16:53 / 08.07.2024
103

SHHT ning kengayishi bu tashkilotning amaliy emas, deklarativ xarakterini kuchaytiradimi?

SHHT ning kengayishi bu tashkilotning amaliy emas, deklarativ xarakterini kuchaytiradimi?
Belarusning qo‘shilishi bilan Shanhay Hamkorlik Tashkiloti a’zolari soni 10 taga yetdi. Xo‘sh, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan 24-sammit qanday muhim jihatlar bilan e’tiborni o‘ziga tortadi? “Geosiyosat” mavzuning muhim nuqtalarini siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimov bilan tahlil qildi.

— Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan "SHHT plyus" formatidagi uchrashuv va unda muhokama qilingan mavzular qanchalik dolzarb edi?

Farhod Tolipov
: — SHHT tashkilot maqomini olgandan beri har yili sammit o‘tkazilib, har birida deklaratsiya qabul qilinadi. Shu deklaratsiyalarning matnini ko‘rib chiqqanman. Ularning hajmi o‘zi juda katta, xuddi olamshumul muammolarni hal qilishga kirishgandek. Muhokamalarda kosmosdan tortib iqlim o‘zgarishi, xavfsizlik, terrorizmgacha bor. Umuman, butun dunyoni qiynayotgan muammolarning hammasi kiritilgan. Deklaratsiyalar matni biroz o‘zgarib qaytarilib kelavergan. Ostonadagi sammit qanday yangiliklar bo‘larkan, bilmadim. Lekin menda katta bir narsalarni kutmayapman, chunki muhokama qilinmagan narsalar qolmadi. Faqatgina tarkiban kengayib borish yangilik bo‘lishi mumkin. 10 ta bo‘ldi a’zolar, 5 tadan boshlangan edi. Kuzatuvchilari, muloqot hamkorlari ko‘payayotgan tashkilot sifatida imijini ko‘tarishga urinishayotganga o‘xshayapti.

Kamoliddin Rabbimov: — Sammitda chiqish qilayotgan davlat rahbarlari qaysi masalaga qanday fokusdan yondashdi degan masala muhimroq, menimcha. Ukraina urushiga 2 yildan oshdi. O‘tgan 2 ta sammitda urush endi boshlangandi yoki qizg‘in pallada edi, endi bu urush standartlashdi. Shu fonda Putinning vaziyatga berayotgan bahosi muhim. Putin aytdiki, dunyoda ko‘p qutblilik shakllanyapti,uning parametrlari shakllanib bo‘ldi, shu ko‘p qutblilikni shakllantirishda asosiy 2 ta tashkilot SHHT va BRIKS, dedi. Rossiya nuqtayi nazarida SHHT G‘arbga qarshi bo‘lgan yoki bo‘lishi kerak bo‘lgan tashkilot sifatida ko‘riladi.

Xitoyning diplomatik tili esa murakkab, jumboqlar bilan gapirib, asosiy mohiyatni yashiradi. Xitoy tomoni ham adolatli dunyo haqida gapirdi. SHHT dunyo hamjamiyati tomonidan kollektiv G‘arbga qarshi bo‘lgan maydon sifatida allaqachon shakllanib bo‘lgan. Bu yerda 2 xil davlatlar bor. Birinchisi neytral davlatlar, masalan, Hindiston, u BRIKSda ham, SHHTda ham bor va ayni paytda kollektiv G‘arb bilan munosabati yaxshi. Boshqa bir davlatlar Hindiston kabi neytral, Xitoyning yoki boshqa davlatlarning roliga salbiy qaraydi, jumladan, Pokistonning roliga ham. Ba’zi davlatlar esa SHHT bilan ham, G‘arb bilan ham ijobiy munosabatda, masalan, MO davlatlari SHHT a’zosi bo‘lsa ham, aksilg‘arb kayfiyati parvarishlamaydi, bundan tiyiladi.

Ko‘p qutblilik deganda AQSH va Xitoy G‘arbga qarshilikni tushunsa, MO davlatlariga ko‘p qutblilik RF va XXRni tiyib turish uchun kerak. Har bitta davlat ko‘p qutblilikni o‘z ehtiyojiga qarab har xil talqin qiladi.

