
Qozog'iston bosh vaziri Oljas Bektenov Qozog'iston-O'zbekiston chegarasida yuzaga kelgan yuk vagonlari tirbandligi uchun javobgar kompaniya rahbarlarini jazolashni talab qildi. "Bu vaziyatga sabab bo'lgan kompaniya rahbarlarini javobgarlikka torting va menga hisobot bering", dedi Bektenov.
"Qazaqstan temir joly" (QTJ) rahbari Talg'at Aldibergenovning ma'lum qilishicha, 7-8 dekabr kunlari O'zbekiston transport vaziri bilan uchrashuvlar bo'lib o'tgan. Uchrashuv natijasida o'zbek tomoni har kuni 1,8 ming vagongacha qabul qilishga tayyor ekanini bildirgan.
Bu esa vaziyatni barqarorlashtirish va don eksportini qayta tiklash imkonini bergan. "Uchrashuvlarda bir nechta qo'shma qarorlar qabul qilindi.
Birinchidan, O'zbekistonda tezkor shtab tashkil etildi. Ikkinchidan, barcha vakolatli idoralar tun-u kun ishlashga o'tdi.
Uchinchidan, O'zbekiston temir yo'llari har kuni 1,8 ming vagongacha qabul qilishga, jumladan, 35 ta poyezdni, shulardan 250 vagonni don, un va boshqa tovarlar bilan qabul qilishga tayyor. Hozirgi vaqtda vaziyat barqarorlashmoqda, don eksporti qayta yo'lga qo'yildi", dedi Aldibergenov.
Shuningdek, O'zbekistonda tezkor shtab tashkil etilib, barcha idoralar tun-u kun ishlash rejimiga o'tgani qayd etildi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.