23:20 / 13.11.2023
507

Isroilni qoralayotgan 57 ta davlat rahbarlari Ar-Riyodda yig‘ildi. Natija bo‘ladimi?

Isroilni qoralayotgan 57 ta davlat rahbarlari Ar-Riyodda yig‘ildi. Natija bo‘ladimi?

Isroilning G‘azoga qonli hujumlari fonida, Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining favqulodda qo‘shma sammiti bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, bu tadbirning amaliy ahamiyati bormi? Arab va musulmon dunyosini jiddiyroq qadamlardan nimalar to‘sib turibdi?

“Geosiyosat” ruknida bu mavzuda siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Farhod Karimov so‘z yuritdi.

— Arab davlatlari ligasi bosh kotibi G‘azo aholisini majburiy ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymaymiz, dedi. Xo‘sh, qanday qilib?

Farhod Karimov: — Umuman, faqat arablar emas, boshqa xalqaro tashkilotlar, xususan BMT ham faqat bayonotlar bilan cheklanyapti. Vaziyat juda chigal holatda. 11 noyabr kunida bo‘lgan sammitda ham faqat davlatlarning pozitsiyalari eshitildi, yakuniy qanaqadir hujjat qabul qilinmadi. Maqsad ham yana bir bor pozitsiyalarni e’lon qilib, keyingi harakatlar qanday bo‘lishi haqida fikr almashish bo‘lgan. Bu uchrashuvdan katta narsani kutib bo‘lmasdi boshidan. Hujjatlar ham faqat deklarativ bo‘lyapti, protsessual hujjatlar bo‘lmayapti.

Arab davlatlari ham, umumiy musulmon dunyosi davlatlari ham G‘azodagi harakatlarni qoralayapti, lekin amalda harakat bo‘layotgani yo‘q. Buning ham bir qancha sabablari bor.

Aholi ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi. Fors ko‘rfazi arab davlatlarining G‘arb bilan aloqasi kuchli. Bu davlatlarning shu darajaga kelishida ham g‘arblik investorlar va mutaxassislarning o‘rni katta bo‘lgan. Bu holatda ham to‘g‘ridan to‘g‘ri Isroilga emas, G‘arb davlatlariga ta’sir qilish orqali amalga oshirish ko‘zda tutildi. Qanaqadir harbiy, iqtisodiy vositalar nazarda tutilgani yo‘q.

Kamoliddin Rabbimov: — Saudiya Arabistoni ikki katta tashkilotning sammitini birlashtirdi, ya’ni Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotining. Bu sammitda O‘zbekistondan bosh vazir Abdulla Aripov ishtirok etdi.

Kun tartibiga ko‘ra, pozitsiyalar, takliflar ko‘rib chiqildi. Yopiq eshiklar ortida qanday qilib AQSH va Isroilga javob berish, umumiy pozitsiya qanday bo‘lishi masalasi qo‘yildi. Sammitda pozitsiyalar ikkiga bo‘lindi. Turkiya, Eron kabi davlatlar faolroq munosabat bildirish, amaliy ravishda harbiy yoki boshqa harakatlar bilan javob qaytarishni taklif etdi. Ehtiyotkor mamlakatlar esa AQSH bilan to‘qnashuv xavfi tufayli keskin harakatlardan tiyilish pozitsiyasida bo‘lishdi. Chunki Isroil bilan to‘qnashish AQSH bilan to‘qnashish degani.

Musulmon dunyosi davlatlarida siyosiy va geosiyosiy tafakkur evolyutsiyaga uchragan. O‘tgan asrning ikkinchi yarmida Isroil bilan bo‘lgan urushlarda doim musulmon davlatlari katta talafot ko‘rgan. Shundan kelib chiqib, Saudiya, BAA va AQSHning ittifoqchisi bo‘lgan boshqa arab davlatlari uzoq, evolyutsion natijaga erishmoqchi. Ya’ni Isroilni bosqichma-bosqich demontaj qilish. Bu maqsadga erishish uchun emotsiyaga berilmay, kelajakdagi bir necha o‘n yillik uchun strategiya ishlab chiqish va amalga oshirish kerak bo‘ladi.