Ostona sammitining o‘ziga xos tomonlari ham bo‘ldi. Masalan, Hindiston bosh vaziri Modi kelmadi, o‘rniga tashqi ishlar vaziri keldi. Xitoy va Hindiston munosabatlari chigal, ikki davlat bir-birini opponent sifatida ko‘radi. Pokistonning yangi bosh vaziri ham keldi.

Yana bir jihat. Xitoy rahbaridan boshqa barcha rahbarlarni Qozog‘iston bosh vaziri kutib oldi, Si Jinpingni To‘qayevning o‘zi kutib oldi. SHHT sammitidan tashqari Xitoy va Qozog‘iston muloqoti ham bo‘lyapti, Si Jinping 3 kun Qozog‘istonda bo‘ladi.

— SHHT va BRIKS o‘rtasidagi farqli jihatlarga to‘xtalib o‘tsak.

Farhod Tolipov
: — 2 xil javob berish mumkin. BRIKS global janub, umuman, global bir tashkilot degan maqomga da’vo qilayotgan tashkilotdek taassurot yaratyapti. Uning aksilg‘arb, aksilamerika pozitsiyalari ochiqcha ifoda etilyapti. Dollardan voz kechish, milliy valyutalarda savdo qilish kabi g‘oyalarni ilgari suradi, G‘arbdan g‘azablangan, yangicha tartibot yaratmoqchidek bo‘lib.

SHHTning Samarqand deklaratsiyasida esa tashkilot o‘zagini MO tashkil etadi, degan jumla keltirilgan. 1996 yilda MOga fokuslangan tashkilot bo‘lib tashkil etilganidek, hali ham shu narsa e’tirof etilyapti ekan. BRIKS esa global maydonga da’vogarlik qilyapti.

Qachondir BRIKS va SHHT birlashadigan bo‘lsa, hayron bo‘lmasdim. Yashirin yoki ochiq tarzda aksilamerika, aksilg‘arb pozitsiyalari bor, u yerda birorta demokratik davlat yoki G‘arb a’zosi yo‘q.

— Belarusning tashkilotga qo‘shilishi SHHTni o‘zining dastlabki mintaqaviy missiyasidan uzoqlashtirmaydimi?

Farhod Tolipov
: — SHHT baribir Xitoyga bog‘langan tashkilot ko‘proq. Xitoydan olisda bo‘lgan Belarus qo‘shilyapti, lekin uning yonida bo‘lgan Janubiy Koreya, Yaponiya, Vetnam qo‘shilmaydi. Ular SHHTga qiziqmaydi ham, garchi SHHTdagi terrorizmga qarshi kurash va boshqa masalalar ular uchun ham muhim.

Yuqorida aytganimdek, SHHT va BRIKS birlashsa, hayron bo‘lmayman. Bu Xitoyning "Bir makon – bir yo‘l" kabi global loyihalarining bir ifodasi bo‘lishi mumkin. Belarus qo‘shilishini aytyapmiz, lekin bir-biriga dushman bo‘lgan Hindiston va Pokistonning qo‘shilishi tashkilot ixtisosligini o‘zgartirib yubordi. O‘zbekiston hukumati shubha bilan qaragandi bu ikki davlat qo‘shilishiga. Eron qo‘shilishi esa yanada murakkablashtirdi tashkilot missiyasini. Endi esa Ukraina urushiga aloqador deyiladigan Belarus. Yildan yilga SHHT missiyasi murakkablashib, mavhumlashib boryapti.

Kamoliddin Rabbimov: — SHHT – markazida Xitoy turuvchi tashkilot. Sovet ittifoqi parchalanib 15 davlat paydo bo‘lgach, Xitoy qo‘rqib ketadi. Xitoyda ko‘plab millatlar, turli respublikalar mavjud. Shu sabab Xitoy parchalanishdan qo‘rqib, postsovet hududidagi, avvalo MO davlatlarini o‘ziga jalb qildi. Xitoy separatizmdan qo‘rqadi, uning yuzaga chiqishi esa terrorizm, zo‘ravonlik bilan bo‘ladi. Natijada shu muammolarni birlashtirib, mintaqa davlatlarini shunga yo‘naltirdi. Bu masala yopilgan, Xitoy buni juda yaxshi nazorat qilyapti.

