date

Shavkat Mirziyoyev «Tinchlik va ishonch» xalqaro forumida nutq so‘zladi

Shavkat Mirziyoyev «Tinchlik va ishonch» xalqaro forumida nutq so‘zladi

2025 yil 12 dekabr kuni «Tinchlik va ishonch» xalqaro forumida nutq so‘zlagan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mintaqada o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, mojarolarni muloqot va muzokaralar orqali hal etish muhimligini ta’kidladi.

Forumda prezident Mirziyoyev Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov hamda Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovga samimiy qabul va anjumanni yuksak darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, Turkmaniston qardosh xalqi Doimiy betaraflik e’lon qilinganining 30-yilligi bilan tabriklandi.

Davlat rahbari mazkur forumni tinchliksevarlik g‘oyalarini ilgari surish, davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash hamda dolzarb xalqaro masalalarga muzokaralar yo‘li bilan yechim izlash uchun muhim siyosiy platforma sifatida baholadi.

Nutqda Turkmanistonning doimiy betaraflik siyosati suverenitetni hurmat qilish va ichki ishlarga aralashmaslik tamoyillarini faol tinchlikparvar diplomatiya bilan uyg‘unlashtirish mumkinligini namoyon etayotgani qayd etildi. Prezident Ashxobodda BMTning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi faoliyat yuritayotganini buning yaqqol dalili sifatida ko‘rsatdi.

Shavkat Mirziyoyev «Yangi O‘zbekiston» uchun jahonga ochiqlik, o‘zaro hurmat va muloqotga intilish fundamental qadriyatlar ekanini ta’kidlab, umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida birdamlik bo‘yicha Samarqand tashabbusi ilgari surilganini eslatdi. Unga ko‘ra, tinchlik, totuvlik va barqaror taraqqiyot uchun intiluvchi barcha tomonlarni muloqotga jalb etish asosiy maqsad etib belgilangan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Qo‘shilmaslik harakatidagi bo‘lajak raisligi davrida tinchlik va zo‘ravonlikdan xolilik madaniyatini qo‘llab-quvvatlash, davlatlar o‘rtasida ishonchni mustahkamlash hamda jahonda bag‘rikenglik, hamjihatlik va birdamlik muhitini qaror toptirishni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash rejalashtirilayotgani aytildi.

Prezident, shuningdek, 2027 yilni «Preventiv diplomatiya yili» deb e’lon qilish tashabbusini ilgari surish niyati borligini bildirib, uning doirasida konferensiya va forumlar, parlament, jamoat va yoshlar delegatsiyalarining o‘zaro almashuvlarini qamrab oladigan tadbirlar dasturi qabul qilinishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Nutqda Turkmanistonning 2025 yilni «Xalqaro tinchlik va ishonch yili» deb e’lon qilish taklifi jahon hamjamiyatining dolzarb ehtiyojlariga mos kelishi qayd etildi. O‘zbekiston mazkur tashabbusni qo‘llab-quvvatlagani va BMT Bosh Assambleyasining tegishli rezolyutsiyasi hammuallifi bo‘lgani ta’kidlandi.

Markaziy Osiyoda o‘zaro ishonch, hurmat va jipslik tamoyillari mintaqani tinchlik, hamkorlik va yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylantirish siyosati asosi ekani alohida ta’kidlandi. Davlat rahbari o‘tgan oy Toshkentda o‘tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi hamjihatlikni mustahkamlash va mintaqada tinchlik hamda barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarga tayyorlikni yana bir bor namoyon etganini qayd etdi.

Forum doirasida gumanitar hamkorlikni kuchaytirish tashabbuslari ham ilgari surildi. Xususan, kelgusi yili Toshkentda ijodiy jamoalar, olimlar va adiblar ishtirokida «Madaniyatlar muloqoti» qo‘shma xalqaro gumanitar forumini tashkil etish, shuningdek, yoshlarni tinchlik va ishonch jarayonlariga jalb qilishga qaratilgan «Yoshlar tinchlik va ishonch yo‘lida» mintaqaviy dasturini joriy etish taklif etildi.

Yakunda Shavkat Mirziyoyev tinchlik va ishonch umumiy farovonlikning asosi ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston adolatli va barqaror jahon tartibotini barpo etishga bundan buyon ham amaliy hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi. Prezident forum ishtirokchilariga sermahsul faoliyat, Turkmaniston xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » O‘zbekiston » Shavkat Mirziyoyev «Tinchlik va ishonch» xalqaro forumida nutq so‘zladi