Rifaat Al-Ariyr (1979–2023).
Foto: AFSC
Dunyoning turli mamlakatlaridagi ijodkorlar G‘azoda Isroil bombardimonida halok bo‘lgan shoir va olim Rifaat Al-Ariyr xotirasini hurmat bilan yodga olmoqda. O‘zbekistonlik taniqli shoir va tarjimon A’zam Obid ham marhum ijodkor ruhiga ehtirom ramzi sifatida uning she’rini o‘zbek tiliga o‘girdi.
1979 yilda G‘azo shahrida tug‘ilgan Rifaat Al-Ariyr Falastinning yangi avlod ijodkorlari sirasiga kiradi. Buyuk Britaniyada tahsil olgan, Malayziyada ingliz adabiyoti bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan professor Al-Ariyr G‘azo Islom universitetida adabiyot ilmidan saboq berib kelgan.
Ingliz tilida qalam tebratgan shoir o‘z hayotini Falastin xalqining dardu iztiroblarini dunyo ahliga yetkazishga baxsh etgan. Nafaqat harbiy-siyosiy, balki ilmiy, madaniy jihatdan ham qamalda yashayotgan G‘azoda ijodiy davra tuzib, ingliz tilida ijod qiluvchi yosh adiblarni tarbiyalashga katta hissa qo‘shgan.
Rifaat Al-Ariyr inson huquqlari faoli sifatida 2015 yilda «Biz raqamlar emasmiz» deb nomlangan notijorat tashkilotga asos solgan.
Shoir va olim 6 dekabr kuni Isroil armiyasi tomonidan amalga oshirilgan havo hujumi oqibatida uyida halok bo‘lgan. U bilan birga ukasi, singlisi va to‘rt nafar jiyani ham hayotdan bevaqt ko‘z yumgan.
Darvoqe, 11 oktyabr kuni u dars bergan G‘azo Islom universiteti ham vayron qilingan edi.
44 yoshli shoir avvalroq CNN telekanaliga bergan intervyusida jon saqlashga boshqa joy yo‘qligi uchun G‘azo shimolida, o‘z uyida qolishga qaror qilganini aytgan edi.
«Erkinlik, inson huquqlari yo‘lida kurashayotganimiz, adolat tantanasi yo‘lida harakat qilayotganimizga imonimiz komil. Ammo bizni bu ishdan chetlatmoqdalar», – degan u intervyuda.
Rifaat Al-Ariyr 1 noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida «If I must die...» (Men o‘lmog‘im shart bo‘lsa agar) deb nomlangan she’rini chop etgan edi.
Taniqli mutarjim A’zam Obid marhum hamkasbining ushbu bashoratomuz she’rini o‘zbek tiliga tarjima qildi.
Men o‘lmog‘im shart bo‘lsa agar
Sizning yashab qolmog‘ingiz shart –
So‘ylamoqqa mening qissamni
Ham sotmoq-chun lash-lushim albat.
O‘rniga bir parcha mato va
Qalinroq ip xarid qilarsiz
(Oppoq bo‘lsin, hilpirasin bot
Uzunroq bir dum ham ularsiz).
To G‘azoning qay burchagida
Ko‘kka ko‘zin tikkan bolajon
Na o‘z jismi, na o‘z joniga
Vido ayta olovda qolmish
Otasini kutgan chalajon:
Ko‘zi tushsa o‘sha oq mato,
Siz yasagan o‘shal oq varrak
Uchmog‘iga samoda baland
Bir muddatga tortar u sergak:
Ana, ortga oppoq farishta
Qaytarmoqda mehru muhabbat...
Men o‘lmog‘im shart bo‘lsa agar,
O‘lim qo‘shsin umidga hissa,
So‘ylab yursin biz haqda qissa.
Xabaringiz bor, Isroil armiyasi HAMASning hujumiga javoban G‘azoga keng ko‘lamli harbiy harakatlarni olib bormoqda.
Literary Hub cayti ma’lumotiga ko‘ra, 7 oktyabrdan buyon G‘azoda 13 nafar shoir va yozuvchi halok bo‘lgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Kanadaliklar AQSh tarkibida boʻlishni xohlaydimi? – “Tramp bezori, Mask esa tentak”
Pokistonning Afgʻonistonga zarbalari: “Tehrike Tolibon” qanday harakat?
AQSh hujum qilgan taqdirda Daniya Grenlandiyani himoya qila olmaydi
Zelenskiy Germaniyadagi ittifoqchilar uchrashuvi natijalari haqida nimalar dedi?
Suriyadagi kutilmagan inqilobdan soʻng oʻtgan bir oyda nimalar oʻzgardi?
Los-Anjelesdagi yongʻinlar: 10 kishi halok boʻldi, 9 mingdan ortiq inshoot zarar koʻrdi
Kanada AQSh bilan ehtimoliy savdo urushiga tayyorgarlikni boshladi
Los-Anjelesdagi yongʻinning kosmosdan koʻrinishi