Isroilga qarshi sanksiya joriy qilishga chaqirdi. «Isroilga qarshi turishdan boshqa yo‘l yo‘q. Bu ishni bajarayotgani uchun HAMASning qo‘llarini o‘pamiz», dedi Eron prezidenti.

Raisiy Falastinni qurollantirish muhimligini ham ta’kidladi. Ammo bu taklif kim tomonidan qo‘llab-quvvatlangani yoki rad etilgani aniq emas. Umuman, hozir qamalda qolib Isroilga qarshi kurashayotgan G‘azodagi falastinliklarga kimdir qurol yetkazib berish-bermasligi ham noma’lum.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo