date

Vashingtonning Ukraina bo‘yicha yangi rejasi Yevropani hayratga solmoqda

Vashingtonning Ukraina bo‘yicha yangi rejasi Yevropani hayratga solmoqda

Shiddat bilan davom etayotgan Ukraina–Rossiya mojarosini siyosiy yo‘l bilan to‘xtatish maqsadida AQSH va Ukraina o‘rtasida yangi formatdagi muzokaralar boshlangani haqida The Washington Post tahlilchisi Devid Ignatius ma’lum qildi. Uning yozishicha, Vashington va Kiyev Ukrainaga 2027 yilgacha Yevropa Ittifoqi safidan joy berish imkonini ko‘rib chiqmoqda — bu g‘oya jang-u-jadal davom etayotgan sharoitda keskin geosiyosiy o‘zgarishlarga yo‘l ochishi mumkin.

Ignatius manbalariga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga tezkor ravishda YEI a’zoligi berishga qarshi bo‘lib kelgan ayrim davlatlar — xususan, Vengriya kabi qat’iy pozitsiyadagi mamlakatlarning qarshiligini yengib o‘tish mumkin, degan fikrda. Vashingtonning ta’kidlashicha, YEIga kirish Ukraina iqtisodiyotini tiklash, investitsiyalar oqimini kuchaytirish va ichki islohotlarni tezlashtirishda muhim qadam bo‘ladi.

Shu bilan birga, muzokaralarda front chizig‘i bo‘ylab bir nechta xavfsizlik zonalari yaratish masalasi ham ko‘tarilgan. Doneskdan Xerson va Zaporojiyegacha bo‘lgan mintaqada qurolsizlantirilgan hudud tashkil etish, ayrim qo‘shinlarni orqaga tortish va og‘ir harbiy texnika harakatini cheklash taklif qilinmoqda. Tahlilchi fikriga ko‘ra, ushbu hudud Janubiy va Shimoliy Koreya o‘rtasidagi demilitarizatsiya zonasiga o‘xshash tarzda doimiy monitoring ostida bo‘ladi.

WP manbalari yana bir muhim jihatga urg‘u beradi: AQSH Ukrainaga NATOning 5-moddasiga yaqinlashuvchi xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishga tayyor. Kiyev bu kafolatlar faqat imzolanishini emas, balki AQSH Kongressi tomonidan rasman ratifikatsiya qilinishi kerakligini aytmoqda. Yevropa mamlakatlari ham o‘z tomonidan qo‘shimcha kafolatlar berishi ko‘rib chiqilayotgani ta’kidlandi.

Shu bilan bir vaqtda, Tramp ma’muriyatining yangi milliy xavfsizlik strategiyasi Rossiya tomonidan yangi hujum bo‘lgan taqdirda Vashingtonning harbiy aralashuvi bir qadar mavhumligini ko‘rsatadi. Biroq, AQSH Ukrainaga razvedka ma’lumotlari bilan yordam berishda davom etishini va’da qilmoqda.

Ignatius ta’kidlagan yana bir kerakli masala — Zaporojiye atom elektr stansiyasini AQSH nazoratiga o‘tkazish ehtimoli. Bu taklif hali muhokama bosqichida bo‘lsa-da, global energetik xavfsizlik nuqtayi nazaridan jiddiy ahamiyatga ega.

Qisqasi, Vashington va Kiyev o‘rtasidagi sanksiya, xavfsizlik va siyosiy kafolatlarga oid yangi tashabbuslar mojaro kelajagiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Dunyo » Vashingtonning Ukraina bo‘yicha yangi rejasi Yevropani hayratga solmoqda