Saudiya, BAA, Misr va boshqa arab davlatlar BRIKS kabi tashkilotlarga kuzatuvchi yoki a’zo bo‘lib kiryapti. Bu global siyosiy maydonda AQSH salohiyatiga ta’sir qilish, ya’ni pasaytirish degani.

Falastinda vaziyat rostdan ayanchli. 1 oy ichida 12 ming odam o‘ldirildi, asosan bolalar, ayollar va qariyalar. HAMAS askarlari yo‘qotilishi 100 taga ham yetgani yo‘q rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra. Asosiy qurbonlar — bolalar.

— Isroil sotib oladigan neftining 40 foizi Ozarboyjondan Turkiyaning Jayhon porti orqali o‘tadi. Nega Anqara shu va boshqa amaliy ta’sir choralarini ishga solishni ko‘rib chiqmayapti?

Farhod Karimov: — Bunday e’tirozlar butun dunyoda, Turkiyaning o‘zida ham bo‘lyapti. Neft quvurlari Turkiyaga tegishli emas, Isroilning Ozarboyjon bilan shartnomasi asosida o‘tadi, Turkiya tranzitchi davlat sifatida qo‘shilgan. Shartnomada keskin talablar bor, agar Turkiya quvurlarni yopsa, juda katta iqtisodiy, siyosiy oqibatlarga olib keladi. Har bir davlat, avvalo, o‘z xalqi manfaatlari uchun ishlaydi. Erdo‘g‘an ham iloji boricha ta’sir o‘tkazishga harakat qilyapti, lekin o‘z xalqini yomon ahvolga soladigan qaror qabul qilmaydi u.

Turkiya Islom hamkorlik tashkiloti davlatlari ichida eng katta kuchga ega bo‘lgan davlatlardan biri, ta’sir richaglari ham ko‘p. Vaziyati to‘g‘ri keladigan bo‘lsa, bu richaglarni qo‘llashi mumkin. Turkiya o‘ziga bo‘ladigan salbiy oqibatlarni o‘ylaydi birinchi navbatda. Mana shunday salbiy oqibatlarni kamaytirgan holda ta’sir o‘tkazish yo‘llarini izlayapti. Emotsiyaga berilib qilingan harakat katta oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: — Turkiya iqtisodiyoti eksportga bog‘langan. Oxirgi 5 yilda Turkiya lirasi 500 foizdan ortiq qadrsizlandi, ya’ni kollektiv G‘arb davlatlari Turkiyani jazoladi geosiyosiy mustaqilligi uchun. Keyingi yarim yilda Erdo‘g‘an vaziyatni o‘nglashga harakat qilyapti, lekin G‘azodagi vaziyat kutilmagan bo‘ldi.

Turkiya pozitsiyasi shunday bo‘lyapti: «Nimaiki qilsak, teng mas’uliyat bilan birgalikda qilaylik» deyapti musulmon dunyosi davlatlariga. Turkiya boshqalarga nisbatan ko‘proq bayonot beryapti, shu orqali musulmon dunyosi va turkiy davlatlar pozitsiyasini shakllantiruvchi turtkini beryapti. Lekin Turkiya o‘zini qurbon qilmoqchi emas. Agar boshqalar ham qo‘shilsa, mas’uliyatni bo‘yniga olsa, amaliy harakatlarga o‘tiladi. Lekin pozitsiyalar yaqinlashgani yo‘q. Hammada har xil. Saudiya urush tugaydi va biz Isroil bilan aloqalarni me’yorlashtirish yo‘lidan ketamiz, degan ma’nodagi pozitsiya bildiryapti, shuning o‘zi Isroilni qaysidir ma’noda ruhlantiradi.

Turkiya turkiy davlatlar ichida NATOga a’zo bo‘lgan yagona davlat. AQSH bilan strategik to‘qnashishni istamaydi u, mumkin ham emas. Bir tomondan musulmonlar va turkiylar tomonda kurashyapti, ikkinchi tomondan esa dunyo iqtisodiyoti, G‘arb bilan qalin bog‘liqlikka ega. Turkiya uchun vaziyat juda ziddiyatli.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo