
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukrainadagi urushni tugatishni tavsiya qildi. Unga ko‘ra, Moskva yangi yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazish o‘rniga tinchlik haqida o‘ylashi kerak. Tramp bu fikrni 27-oktabr kuni samolyot bortida jurnalistlar bilan suhbatda bildirdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, AQSh Rossiya qirg‘oqlari yaqinida yadroviy suvosti kemasiga ega va bu mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun yetarli kuchga ega. “Ular bilishadi, bizda dunyodagi eng qudratli yadroviy suvosti kemasi bor. Shuning uchun bizga 8 ming milya uchishning hojati yo‘q”, — dedi u.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa bir kun avval yadroviy dvigatelli raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tganini ma’lum qilgan edi. Kremlga ko‘ra, bu qurol har qanday mudofaa tizimini yorib o‘tish qobiliyatiga ega. Raketalar 14 ming kilometr masofani bosib o‘tgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning fikrlariga javoban Rossiya o‘z milliy manfaatlaridan kelib chiqib ish tutishini bildirdi. Unga ko‘ra, yangi qurollar mamlakat xavfsizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lib, bu Vashington bilan munosabatlarga salbiy ta’sir qilmasligi kerak.
Tramp Rossiyaning urushni cho‘zayotganini tanqid qilib, agar tinchlik o‘rnatilmasa, yangi sanksiyalar qo‘llanishi mumkinligini ham eslatib o‘tdi. “Bir hafta ichida tugashi kerak bo‘lgan urush endi to‘rtinchi yilga kirdi. Putin raketalarni emas, tinchlikni sinab ko‘rishi kerak”, — dedi AQSh prezidenti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!