Endigi masala Xitoyning AQSH bilan raqobatida unga muqobil yo‘llar kerak, transport-logistika, savdo-iqtisodiy hamkorlar kerak. Xitoy atrofidagi davlatlarning siyosiy kayfiyatini Xitoy manfaatidan kelib chiqib shakllantirish lozim. Lekin bugun SHHTda ikkita tomon bor: Xitoy va Rossiya, ularning maqsadlari to‘g‘ri kelmayapti. Ukraina urushidan keyin Rossiya G‘arbga qarshi birlashishga chaqiryapti, o‘ziga ishongan imperiya sifatida Xitoyga Rossiyaning provokatsiyalari yoqmayapti. AQSH va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat Rossiya darajasida emas. Bugun Rossiya shoshilyapti G‘arbga qarshi birlashishda.

Rossiya va Xitoydan tashqari, Hindiston va Pokiston ham bor tashkilot ichida. Hindiston Rossiya yoki Xitoy tarafida emas, uning ham o‘z pozitsiyasi bor.

SHHTga bir safar Xitoy a’zo qo‘shsa, bir safar Rossiya qo‘shyapti, ya’ni o‘z hamkorlarini. Masalan, Hindistonni Rossiya, Pokistonni Xitoy olib kirdi tashkilotga, bu bir-birini tiyib turish uchun.

— Hindiston TIV o‘z bayonotida Xitoy bilan o‘z chegaralaridagi muammolarni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga kelishib olgani haqida aytildi. Tashkilot bu borada Pokiston-Hindiston masalasiga ham ijobiy ta’sir qilishi mumkinmi?

Farhod Tolipov
: — Bu ijobiy tendensiyalarga SHHTning ta’siri qanday o‘zi, degan masala bor. Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi bu muammo yillar davomida ko‘tarilib yoki biroz tushib kelgan. Shuning uchun bu narsa baribir Xitoy va Hindiston tomonlarining o‘zining siyosiy irodasiga, vaziyat taqozosiga borib taqaladi. SHHTning bu yerda qiladigan ishi yo‘q edi, soddaroq aytganda.

Pokiston va Hindiston o‘rtasida qanchadan qancha vositachiliklar, muzokaralar bo‘lmagan. 60-yillarda O‘zbekiston ham qo‘shilgandi bu vositachilikka. Shu sabab SHHT bu masalaga qanchalik hissa qo‘sha oladi degan savol ochiq. Tinchlik bo‘lishi nuqtayi nazaridan, albatta, hissa qo‘shishini istaymiz. Ammo bunday tendensiyalar SHHT doirasida kuzatilmayapti. Qanchalik bayonot berishmasin, bu narsa piarga o‘xshab ko‘rinadi platformadan foydalanib.

Bir necha yil oldin Qozog‘iston prezidenti To‘qayev SHHT haqida tanqidiy fikr bildirgan. Tashkilot doirasida qaysi loyiha amalga oshdi o‘zi, loyihalar faqat ikki tomonlama bo‘lyapti, degan ma’noda gapirgandi. Tahlilchilar emas, aynan prezidentning o‘zi shunday gapirdi buni.

Tashkilot Shanhay ruhiyati degan narsani namoyish etish, birodar xalqlar, tarixan bog‘liq davlatlar degan narsani ifoda etish uchun bo‘layotgandek. Bu ham yaxshi, yomon emas. Lekin amalda loyihalar shaklida, iqtisodiy loyihalar ikki tomonlama bo‘lyapti rostdan, SHHT doirasida emas.

— O‘zbekiston prezidentining “SHHT–Afg‘oniston” muloqot guruhi faoliyatini qayta tiklash haqidagi taklifiga ham to‘xtalib o‘tsak.

Farhod Tolipov
: — Bir vaqtlar tashkilot doirasida Afg‘oniston bilan muloqot guruhi tuzilgan. Lekin bu muloqot guruhi haqida hech kim hech narsa demagan, qanday muzokara bo‘layotganini bilmadik. Orada boshqa platformalar ham bo‘ldi Afg‘oniston masalasida, ikkala prezidentimiz ham BMT doirasida ko‘p gapirdi bu masalani. Lekin hali birorta platformada Afg‘oniston masalasi hal bo‘lgani yo‘q. Shuning uchun SHHTdagi muloqot guruhi tiklansa ham, uning qanchalik samarali bo‘lishi savol ostida.

Agar SHHT deklaratsiyalariga qarasak, Afg‘oniston haqida umumiy fikrlar aytiladi. Umumiy pozitsiya yo‘q tashkilot doirasida bu bo‘yicha. SHHTni qo‘yaylik, MOda yagona pozitsiya yo‘q, masalan, Tojikiston va O‘zbekiston pozitsiyalari bir xil emas. Pozitsiyalar har xil bo‘lib yotgan ekan, muloqot guruhi nima qiladi? Yakdillik yo‘q-da.

Kamoliddin Rabbimov: — Rossiya tomoni «Tolibon» BMTning terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqqani yo‘q, shu sabab SHHTga qabul qilolmaymiz, dedi. O‘zbekiston tomoni tashabbusi bilan Afg‘oniston bo‘yicha muloqot guruhi tuzilsa, bundan 2 xulosa kelib chiqmaydimi, ya’ni biz «Tolibon»ni SHHTga qabul qilishga tayyor emasmiz, SHHTdagi ba’zi davlatlar bunga yashirincha veto qo‘yishi mumkin yoki umumiy vaziyatdan kelib chiqib qabul qilolmaymiz, shuning uchun bu bo‘yicha alohida ishlaydigan muloqot platformasi yaratyapmiz, degan.

Farhod Tolipov: — Aslida, shunday bo‘lib ham kelyapti. Davlatlarning hozirgi pozitsiyalari davom etaveradi muloqot guruhida ham, deb taxmin qilish mumkin. Oldingi muloqot guruhida salohiyat bo‘lganda o‘shani ishga solmas edimi o‘sha vaqtdayoq. Har holda, muloqot guruhi bo‘yicha shunday mavhumlik saqlanib qolyapti.

Afg‘oniston bo‘yicha shaxsiy kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytishim mumkinki, Afg‘oniston masalasi yechimi juda chuqur. Yechim faqat afg‘onlarga, mintaqa davlatlariga bog‘liq emas. Masala BMT, AQSH ishtirokisiz hal bo‘lmasa kerak, deb o‘ylayman. Umuman, bu muammo keng, Turkiya, YEI kabilarning ham hissasi bo‘lishi kerak.

Ukraina urushiga SHHTga a’zo ikkita davlat, ya’ni Rossiya va Belarus bevosita aloqador. Urush boshlangandan beri 3 marta SHHT sammiti bo‘ldi, shulardan birortasining deklaratsiyasida bu masala zikr etilmagan. To‘g‘ri, Xitoy tomonidan pozitsiyalar bildirilgan, lekin umumiy tashkilot bo‘yicha pozitsiya bo‘lmagan. Yaqin Sharqdagi holat bo‘yicha ham biror bir jiddiy yechim, takliflar berilgani yo‘q. Bu sammitda ayrim fikrlar bo‘lyapti, shu orqali ham SHHT o‘zining aksilamerika, aksilg‘arb tashkilot ekanini yana bir namoyon qildi bilvosita bo‘lsa ham, ya’ni G‘azodagi jinoyatlarni aytish fonida. AQSHga nisbatan tanqidiy fikrlar bildirilgandek bo‘ldi. Lekin baribir bu gaplar umumiy, yaxlit pozitsiya bildirish, yechimlar ko‘rganimiz yo‘q.

Kamoliddin Rabbimov: — Ikki strandartlilik bor, demoqchisiz, menimcha. Rossiya SHHT a’zosi bo‘lgani uchun Ukraina masalasiga tegilmayapti, lekin Yaqin Sharqdagi inqirozning aybdori sifatida AQSHga tosh otish uchun bu imkoniyatdan foydalanilyapti.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » SHHT ning kengayishi bu tashkilotning amaliy emas, deklarativ xarakterini kuchaytiradimi?
ePN